Butunjahon koinot haftaligi

Butunjahon koinot haftaligi

1999-yil 6-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan kosmos fani va texnikasining bashariyat farovonligini yanada yaxshilashga qo’shayotgan hissasini nishonlash maqsadida har yilning 4-oktyabrdan 10-oktyabrgacha bo’lgan davrini Butunjahon kosmos haftasi, deb e’lon qilindi.

Ushbu sanalar 1957-yil 4-oktyabr kuni Yerning birinchi sun’iy yo’ldoshi «Sputnik I» uchirilgan hodisa hamda 1967-yil 10-oktyabr kuni «Davlatlar tomonidan kosmosni, jumladan Oy va boshqa osmon jismlarini tadqiq qilish va foydalanish bo’yicha olib boriladigan faoliyat tamoyillari to’g’risidagi shartnoma» («Kosmos to’g’risida»gi shartnoma) kuchga kirgan kunni esga olishga sabab bo’ladi.

Butunjahon kosmos haftasini joriy etish g’oyasi ilk bor BMTning kosmos bo’yicha 3-Butunjahon konferensiyasida ilgari surilgan. Ushbu forumda Marokash Qirolligi delegatsiyasi AQSh kosmik ekspeditsiyasining Oyga qo’ngan sana – 20-iyulni Butunjahon kosmos kuni, deb e’lon qilish taklifini kiritdi. Marokash taklifi jahon davlatlari delegatsiyalari tomonidan har xil qabul qilindi. Aksariyat delegatsiyalar atayin joriy etiladigan Butunjahon kosmos kunini e’lon qilish g’oyasini qo’llab -quvvatladi, biroq zikr etilgan sana keng munozara kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Jumladan, Rossiya delegatsiyasi mulohaza yuritilayotgan g’oyani umuman ma’qullagan holda 20-iyul kunini tarixiy nuqtai nazardan qaralganda adolatdan bo’lmaydi deb topib, ushbu sanaga rozilik bermadi. Kosmos davri, insoniyat tarixida, 1957-yilning 4-oktyabridan Yerning birinchi sun’iy yo’ldoshi ilk bor kosmosga uchirilgan sanadan boshlanadi. Binobarin, bunday dalilni inobatga olgan Rossiya delegatsiyasi Marokash delegatsiyasining taklifiga tuzatish kiritib, aynan 4-oktyabr sanasini Butunjahon kosmos kuni, deb e’lon qilishni taklif qildi. Rossiyaning taklifi Belorussiya, Qozog’iston, O’zbekiston, Xitoy, Hindiston, Kuba, Janubiy Afrika Respublikasi va bir qator boshqa davlatlar tomonidan faol qo’llab-quvvatlandi.

Ayrim boshqa davlatlar tomonidan muqobil, xususan, Butunjahon kosmos kuni sifatida 10-oktyabr sanasini, ya’ni «Kosmos to’g’risidagi shartnoma» kuchga kirgan kunni nishonlash taklifi kiritildi. Germaniya Federativ Respublikasining vakili esa mazkur masala BMTning Kosmos bo’yicha qo’mitasi tomonidan atroflicha ko’rib chiqilishi lozimligini ta’kidlab o’tdi.

Muzokara rosa avj olgan fursatda Eron vakili kutilmagan taklifni o’rtaga tashladi. Jumladan u, Butunjahon kosmos kunini emas, Butunjahon kosmos haftasini, ya’ni 4-oktyabrdan boshlanib, 10-oktyabrda yakunlanadigan haftani nishonlash taklifini kiritdi. Mutlaqo kutilmagan bunday taklif aksariyat davlatlarning vakillari tomonidan qo’llab-quvvatlandi.

Butunjahon kosmos haftasini nishonlash taklifi shu kuni bir ovozdan qabul qilindi.


1966-yil 4-oktyabr – Lesoto Qirolligining milliy bayrami.