Bolaning immuniteti past boʼlsa

Yosh bolalarda immun tizimi ishining izdan chiqqanini quyidagi holatlar orqali bilib olish mumkin:

Yil davomida kichkintoy gripp, bronxit va oʼtkir respirator xastaliklarga 5 marotaba, baʼzan undan ham koʼp chalinsa.

Bolada kamqonlik aniqlangan boʼlsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi immun tizimi faoliyatini susaytiradi).

Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda xastalanish kunlarining choʼzilishi.

Koʼz atrofining koʼkarishi, holsizlanish, kamquvvatlilik.

Gijja kasalligi va allergiyaga chalinsa (shuningdek, disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda ham immunitet pastligi kuzatiladi).


Unutmangki, muammoni vaqtida bartaraf etish bola salomatligining tezroq tiklanishida yordam beradi. Аvvalo bolani pediatr koʼrigidan oʼtkazish lozim. Uning umumiy ahvolidan kelib chiqib, maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Qon tarkibidagi turli infektsiya qoʼzgʼatuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. (Immun tizimini izdan chiqaruvchi zararli viruslarni qon tahlili orqali aniqlasa boʼladi.)

Maslahat shuki, bola taomnomasini quvvatli sifatli mahsulotlar bilan boyiting, uni ochiq havoda tez-tez sayr qildiring. Uch yoshdan oshgan bolalarni suv havzalarida choʼmiltirib, badanini oftobda toblang, maxsus badantarbiya mashqlari bilan chiniqtiring. Fiziodavolash usullarini qoʼllab, umumiy uqalash mashqlarini (mutaxassis shifokor bilan maslahatlashib) qoʼllang.

Tabiiy usullar yordamida sogʼlomlashtirish bola organizmiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Yiliga bir marta yoz kunlari bolani togʼ yon-bagʼirlariga olib borib, toza havoda koʼproq dam oldirish uning sogʼligi uchun foydali. Ikki yoshgacha boʼlgan bolalarga havo vannasini qoʼllash mumkin. Dastlab chaqaloq 1-2 daqiqa kiyimlari yechilgan holda ochiq yotqizib qoʼyiladi. Havo harorati 18-20 darajadan past boʼlmasligi lozim. Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqadan koʼpaytirib boriladi. Uni qoʼllashdan oldin bolaning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Havo vannasining afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi.

Bolalarning immuniteti mustahkam boʼlishida tabiiy noz-neʼmatlarning ham ahamiyati beqiyos. Bu haqda bilib qoʼysangiz zarar qilmaydi. Masalan sarimsoq shamollashning oldini oladi, apelьsin tarkibida S vitamini moʼl, limon va asalli choy shamollashni davolaydi, asal esa immunitetni koʼtarib, qonni tozalaydi. Shuningdek qizil sabzi koʼrish quvvatini oshiradi, sholgʼom shamollashni bartaraf etadi, qizil lavlagi qon koʼpaytirish xususiyatiga ega. Аnor organizmni toksinlardan tozalasa, olma ishtahani ochadi. Sut mahsulotlari tarkibidagi lakto va bifido bakteriyalar organizmdagi foydali bakteriyalarni faol holatga keltiradi va immun tizimini mustahkamlaydi.

Rayhon MUDАRISOVА, pediatr, pedagog.