Osteoporoz xastaligi haqida?

Osteoporoz oltmish besh yoshdan oshgan ayollarda ancha ko‘p uchraydi. Shuningdek, bu kasallikka o‘ta ozg‘inlik, endokrin buzilishlar, menopauza(klimaks)ning barvaqt boshlanishi, uzoq vaqt davomida dori-darmonlar qabul qilish singari holatlar ham sabab bo‘ladi.


— Osteoporoz kasalligi nega yoshi ulug‘larda ko‘proq uchraydi?


— Ma’lumki, odam tug‘ilganidan to 30 yoshga kirgunicha uning suyaklari tuzlar va mikroelementlar bilan to‘yinib mustahkamlanadi. Yoshi o‘tgani sayin esa qon aylanish tizimi izdan chiqishi va boshqa sabablarga ko‘ra suyak hajmi kamaya boshlaydi, bu esa osteoporozga olib keladi.


Aslida suyak to‘qimasi doimiy ravishda yangilanib turadi va har o‘n yilda mutlaqo yangisi bilan almashadi. Bolalar va o‘smirlarda 18 yoshgacha suyak yemirilishiga nisbattan yangi suyak paydo bo‘lishi tezroq kechadi. Keyinchalik bu jarayonlar tezligi tenglashadi. 40 yoshdan so‘ng esa suyakning yupqalashishi, ya’ni suyak yemirilishi kuchayadi.


— Osteoporozga olib keluvchi omillar qaysilar?


— Osteoporoz ko‘pincha organizmda kal’tsiy ionlarining suyaklarga yaxshi singmasligi tufayli vujudga keladi. Aytish joizki, organizmda doimiy ravishda kal’tsiy ionlari yemirilib, ular o‘rniga yangi kal’tsiy ionlarining almashinish jarayoni kechadi. Agar shu muvozanat buzilsa, ya’ni yemirilgan kal’tsiy ionlari o‘rniga yangilari kelib tushmasa yoki kam tushsa, suyak zichligi kamayib boradi.


Buning sabablari turlicha.

Birinchidan, kal’tsiy moddasini yemiruvchi to‘qima(osteoklast)lar faoliyati kuchayib, quruvchi to‘qima(osteoblast)lar kal’tsiy ionlarini yetkazib berishga ulgurmaydi.

Ikkinchidan, quruvchi to‘qimalarning faoliyati susayishi mumkin. Uchinchidan, osteoklastlar va osteoblastlar faoliyati bir vaqtda buzilishi mumkin va natijada suyaklar zichligi asta-sekin kamaya boshlaydi.


— Gormonal buzilishlar kasallik xavfini orttiradimi?


— Organizmdagi gormonal o‘zgarishlar, ya’ni androgen yoki estrogen gormonlarining yetishmovchiligi (ayniqsa, menopauza — klimaks davri)da bu hol ro‘y beradi. Ayollarda bachadon olib tashlangan holatlarda, osteoporoz xavfi ortishi mumkin.


Gormonlar yetishmasligi tufayli kal’tsiy ionlari osteoklast yemiruvchi to‘qimalar faoliyatini kuchaytiradi, bundan tashqari, ichakda ovqat bilan tushgan kal’tsiyning hazm bo‘lishi qiyinlashadi.


Gormonal buzilishlardan tashqari organizmdagi qalqonsimon bez va buyrak usti bezlarining kasalliklari osteoporozga turtki beradi. Osteoporoz nozik, ozg‘in, kichik jussali ayollarda ko‘proq uchraydi, chunki semiz va to‘la odamlarda og‘irlikni ko‘tarish uchun suyaklar ham baquvvatlashib, zichligi ham shunga mos ravishda oshadi.


Organizmda D vitaminining yetishmasligi ham jiddiy hodisa. Chunki mazkur vitamin quruvchi to‘qimalarning faolligini oshiradi. Shuning uchun tarkibida D vitamini ko‘p bo‘lgan baliq va sut mahsulotlarini kam iste’mol qilgan odamlarda ham osteoporozga moyillik kuzatiladi. Shu bois D vitaminiga boy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish talab etiladi.


Tibbiyot fanlari nomzodi Umida RUSTAMOVA