GЕPATIT C: u jigar sirroziga aylanishi ham mumkin

Virusli gepatitlarning A, B, C, D va E turlari ko‘proq uchraydi. A va E turdagi gepatitlar enteral (oshqozon-ichak) yo‘l bilan, ya’ni kasallik viruslari og‘iz orqali ichak yo‘llariga tushganda yuqadi. B, C hamda D turlari esa parenteral, ya’ni qon orqali bemordan sog‘lom odamga o‘tadi. Bunda kasallik jarohatlangan teri, shilliq qavatlar orqali, tibbiy (stomatologik, ginekologik, jarrohlik) muolajalar o‘tkazilayotganda, shuningdek, jinsiy aloqa paytida yuqishi mumkin. Tajribalarga ko‘ra, gepatit C bemor qonini quyish paytida foydalanilgan shpris va boshqa tibbiy anjomlar qayta ishlatilganda boshqalarga o‘tadi. Kasallik jinsiy yo‘l bilan ham yuqadi. Sperma (urug‘) tushgach, virus xuddi shu yerda qonga o‘tadi va bemor qoni orqali boshqalarga yuqadi. C turdagi gepatit 50 foizdan ko‘p hollarda surunkali tusga kiradi.


Gepatit C ning surunkali turi vaqt o‘tishi bilan (hatto, bir necha yildan keyin ham) qaytalab turadi. Agar muolajalar jiddiy tartibda oxiriga yetkazilmasa, bemorda jigar sirrozi rivojlana boshlaydi.

Yashirin davri va alomatlari: C turdagi o‘tkir gepatitning yashirin davri 180 kundan to bir yilgacha davom etadi. Boshlang‘ich davri asta-sekin rivojlanib, bemorning ko‘ngli ayniydi, qayt qiladi, darmonsizlanadi, hech bir sababsiz kayfiyati buziladi, tez-tez charchab qoladi va terisi qichishadi. Shuningdek, bemor oyoq-qo‘llarining yirik bo‘g‘imlari qaqshab og‘riydi. Keyin esa sarg‘ayish davri boshlanadi. Sariqlikning kuchayishi davomida (ya’ni ikki-uch hafta ichida) yuqoridagi alomatlar ko‘payib, bemorning ahvoli og‘irlashadi. Bunday vaqtda bemor kasalxonada davolanmasa, xastalik surunkali turga o‘tib, og‘ir asoratlar kelib chiqadi. Yuqorida ko‘rsatilgan alomatlar yuz berganda, darhol shifokorga murojaat etib, kerakli analizlarni topshirish zarur.

Yodda tuting: Odatda, gepatitlarning boshlang‘ich davrida go‘sht mahsulotlari qat’iy cheklanadi. Bu paytda sut, qatiq, tvorog, kefir, shirguruch, suvda qaynatilgan makaron, kartoshka bo‘tqasi va meva sharbatlari tavsiya etiladi. Ayniqsa, anor, olma va uzumni ko‘proq iste’mol qilish kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ajinga qarshi mahsulotlar
Gepatit C bilan og‘rigan bemorlarga quyidagi darmondorilar buyuriladi:

1. Asal, na’matak qaynatmasi, rezavor mevalar sharbatlari va sabzida bemor uchun barcha kerakli vitaminlar mavjud.

2. Virusli gepatitda mikro hamda makrounsurlar (xususan, marganes, mis, rux, magniy) g‘oyat foydali. Masalan, marganes uglevodlar va xolesterin hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Mis viruslar faolligini susaytiradi. Rux modda almashinuvini yaxshilaydi. Magniy esa o‘t (safro) ajralishiga yordam beradi. Bu unsurlar barcha meva-sabzavotlar, ayniqsa, kartoshka, tarvuz, o‘rik va turli yormalarda serob.

Parhez: bemor kuniga to‘rt marta yengil ovqatlanishi kerak. Bu vaqtda chuchuk qatiq ichishi, olma yoki biror xil sabzavot yeb turishi kerak. Tvorogni har kuni iste’mol qilgan ma’qul. Shuningdek, ma’danli suv va choy ichish lozim.

Ichimlik sodasi aralashtirilgan limon sharbati surunkali gepatit S ni davolashda qo‘l keladi. Masalan, bemor uch kun mobaynida nahorga bitta limon sharbatiga bir choy qoshiq ichimlik sodasi aralashtirib ichishi kerak. Lavlagi, sabzi va karam sharbati ham juda foydali.

Nimalar mumkin emas?

Har qanday spirtli ichimliklar, dudlama va o‘tkir ziravorlar. Yangi yopilgan non-bulka mahsulotlari hamda yog‘, tuxum qo‘shib qorilgan xamirdan tayyorlangan yeguliklar (masalan, tort, pirog). Go‘sht, baliq, tovuq, qo‘ziqorin qaynatmasidan pishirilgan sho‘rvalar. Konserva mahsulotlari va dorivorlar (xantal, qalampir, qalampirmunchoq), shuningdek, sirka, qiyin eriydigan va xolesteringa boy yog‘lar (tuxum sarig‘i, jigar, baliq moyi singarilar), juda sovuq taomlar (masalan, muzqaymoq va salqin ichimliklar).

Eslatma! Xalq orasida “gepatitning C turi bedavo, baribir tuzalmaydi” degan gap-so‘zlar yuradi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Agar gepatit C bilan og‘rigan bemor doimo gepatolog nazoratida bo‘lib davolansa, shifokorining maslahatlariga qat’iy amal qilsa, uzoq yillar bu kasallik uni bezovta qilmaydi. Shuningdek, tartib bilan olingan muolajalar tufayli gepatit C jigar sirroziga aylanib ketishining oldi olinadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 17-hafta
Mahmarajab RAHMONOV

Tibbiyot fanlari nomzodi.