30-sentyabr Botsvana Respublikasining mustaqillik kuni
1966-yil 30-sentyabr – Botsvana Respublikasi mustaqillikka erishgan kun. Botsvana Afrika qit’asining janubiy qismida birinchi bo’lib mustaqillikka erishgan davlat. Poytaxti – Gaborone. Hududi – 600400 km.kv. Davlat tili – ingliz, setsvana yoki tsvana. Pul birligi – pula. Botsvana Afrikaning janubida joylashgan. Shimol va g’arbda – Namibiya (1360 km), shimoli-sharqida – Zambiya va Zimbabve (813 km), janub va janubi-sharqida – Janubiy Afrika Respublikasi (1840 km) bilan chegaradosh. Chegarasining umumiy uzunligi –4013 km. Botsvana tekislikdagi mamlakat bo’lib, janubi – g’arbiy qismini Kalaxari cho’li egallagan. Eng yuqori nuqtasi Sodilo tepaliklarida (1489 m ) joylashgan. Iqlimi – subtropik. Eng katta daryosi – Limpopo. Qazilma boyliklaridan olmos, mis, ko’mir, temir rudasi, kumush, tabiiy gaz mavjud. Florasini cho’l savannalarida o’sadigan o’simliklar tashkil etadi. Hayvonot dunyosida arslon, jirafa, zebra, antilopa, fil, chiyabo’ri, sirtlon, timsoh, tuyaqushlarni uchratish mumkin. Ilonlar va kaltakesaklar ham ko’plab uchraydi.