Sirdaryo shahri – Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi shahar, tuman markazi. 1971-yilgacha shahar posyolkasi. Toshkentdan 80 kmjanubi-g’arbda, Toshkent-Xovos temir yo’ldagi stansiya. Sirdaryoning chap sohilida joylashgan. Viloyat markazi (Guliston) dan 40 km. Sirdaryoda tuman hokimiyati binosi, sanoat, transport, aloqa, qurilish korxonalari, banklar mavjud. Paxta tozalash, sut, non, g’isht zavodlari, MTP, 3 qo’shma, 80 xususiy va kichik korxona, 50dan ziyod firma, qandolatchilik, kvas va limonad ishlab chiqarish korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Dehqon bozori, supermarket, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. Umumiy ta’lim maktablari, pedagogika kolleji, bolalar san’at maktabi, sport maktablari, kasb-hunar maktabi, markaziy stadion, tuman markaziy kasalxonasi, shoshilinch tibbiy yordam bo’limi, 3 madaniyat uyi, tuman mazkaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari bor. Yangi qurilgan avtovokzal, kasalxona, dorixona va boshqa savdo, maishiy obyektlar ishlab turibdi.
Ma’lumot: O’zbekiston milliy ensiklopediyasi. «O’zbekiston milliy ensiklopediyasi”. T.2004.