Italyan xalq maqollari va matallaridan

Italyanlar – roman guruhiga mansub xalq. Italiyaning asosiy aholisi. Braziliya, Argentina, AQSH, Venesuela, Kanada, Fransiya, Peru va boshqa mamlakatlarda ham yashaydi. Italyan tilida soʻzlashadi. Umumiy adadi – 135 million atrofida.


Aqlli odamning qoʻlidagi boʻhton dahshatli qurolga aylanadi.

Bajarishni bilmagan buyurishni ham bilmaydi.

Baxt uchun erkinlik va eng zarur narsalargina yetarli.

Behuda kutishdan yomoni yoʻq.

Birgina soʻz sabab bir asr janjallashish mumkin.

Birov sen bilan odatdagidan koʻra xushmuoma boʻlib qolsa, demak seni aldabdi yoki endi aldamoqchi.

Birovning nonidan achchiqroq narsa yoʻq.

Boylik bekorchilarni hosil qiladi.

Boshqaning ish-amalida adolat boʻlishini har kim istaydi.

Buzilgan kemaga oʻngʻay shamolning foydasi yoʻq.

Boʻri biyaga rahm qildi: dumi bilan yolini qoldirdi.

Vaqtga xasis – eng yaxshi xasis.

Vaqtida sotib olgan oʻn barobar arzonga oladi.

Vaqtini topsang, sukut koʻp gapning maʼnosini beradi.

Vaqtni sarflashning eng yaxshi yoʻli – mehnat.

Yomon askardan yaxshi zobit chiqmaydi.

Yomon bozorda yaxshi kiyim sotib ololmaysan.

Yomon kitobdan yomonroq oʻgʻri yoʻq.

Yomon namuna yuqumli boʻladi.

Yomon xotinning eri yanada yomonroq boʻladi.

Yongʻin payti har qanaqa suv asqotadi.

Jazo sabab aqlliga aql qoʻshiladi, aqlsizdan aql ketadi.

Ish kerak joyda soʻz bilan yordam berolmaysan.

Ishlayotgan odam boʻkkunicha ovqatlanmaydi.

Ishtaha – eng yaxshi ziravor.

Katta oʻgʻrining oʻgʻriligiga ishonishmaydi.

Kim xoʻjayin boʻlsa, oʻsha buyruq beradi.

Kir gaplarga eng yaxshi javob – sukut.

Koʻp gapiradigan koʻp narsaga erisha olmaydi.

Koʻp ishlaydigan kam tanqid qiladi.

Koʻp mehnat bilan qoʻlga kiritganingni yalqovlik sabab boy berasan.

Koʻpincha eng muhim voqea-hodisalar arzimas sabablarga bogʻliq boʻlib qoladi.

Qarzlar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib qolmaydi.

Qonunlar jinoyatlarga qaraganda kam.

Maqtashni bilmagan boshqarishni bilmaydi.

Molni yerga uradi, ammo sotib oladi.

Muhabbat va hokimiyat raqibni yomon koʻradi.

Namuna qoidadan koʻra yaxshiroq.

Odamning kimligi uch holatda koʻrinadi: gʻazablanganida, pulga va ichkilikka munosabatida.

Ozgina yomgʻir bilan suronli shamol tinadi.

Omoch tortishni istamayotgan hoʻkizga hushtak bilan yordam bera olmaysan.

Ortiqchasi – zararli.

Oxiriga yetgan doʻstlik hech qachon haqiqiy boʻlmagan.

Ochkoʻzlik sabab urushdagidan koʻproq odam oʻladi.

Pul bilan hamma narsaga erishish mumkin deb biladigan odam pul uchun hamma narsaga tayyor boʻladi.

Puling bor boʻlsa, ishlaging kelmaydi.

Sababsiz kulgi – ahmoqlikdan belgi.

Sabr, vaqt va pul hamma narsani yengib oʻtadi.

Sevib sevilmaslik vaqtni yoʻqotishdan boshqa narsa emas.

Senga nasib qiladiganni hech kim tortib ololmaydi.

Sogʻ odamning kasalga maslahat berishi – oson.

Soʻralmagan maslahatlar oson beriladi.

Sustlikdan yalqovlikkacha bir qadam.

Tavakkal – fazilatli ish.

Tan olingan xato haqiqatga yetaklaydi.

Tanlashni bilmagan ishni yaxshi uddalay olmaydi.

Tejamkorlik – eng yaxshi boylik.

Tez ishonadigan odamning hafsalasi tez pir boʻladi.

Tinchlik istasang – urushga hozir boʻl.

Toza suv olmoqchi boʻlsang, buloqning oʻziga bor.

Oʻzi uchun ishlagan uch kishining ishini qiladi.

Oʻzi hech narsaga arzimaydi, lekin tillo xotin istaydi.

Uka – meniki, lekin uning aqli – oʻziniki.

Uquvli boʻlsang, toshdan ham pul qilasan.

Oʻliklarga shamning keragi yoʻq.

Uning ustidan birovlar ish koʻradigan odamning holiga voy.

Oʻtmishi bilan yashaydigan odam tushkunlikdan oʻladi.

Uxlab qolgan baliq tutolmaydi.

Uyatchan dasturxondan och turadi.

Faqat aqlsiz odamgina aqlsizlarcha sevishi mumkin.

Fikrdan soliq olinmaydi.

Xoʻjayini ahmoq boʻlsa, mushugini ayblamang.

Xoʻjayinsiz uy – yetim.

Xoʻroz jim turib, makiyon qichqiradigan katak dunyoda yoʻq.

Haddan ortiq mehribon onalar tantiq qizlarni voyaga yetkazadilar.

Haqiqat kam hollarda haqiqatga oʻxshab koʻrinadi.

Hamma ilm ham yaxshilikka olib boravermaydi.

Hammaga tegishli boʻlgan narsa hech kimga tegishli emas.

Hammamiz oʻlimga qadar yashaymiz.

Har qanday qoidaning istisnolari boʻladi.

Har qanday yangilik uch kunda eskiradi.

Hasaddan hech kim sugʻurtalanmagan.

Hasadning koʻzlari katta.

Hatto uchiga chiqqan muttahamni ham aldash mumkin.

Hatto chivinni ham gʻazablantirish mumkin.

Hech kim aybni oʻziga olgisi kelmaydi.

Hech kim oʻzida yoʻq narsani bera olmaydi.

Chanqoq buyursa, har qanday suvni ichasan.

Chiroyli kiyim tavsiyanomaday gap.

Choʻkayotgan kemada hamma dargʻa.

Eski ilm yangi mevalar beradi.

Ehtiyoj bayramni bilmaydi.

Ehtiyoj uyatni quvadi.

Ehtiyojning oʻz qonuni bor.

Yuzingga gapirgan sotqin emas.

Yangi ishga yangi odamlar kerak.

Yaxshi tovar oʻzini oʻzi maqtaydi.

Yaxshi erning xotini ham yomon boʻlmaydi.


Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

oriftolib.uz