Nima uchun bosh miyada bosim oshib ketadi? Bunday holat kelib chiqishiga ko‘plab faktorlar bor, lekin eng ko‘p uchraydigan sabab orqa miya suyuqligining bosh miya kanallaridan oqib chiqishining buzilishi bo‘ladi.
Avvalo, bosh miya ichki bosimi nima ekanligini bilib olamiz. Kalla chanog‘i ichida faqatgina nerv hujayralari bo‘lmay, balki umumiy kalla chanog‘I a’zolarining 1/10 qismini tashkil qiluvchi orqa miya suyuqligi ham bo‘ladi, uni – likvor (liquor) deb atashadi. Bu suyuqlik, asosan, bosh miyaning qorinchalarida ya’ni markazidagi bo‘shliqda joylashadi, u miyaning yumshoq va to‘rsimon pardalari orasida ham aylanib yuradi. Bundan tashqari likvor orqa miya kanalida ham bo‘ladi.
Likvorning vazifasi turli xil. U miya yumshoq to‘qimalarini himoya qiladi, suv tuz almashinuvini ta’minlaydi, miyadan zaharli va zararli moddalarni olib chiqib tozalab turadi. Eng asosiysi – likvor bosh miya ichki bosimini hosil qiladi. Likvorning 2/3 qismi miya qorinchalarining o‘zida hosil bo‘lsa, qolgani qon orqali keladi. Likvor bir hafta davomida to‘liq yangilanib turadi.
Bosh miya ichki bosimi odatda simob ustuni millimetrlarida yoki suv ustuni millimetrlarida o‘lchanadi. Katta odam uchun norma 3-15 mm sim.ust. Fizik jihatdan bu ko‘rsatkich atmosfera bosimidan likvor bosimining necha millimeter balandligini ko‘rsatib beradi. Bolalarda bosim kattalarga nisbatan pastroq bo‘ladi. Agar mana shu bosim normaddan yuqori bo‘lsa, bosh miya ichki bosimi ortishidan dalolat beradi. Bosh miya ichki bosimining 30 mm.sim.ust. dan oshishi qaytmas jarayonlarga olib kelib, hatto o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin. Bosh miya ichki bosimini qanday qilib o‘lchasa bo‘ladi, axir bu arterial bosim kabi o‘lchanilmaydiku? Bosh miya ichki bosimini o‘lchash uchun maxsus instrumental tekshiruv o‘tkazish kerak bo‘ladi, bu esa faqatgina statsionar sharoitda o‘tkaziladi.
Bosh miya ichki bosimining oshishi belgilari (Cherepnoy davleniya belgilari )
Bosh miya ichki bosimi oshganda quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
Bosh og‘rishi;
Ko‘rishdagi kamchiliklar;
Bosh aylanishi;
Xotiraning sustayishi;
Uyquchanlik;
Arterial bosimning nostabilligi (gipertenziya, gipotenziya);
Ko‘ngil aynashi, qayt qilish;
Tez charchash;
Ko‘p terlash;
Qaltirash;
Qo‘zg‘aluvchanlik;
Depressiya;
Kayfiyatning yomonlashuvi;
Teri sezuvchanligining oshishi;
Umurtqa sohasida og‘riqlar;
Nafas olishning buzilishi;
Xansirash;
Mushaklar falaji;
Agar yuqoridagi simptomlar vaqti vaqti bilan kuzatilib tursa, bu faqatgina bosh miya ichki bosimining ortishidan dalolat bermaydi, boshqa kasalliklarda ham shu belgilar kuzatilishi mumkin.
Bu kasallikda eng ko‘p uchraydigan belgi bosh og‘rig‘idir. Migrendan farqli ravishda bosh miya ichki bosimi oshganda og‘riq butun boshni qamrab oladi va bir taraflama bo‘lmaydi. Og‘riq odatda tongda yoki kechki paytda paydo bo‘ladi, aksa urganda, boshni harakatlantirganda, yo‘talganda og‘riq kuchayadi. Analgetiklar qabul qilish og‘riqni qoldirmaydi.
