Bir yoshgacha boʼlgan chaqaloqlarning uyqu sifati buzilishiga quyidagi omillar sabab boʼlishi mumkin.
Notoʼgʼri ovqatlantirish. Bola “talabga qarab” ovqatlantirilishi kerak. Chunki bola tez-tez ochiqishi va ochligidan uxlay olmasligi mumkin. “Talabga qarab” ovqatlantirilgan sakkiz yoshli bolalarning aqliy rivojlanishi va maktabda darslarni oʼzlashtirishi yaxshiroq ekanligi aniqlangan. Baʼzi bolalar qorongʼidan qoʼrqqanlaridan uxlay olmaydi, baʼzilari onasini qoʼyib yuborgisi kelmaydi.
Burundan nafas olishning buzilishi. Burundan ajraladigan ajralmalar, quruq havo, shuningdek turli kasalliklar (kattalashgan ayrisimon bez, bronxospazmga olib keladigan reflyuks, burun-halqumning infektsion va allergik kasalliklari), tanglayning rivojlanmay qolishi singari holatlar chaqaloqning burundan erkin nafas olishiga halaqit beradi. Yangi tugʼilgan chaqaloqlar ulgʼaygani sayin burun yoʼllari kengaya boradi. Bordiyu ulardagi tugʼma nuqsonlar (burun yoʼllarining tugʼma torligi) uyqu buzilishlariga olib kelsa goʼdaklarda jarrohlik amaliyotini oʼtkazish zarur boʼladi.
D3 vitamini tanqisligi. Bola hech bir asoratlarsiz dunyoga kelib, ishtahasi doimo yaxshi boʼlsayu 2-3 oy mobaynida, ayniqsa qishda yaxshi uxlamasa D3 vitamini yetishmovchiligi roʼy bergani ehtimoldan holi emas. Bu vitamin yetishmaganda oyoq tagi va kaft nam boʼlib turadi. D3 tanqisligi koʼproq 6 oylikkacha boʼlgan bolalarda kuzatiladi. Organizmda D3 vitamini ishlab chiqarilishi uchun quyosh nurlari kerak. Shu sababli, havo yaxshi boʼlganda goʼdakni sayrga olib chiqib turish lozim.
Laktoza yetishmovchiligi. Koʼkrak suti tarkibidagi laktoza temir va kalьtsiy soʼrilishini taʼminlaydi, foydali ichak mikroflorasi hosil boʼlishini ragʼbatlantiradi. Lekin baʼzi goʼdaklar organizmida sut qandi toʼliq parchalanmasligi oqibatida ichak sanchiqlari, sutni qayt qilib tashlash va qorin dam boʼlishi kuzatiladi. Bu noqulayliklar esa oʼz navbatida uyqu sifatiga salbiy taʼsirini oʼtkazmay qolmaydi.
Moro refleksi. Bu harakat refleksidir, yaʼni shovqin boʼlganda, holat tez oʼzgartirilganda bola qoʼli va oyoqlarini yoyib, soʼng yana asli holatiga qaytaradi. Аgar bola uxlayotganda birdaniga qoʼllarini yoyib yuborsa uygʼonib ketishi mumkin. Bu muammoni “uya” shaklidagi maxsus yostiq bilan yengish mumkin. Bunday yostiqda uxlaganda bola oʼzini yaxshi his etadi, yostiqning yumshoq chetlari esa bolaning qoʼli yoyilishiga yoʼl qoʼymaydi. Аgar bola bexos shovqindan seskansa, uyquga ketayotgan va uyqudan uygʼonayotgan vaqt choʼchisa, bu tabiiy holat hisoblanadi. Biroq bola yarim tunda seskana boshlasa, bu holat 2-3 yoki ketma-ket 5-6 marta takrorlansa, nevropatolog maslahati kerak boʼladi. Аgar Moro refleksi 5 oydan soʼng ham kuzatilsa, bolani nevrologga koʼrsatish zarur. Bola asab tizimi xaddan tashqari qoʼzgʼaluvchan boʼlishi mumkin.
Posttonik refleksi. Odatda chaqaloq olti oylikdan boshlab oʼtiradi, turishga intiladi. Baʼzida oʼtirish va turish istagi kuchliligidan chaqaloq uxlayotganida ham uning bosh miyasida oʼtirish yoki turishga undovchi “signal” yuzaga kelishi mumkin. Natijada bola uxlagan koʼyi oʼtirishi yoki tik turishi va uygʼonib ketishi mumkin. Bunday vaqtda bolani tinchlantirib joyiga yotqizish kerak.
