Bolaning boʼyi oʼsishi oʼz tengqurlarinikiga nisbatan sekinlashayotgan hollarda hech bir dori vositalarisiz uy sharoitida unga yordam berish ham mumkin. Xoʼsh, buning uchun nima qilish zarur?
Birinchi oʼrinda – toʼgʼri ovqatlanish. Bola organizmi meʼyorda oʼsib rivojlanishida unga uzun naysimon suyaklar, mushaklar, tishlar, teri, toʼqimalar va boshqa zaruriy aʼzolar uchun “qurilish xomashyosi” hisoblanuvchi aminokislotalar yetarlicha kerak boʼladi. Zarur aminokislotalarni faqat toʼlaqonli oqsildan olish mumkin. Shu sababli, bola isteʼmol qilayotgan oqsilli ovqatning 60 foizini sut mahsulotlari, tuxum, baliq, parranda goʼshti, goʼsht, xullas hayvon mahsulotlari tashkil etishi lozim. Ushbu mahsulotlar oʼta yogʼli boʼlmasligiga eʼtibor qarating, chunki ortiqcha yogʼ oʼsish gormoni ishlab chiqarilishini sekinlashtiradi.
Fastfud, yarimfabrikatlar, sosiska va kolbasalarni isteʼmol qilish bola organizmiga unchalik foyda keltirmaydi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni cheklangan miqdorda yeyish lozim.
Oʼsimlik mahsulotlari. Umumiy ovqat ratsionining 40 foizini oʼsimlik mahsulotlari tashkil etishi kerak. Bunda boshoqlilarga eʼtibor qaratish lozim. Dukkakli mahsulotlar ham zarur, lekin ular koʼpincha hazm bilan bogʼliq muammolarni keltirib chiqaradi.
Shirinliklar oʼrnida – meva va sabzavotlar. Tarkibida kletchatkasi yoʼq shirinliklar oʼsish gormoni ishlab chiqarilishini sekinlashtiradi. Shu sababli, bola organizmi uchun konfetlardan koʼra yetilib pishgan meva-sabzavotlarni yeyish foydaliroq. Maydalanmagan boshoqlar (grechixa, tariq, suli va boshqalar) kerakli miqdordagi oʼsish gormoni (STG)ni ishlab chiqarilishini ragʼbatlantiradi.
Vitaminlar, mineral moddalar. Oʼsish uchun birinchi navbatda bolaga D vitamini zarur. Shifokorlar bu vitaminni hamma bolalarga profilaktik miqdorda (sutkasiga 10 mikrogrammdan) berish lozim deya taʼkidlashadi. Chunki D vitamini yetishmaganda raxit kasalligi kelib chiqadi.
Kalьtsiy va yod. Kalьtsiy suyaklarning hajmi hamda mustahkamligini oshiradi. Yod esa qalqonsimon bez gormonlari tarkibiga kiradi. Organizmda yod yetishmaganda qalqonsimon bez gormonlari tanqisligi seziladi. Shu sababli, 6-10 yoshdagi bolalar sutkasiga 800-1200 milligramm kalьtsiy va 150 mikrogramm yod qabul qilishlari lozim. Oʼsmirlarga esa kuniga 1200-1500 milligramm kalьtsiy va 200 mikrogramm yod kerak. Kalьtsiy sut mahsulotlari, ayniqsa tvorogda koʼp boʼladi. Lekin boʼyi yaxshi oʼsmayotgan bola kalьtsiyga boy taomlar (masalan tvorog) isteʼmol qilish barobarida kalьtsiy preparatlarini ham qabul qilgani maʼqul.
Yodni kerakli miqdorda olish uchun yodlangan osh tuzidan foydalanishning oʼzi kamlik qiladi. Qoʼshimcha ravishda yod preparatlarini qabul qilish lozim. Аna shundagina bola organizm kerakli miqdordagi yodni toʼlaqonli qabul qilib oladi.
Uyqu. Oʼsish gormonining 70 foizi soat kechki 10 dan to yarim tun, yaʼni 12 gacha boʼlgan vaqt oraligʼida va faqat chuqur uyqu vaqtida ishlab chiqariladi. Bu vaqtda bolalar ham, oʼsmirlar ham qattiq uyquga ketgan boʼlishlari lozim. Kechqurunlari smartfon, planshet va kompьyuterlar ekraniga tikilib oʼtirish uyqu “chuqurligi” ni kamaytiradi. Natijada STG gormoni moʼljaldagidan kamroq ishlab chiqariladi. 12-14 yoshgacha boʼlgan bolalarning tungi uyqusi 10 soatdan, oʼsmirlarniki 8 soatdan kam boʼlmasligi lozim.
Sport. Bolaga yoqadigan va uni zoʼriqtirmaydigan har qanday jismoniy faollik oʼsishga ijobiy taʼsir etadi. Odatda, sakrash hamda tepaga va oldinga choʼzilish harakatlariga boy sport turlari (basketbol, voleybol, suzish, badminton, balandlikka va uzunlikka sakrash) boʼy oʼsishini ragʼbatlantiradi deb hisoblanadi.
Oila muhiti. Bola sogʼlom oʼsishi va rivojlanishida moddiy omillardan tashqari, oiladagi sogʼlom muhit ham muhim oʼrin tutadi. Chunki, muammolari koʼp oilada odatda bola bilan hech kimning ishi boʼlmaydi, uning nima yeb, nima ichayotganiga hech kim qiziqmaydi. Muammolarini yechishda ham bola kimdan yordam soʼrashni bilmaydi.
Oʼsish dasturi har bir odam uchun individual boʼlib, oʼz xususiyatlarga ega. Yigitlar 18-22 yoshgacha, qizlar 15-19 yoshgacha oʼsadilar. 25 yoshdan soʼng baʼzi erkaklarning boʼyi yana 2 santimetrgacha uzayishi mumkin. Umuman boʼyning yosh katta boʼlib qolganidan soʼng oʼsishi koʼproq jinsiy yetilishi kechikayotganlar uchun xos.