Belgilardan biri ko‘ruv tomonidan kamchiliklar – tasvirning ikkilanishi, xiraligi, periferik ko‘ruvning sustayishi, ko‘z atrofida tuman bo‘lishi, yorug‘likka bo‘lgan sezgining kamayishi. Bunday patologik holatlar bosh miya ichki bosimining oshishi natijasida ko‘ruv nervining siqilishidan kelib chiqadi. Bundan tashqari ko‘z olmasining formasi ham o‘zgarishi mumkin, ko‘z olmasi shu darajada bo‘rtib chiqadiki hatto bemor qovoqlari bilan ko‘zlarini yopa olmay qoladi, qovoqlar rangi ko‘karib ketadi.
Ko‘ngil aynashi va qusish ham bosh miya ichki bosimining oshishida ko‘p uchraydi. Bemor qusgandan keyin yengillik sezmaydi.
Bosh miya ichki bosimi sog‘lom odamlarda ham qisqa muddatga 2-3 marta oshib turish holatlari ham kuzatiladi. Masalan yo‘tal, aksa urish, jismoniy zo‘riqishlarda, egilganda, stress va boshqalar. Ammo bosh miya ichki bosimi darhol normaga qaytadi, agar bunday holat bo‘lmasa demak bosh miya ichki bosimining surunkali oshishi kuzatilayotgan bo‘ladi.
Bosh miya ichki bosimi oshishining bolalardagi belgilari
Bolalarda bu kasallik qanday paydo bo‘ladi ? Ayniqsa go‘daklik davridagi bolalar o‘zida bo‘ladigan o‘zgarishlarni ayta olishmaydi. Shuning uchun ba’zi simptomlarga asoslanib diagnoz qo‘yiladi:
Holsizlik;
Ko‘p yig‘lash;
Uyquning buzilishi;
Qayt qilish;
Sudoroglar bo‘lishi;
Ko‘zning nomutanosib harakati;
Liqildoqlarning shishganligi va pulsatsiyaliligi;
Bosh hajmining kattalashishi (gidrosefaliya);
Mushaklarning nomutanosib tonusi – ayrim guruh mushaklar qisqargan, ayrim mushaklar bo‘shashgan;
Qon tomirlarning bosh terisi ostidan bo‘rtib turishi.
Diqqat! Burundan qon ketishi, hiqichoq tutishi, uyqudagi bezovtaliklar, qo‘zg‘aluvchanlikning ortishi bosh miya ichki bosimining oshishidan dalolat bermaydi.
Bosh miya ichki bosimi oshishini aniqlash
Bosh miya ichki bosimini to‘gridanto‘g‘ri o‘lchash qiyin, buning uchun malakali mutahassis, steril xona va juda ehtiyotkorlik talab etiladi. Bunda to‘g‘ridan-to‘gri qorinchalararo suyuqlikni punksiya qilinadi.
Bundan tashqari, umurtqa pog‘onasi orqali orqa miyadan likvorning bosimini, uning tarkibini ham o‘rgansa bo‘ladi. Bu tekshiruv usuli infeksiya tomonidan kelib chiqqan patologiyalarga gumon qilinganda o‘tkaziladi.
Eng ko‘p tarqalgan xavfsiz tekshiruv usullariga quyidagilar kiradi:
UTT (UZI);
MRT;
Kompyuter tomografiyasi (KT);
Bu tekshiruvlar miyadagi va uni o‘rab turgan to‘qimalardagi o‘zgarishlarni bosh miya ichki bosimi oshishiga sabab bo‘luvchi o‘zgarishlarni ko‘rsatib beradi. Bu o‘zgarishlarga quyidagilar kiradi:
Miya qorinchalarining kengayishi yoki torayishi;
Shishlar;
Pardalar orasidagi bo‘shliqlarning kengayishi;
Qon quyilishlar yoki o‘smalar;
Miya strukturalarining aralashishi;
Samarali tekshiruv natijalaridan yana biri ensefalografiyadir. Bu miyaning turli soxalaridagi hujayralar faolligini aniqlab beradi. Dopler UTT tekshiruvi miya qon tomirlaridagi o‘zgarishlarni aniqlab, bosh miya ichki bosimi oshishiga sabab bo‘layotgan patologiyani (tromb, embol tiqilishlari) ham aniqlab beradi.