Suyuqlik ichish tartibining buzilishi. 6 oydan oshgan bolalar 6 soatgacha ovqat va suyuqliksiz oʼzlarini yaxshi his etadilar. Shu sababli ularni kechasi ovqatlantirmaslik va suyuqlik bermaslik lozim. Аks holda, bolaning oshqozon-ichak yoʼli va buyraklari dam olmaydi, bu esa uyqu sifatiga taʼsir qiladi, bola tiniqib uxlamaydi.
Barcha somatik kasalliklar. Teridagi oʼzgarishlar, dermatit, qorindagi ogʼriqlar, oʼtkir respirator virusli infektsiyalar (OʼRVI), oʼtkir respirator kasalliklar (OʼRK) va boshqa asab tizimiga aloqador boʼlmagan kasalliklar ham uyquning buzilishiga sabab boʼlishi mumkin.
1 yoshdan 3 yoshgacha boʼlgan bolalarda uyqu buzilishining boshqa sabablari ham bor. Masalan:
Harakat tartibining oʼzgarishi. Bir yoshdan oshgan bolalar ancha serharakat boʼlib qoladilar. Аgar kunduzi bolaning harakatlarini cheklasangiz, kechqurun u shoʼxlik qilib, uxlamaydi. Shuning uchun bolani uxlatishdan avval koʼchada koʼproq sayr qilish lozim. Bunda bolani aravachada emas, piyoda sayr qildiring. Tungi uyqudan 1,5 soat oldin barcha zoʼriqtiruvchi oʼyinlarni toʼxtating. Bolani xotirjam, tinch oʼyinlar bilan chalgʼitishga harakat qiling.
Gijja invaziyalari. Gelьmintlar koʼpincha 2,5 yoshdagi bolalarda uchraydi. Bu yoshda ular qoʼllariga tushgan narsani ogʼizlariga solib yalaydilar. Kechasi gijjalar orqani qichishtirib, bolani bezovta kiladi.
Kunduzi uxlamaslik. Bola kunduzi 45 daqiqadan kam uxlasa, uni kunduzi ikki mahal emas, bir mahal uxlatish kerak.
Bruksizm. Uyquda tishni gʼijirlatish bolalarning 15-32 %da uchraydi. Аsab buzilishi, chaynov mushaklarining haddan tashqari zoʼriqishi, parodontopatiya, ogʼiz boʼshligʼining quruqshashi, intoksikatsiyalar, xususan gijjalar bunga sabab boʼlishi mumkin
Krampi sindromi. Boldir mushaklarining kuchli qisqarishi oqibatida ogʼriq paydo boʼladi, bu esa uyqu buzilishiga olib keladi. Mushakni ushlab koʼrganda u taranglashgan va ogʼriqli boʼladi.
Vahimali tushlar. Joyning oʼzgarishi, turli kasalliklar, kuchli kechinmalar (qurquv, gʼazab, xursandchilik) yoki yomon tushlar koʼrish oqibatida bola uyqusidan qattiq qoʼrqib uygʼonadi.
Xoʼsh, ota-onalar nimalarga eʼtibor berishlari kerak?
bolaning umumiy uyqu vaqti keskin kamayganda;
bola uzok vakt uxlay olmasligi;
bir xil harakatlar, masalan u yoqdan bu yoqqa tebranish, koʼrpani oʼgirish tez-tez takrorlansa;
tunda baqirish va yigʼlash, bolaning uygʼonganida ota-onasini tanimasligi, oʼziga yaqinlashtirmasligi, tinchlantirishning iloji yoʼqligida;
talvasa (tirishish) va tunda siyib kuyish kabi holatlar kuzatilganda.
Yuqoridagi holatlar roʼy berganda bolani mutaxassis shifokor koʼrigiga olib borish zarur. Shuningdek uyda goʼdakni uxlatishga harakat qilib koʼring. Masalan, quyidagi usullar bunga yordam beradi:
goʼdak bilan bir vaqtda uyquga yoting;
bola doimo oʼz oʼrnida uxlasin;
chaqaloq uyqusini keltirish uchun beshigini tebratib alla ayting;
bola uxlaydigan xonada osoyishtalikni taʼminlang.
Baʼzi onalar bola uxlamaganda unga tinchlantiruvchi dorilar berishadi. Bu notoʼgʼri, chunki dori tabiiy uyquni keltirmaydi, aksincha uyqu bosqichlari ketma-ketligini buzadi. Koʼpincha uyqu dorining taʼsiri ertasiga ham davom etadi, bola uyqusiraydi, boʼshashadi. Shuningdek, muntazam dori ichib uxlaganda bola organizmi unga oʼrganib qoladi.
Shoanvar ShOMАNSUROV,
Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining