Kasalliklar sochda qanday aks etadi?
Surunkali charchoq, bosh og‘rig‘i, uyqusizlik bezovta qilyaptimi? U holda sochlaringizgae’tibor bering. Zero, sochdagi o‘zgarishlar organizmdagi ayrim muammolarni fosh etadi!
Kamqonlik belgisi
Uzoq vaqt otfob tig‘i ostida yurish, hammomda bug‘lanish, muntazam ravishda soch dazmoli va fendan foydalanish, kimyoviy jingalaklash, tez-tez soch rangini o‘zgartirish, xlorlangan suvda cho‘milish, soch parvarishi uchun mo‘ljallangan vositalarni noto‘g‘ri qo‘llash, temir taroq ishlatish sochlar quruqlashishiga sabab bo‘ladi.Ammo ushbu holatlardan tashqari sochlaringiz quruqlashib borayotganini sezsangiz, shifokor huzuriga shoshiling. Negaki quruq, sinuvchan, uchi gullagan sochlar ayrim kasalliklar darakchisi bo‘lishi mumkin:
– kamqonlik;
– vitamin va mikroelementlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq me’da-ichak tizimi kasalliklari;
– qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar;
– buyrak va o‘pkadagi surunkali xastaliklar;
– oqsil yetishmovchiligi (parhezga mukkasidan ketganlarda ko‘p uchraydi);
— organizmda temir va mis tanqisligi.
Chorasi: Sizga terapevt va endokrinolog ko‘rigi zarur. Shuningdek, taomnomangizni qayta ko‘rib chiqing. Sochlar oqsil, temir, V guruhi vitaminlari, mis va kobalt mikroelementiga boy mahsulotlarni yoqtiradi. Agar vitaminlar me’da-ichak tizimi kasalliklari tufayli o‘zlashtirilmayotgan bo‘lsa, shifokorin’eksiya shaklidagi preparatlarni buyuradi.
Bundan tashqari, trixolog – shifokor maslahati ham foydadan holi emas.
Qandli diabetga ishora?!
Yog‘li sochlar, asosan, moddalar almashinuvi buzilganidan yuzaga keladi. Gormonal o‘zgarishlar, noto‘g‘ri ovqatlanish (yog‘li mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish) ham soch holatiga ta’sir qiladi. Shuningdek, qandli diabet va metabolik sindrom (semirish)da ham yog‘ ko‘p ajraladi.
Chorasi: Soch yog‘lanishining sababini bilish uchun jigar va qalqonsimon bezni tekshirtirish zarur. Kunlik ratsionda qovurilgan, shirin, dudlangan yeguliklar, shuningdek, qahva cheklanadi. Soch parvarishi uchun mo‘ljallangan kosmetika vositalarini ham almashtirgan ma’qul. Choy daraxti moyi yog‘ bezlari faoliyatini me’yorlashtiradi, mavrak ekstrakti qo‘shilgan shampunlar esa yog‘li soch terisini «tinchlantiradi».
Sochlar yanada yog‘lanmasligi uchun ularni fenda quritish, qaynoq suvda yuvish mumkin emas.
Taomnomadagi yog‘li mahsulotlarni cheklaganda ham muammo yo‘qolmasa, jigar yoki me’da-ichak kasalliklari rivojlanayotgan bo‘lishi mumkin.
Soch to‘kilishiga sabab – infeksiya
Bilasiz, homiladorlik va tug‘uruqdan so‘ng sochlar siyraklashadi. Shuningdek, qattiq asabiylashish natijasida ham soch to‘kilishi mumkin. Bundan tashqari, ba’zi kasalliklar tufayli soch to‘kiladi. Bular:
– qandli diabet;
– gipoterioz;
– anemiya;
– avitaminoz;
– immunitet tanqisligi;
– zamburug‘lar;
– yiringli invaziya;
– jigar va o‘t pufagi kasalliklari.
Boshning ma’lum qismidagina soch to‘kilishi gormonal o‘zgarishlardan dalolatdir. Masalan, chakka va peshonada soch kamayishi erkaklik gormoni ortib ketganiga ishora sanaladi.
Chorasi: Endokrinolog ko‘rigidan o‘ting. Vaqtinchalikmurakkab soch turmaklaridan voz keching. Tinchlantiruvchi giyohlar damlamasi va vitaminlar qabul qilish mumkin.
Qazg‘oq nimaning asorati?
Agar bosh terisi qichishsa, qizil dog‘lar, teri ko‘chishi, yaralar paydo bo‘lsa, bu psoriaz, ekzema kasalliklari rivojlanayotganini bildiradi. Qazg‘oq esa zambrug‘li infeksiya tufayli paydo bo‘lishi mumkin. Yog‘li sochda qazg‘oq paydo bo‘lishi organizmda yog‘ va uglevodlar yetishmayotganidan darakdir.
Shuningdek, asabiylashish, immunitet sustlashishi, oshqozon — ichak kasalliklari ham qazg‘oqni keltirib chiqaradi.
Chorasi: Faqat qazg‘oqqa qarshi shampunga ishonib qolmang-da, muammoning asl sababini bilish uchun mutaxassis ko‘rigidan o‘ting. Bunda sizga dermatovenerolog yoki trixolog-shifokor yordam beradi.
Vitamin yetishmovchiligi
Bilasiz, kuz–qish mavsumida sochlar jilvakorligi yo‘qoladi. Buning sababi, vitamin va mineral moddalar yetishmovchiligi bilan bog‘liq. Shuningdek, ushbu holat oshqozonosti bezi, qalqonsimon bez faoliyatidagi o‘zgarishlar, jinsiy a’zo xastaliklari, anemiya va ayrim irsiy kasalliklarga ishora bo‘lishi mumkin.
@doridarmonlar