Yana bir ma’lumot beruvchi tekshiruv usuli ko‘z tubini tekshirishdir. Bu bilan bosh miya ichki bosimi oshishini bilib olish mumkin. Ko‘z olmasining kengayishi, ko‘ruv nervining to‘r pardaga o‘tish joyi shishi va mayda qon tomirlar yorilishini ko‘rishimiz mumkin.
Bosh miya ichki bosimi oshishining sabablari (Cherepnoy davleniya sabablari )
Kattalarda bosh miya ichki bosimi oshishiga sabab nima? Gap shundaki, bosh miya ichki bosimi oshishi bu ikkilamchi ya’ni biror-bir kasallik asoratida kelib chiqadi, uning o‘zi alohida kasallik emas. Unga quyidagi faktorlar sabab bo‘ladi:
Bosh chanog‘i va bosh miya travmalari;
Bosh miya pardalarining yallig‘lanishli kasalliklari (ensefalit, meningit);
Semizlik;
Gipertoniya;
Giperterioz;
Buyrak usti bezi kasalliklari;
Ensefalopatiya bilan kechuvchi jigar kasalliklari;
Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi;
Bosh miyada kista, absess, gelmentozlar;
Insult.
Infeksion kasalliklar natijasida bosh miya ichki bosimi oshishi:
Otit;
Bronxit;
Mastoidit;
Malyariya.
Dori preparatlarini qabul qilganda:
Kortekosteroidlar;
Antibiotiklar (biseptol va tetratsiklin);
Gormonal kontraseptik vositalar.
Bosh miya ichki bosimini oshiruvchi ushbu faktorlar likvor hosil bo‘lishini kuchaytiradi, uning sirkulyatsiyasini buzishi, uning so‘rilishini kamaytirishi mumkin.
Irsiy moyillik ham bu kasallik kelib chiqishiga sababchi bo‘ladi. Go‘dak yoshdagi bolalarda tug‘ilishdagi travmalar, homiladorlik paytidagi gipoksiya, toksikoz va chala tug‘ilganlik ushbu kasallik kelib chiqishiga moyillikni oshiradi. Homilaga kislorodning yetishmasligidan organizmda kompensator mexanizm ishlab likvor ko‘p ishlab chiqarilishiga sabab bo‘lib, bu esa gidrosefaliyaga olib keladi.
Bosh miya ichki bosimi oshishi asorati
Surunkali bosh miya ichki bosimining oshishi jiddiy asoratlarga olib keladi, hatto nogironlikka ham.
Ularga quyidagilar kiradi:
Insult;
Miyachaning shikastlanishi natijasida harakatlanishdagi diskoordinatsiyalar;
Reflekslarning sustlashishi, miya ustuni ezilishi hisobiga aritmalar paydo bo‘lishi;
Falajlar;
Gapirishdagi kamchiliklar;
Psixik o‘zgarishlar;
Ko‘rlik;
Epilepsiyalar.
Ba’zi hollarda kasallik o‘lim bilan ham tugashi mumkin.
Bosh miya ichki bosimi oshganda o‘z-o‘zidan, davo choralari ko‘rilmaganda ham normal holatga qaytishi ko‘p kuzatiladi – bunday holat yaxshi prognozli kasallik deyiladi. Yaxshi prognozli bosh miya ichki bosimi oshishi ko‘pincha yosh ayollarda ortiqcha vazn hisobiga kelib chiqadi. Shuning uchun ham yuqoridagi belgilar sizda kuzatilsa, “menda yaxshi prognozli kasallik” demasdan shifokor bilan maslahatlashing.
Bosh miya ichki bosimi oshishini davolash ( Cherepnoy davleniyani davolash )