25-oktyabr Parijdagi Eyfel minorasi qurib bitkazilgan kun

Eyfel minorasi Parijning ramzi hisoblanadi.Hozirda bu minora dunyoning eng mashhur va diqqatga sazovor joylaridan bo’lib, uni tomosha qilgani turli davlatlardan millionlab sayyohlar keladi.


Eyfel minorasi 1889-yilda qurilgan. Balandligi 300 metr bo`lgan bu inshoot o`sha vaqtda jahondagi eng baland bino bo`lgan. Minora 1889-yilgi Butunjahon ko`rgazmasiga atab qurilgan. Shu vaqtdan boshlab Eyfel minorasi Parij shahri ramzi bo`lib qoldi. Bu po`latdan tiklangan qurilma o`z davri me`morchiligining an`anaviy qoidalarini o`zida mujassam etgan. Eyfel minorasining loyihasi maxsus tanlovda boshqa loyihalar ichidan eng ma`quli sifatida ajratib olindi. Loyiha muallifi, yuqori darajali temiryo`l ko`priklari qurish tajribasiga ega bo`lgan muhandis Gustav Eyfel edi. Jamoatchilik fikri ikkiga bo`lindi: minora ba`zilarga juda yoqib tushdi, ayrimlarning esa aksincha, uni ko`rarga ko`zi yo`q edi. Ko`pchilik, ertami-kechmi, Eyfel minorasi qulab tushishiga ishonchi komil edi. Gustav Eyfelga minora mustahkamligini shaxsan tushuntirib berishga to`g`ri keldi. Eyfel minorasi uch qavatli: birinchi qavatning balandligi 57 metr, ikkinchisi 115 metr va uchinchisi 276 metrga teng. Bugungi kunda minora Parijning katta qismi uchun televizion uzatgich vazifasini ham o`tamoqda. Uning antennesining balandligi 320 metrdir. Minoraning suyri va silliq ko`rinishini ta`minlash uchun 12 000 bo`lak po`lat yuza 2500 000 ta zaklepkalar bilan mahkamlangan. Eyfel minorasining oldida besh qavatli yer osti inshooti qurilishi mo`ljallanmoqda. Endi barcha badiiy ko`rgazmalar o`sha yerda o`tkaziladi. «Parij ko`rki» ning ma`muriyati shu yo`l bilan har kuni minora oldida paydo bo`ladigan uzundan uzoq navbatlarga chek qo`yishga umid bildirmoqda. Mazkur loyihaning qiymati 56-70 million dollarga teng deb baholanmoqda. Yangi binoning 50 000 kv. metr maydoni majlislar zali, magazin va restoranga ajratiladi. Eyfel minorasiga tashrif buyurish qoidalari ichida quyidagi yozuv paydo bo`lib qolsa ajab emas: » Siz yuqoriga ko`tarilish uchun avvalo pastga  tushishingizga to`g`ri keladi». Chunki loyiha mualliflari minoraga tashrif chiptalari kassasini ham «yer osti» ga joylashtirishmoqchi. Eyfel minorasi mana bir necha o`n yildirki, jahondagi turistlar eng ko`p tashrif buyuradigan joylardan biri bo`lib kelmoqda. Uni ko`rish uchun har yili 8 millionga yaqin odam keladi. Minora Parij uchun daromad manbalaridan biri hisoblanadi. 2000-yilda shahar meriyasi boshqaruvchi kompaniyadan 30 million frankdan ortiq mablag` qabul qilib olgan.

  Ba’zi bir ma’limotlarga ko’ra Eyfel minorasini hozirgi kungacha 200.000.000 dan ortiq turistlar ko’rgani kelganligi qayd qilingan.