Podagrani davolash

⚡️Podagrani davolash


Birinchi marotaba podagra xastaligi aniqlangan bemorlar viloyat va shahar klinik shifoxonalarining ixtisoslashtirilgan revmatologik bo‘limlarida davolanishlari zarur. Xastalik qo‘zg‘almagan (remissiya) davrida bemorlarga davo muolajalari buyurilib, ular yashash joyi bo‘yicha mahalliy poliklinikalarda revmatolog va nefrolog nazoratida bo‘lishlari shart.


Maxsus parhez


Bemorning tezda oyoqqa turishida parhezning ham ahamiyati katta. Ushbu tavsiyalar asosan purin moddasi va alkogol iste’molini chegaralashga qaratilgan. Purinni yuqori miqdorda saqlovchi go‘sht va baliq, kakao, kofe, choy kabi mahsulotlardir. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra tana vazni uglevodlar va kaloriyali ovqatlar iste’molini chegaralash hamda o‘simlik oqsili va to‘yinmagan yog‘larni iste’mol qilishni ko‘paytirish bilan qonda ortiqcha xolesterin va siydik kislotasi zichligini kamaytirish mumkin.


Podagra xurujining oldini olish choralari


Iloji boricha kasallangan bo‘g‘imni zo‘riqtirmaslik lozim. Vaqti-vaqti bilan uni ko‘tarilgan holatda ushlab turib, 15-20 daqiqadan kuniga 2-3 marotaba bo‘g‘im ustiga og‘riq pasayguncha muz qo‘yish zarur. Aspirinni suiste’mol qilib bo‘lmaydi. Chunki, u siydik kislotasining qondagi miqdorini ko‘paytirishi va kasallik belgilarini kuchaytirishi mumkin. Doimiy ravishda qonda peshob kislotasi miqdorini o‘lchab turish lozim. Har kuni yarim soatdan ko‘proq jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish kerak. Ochiq havoda ko‘proq sayr qilish, velosipedda yurish, raqs tushish, suzish kerak. Ertalabki badantarbiya ham muhim o‘rin tutadi. Sport bilan shug‘ullanish bemor uchun har qanday dori vositasidan foydaliroq va ko‘proq samara beradi.


Kuniga 2 litrdan kam bo‘lmagan toza suv ichish kerak. Buyraklar siydik kislotasini qondan yuvib chiqarishi uchun bemor har qanday suyuqlik (kofe, choy, sharbat) emas, aynan toza suv ichishi kerak. Organizm yetarli toza suv bilan ta’minlanmasa hatto, sog‘lom buyraklar ham qonni xiltlardan tozalay olmaydi.


Qonda minerallar miqdorini aniqlab, zarur bo‘lganda bemorning taomnomasiga vitamin va minerallar kompleksi qo‘shiladi. Ayniqsa, podagrada organizmga C vitamini zarur bo‘ladi. Benzoat natriy saqlovchi gazli ichimliklar, kukunli meva sharbatlari, algkogol ichishni bemorga man etish kerak.


Ovqat ratsionini meva va sabzavotlar va turli yorma donli mahsulotlar bilan boyitish lozim. Xasta kishilar hayvon oqsili iste’mol qilishni kuniga 120 gramdan oshirmasliklari shart. Yana ularga yarim tayyor mahsulotlar va yog‘li kolbasa mahsulotlarini tanovul etish tavsiya etilmaydi.


@doridarmonlar