15-sentyabr Salvador Respublikasida mustaqillik kuni

15-sentyabr Salvador Respublikasida mustaqillik kuni

Rasmiy nomi – El’-Sal’vador Respublikasi. Poytaxti – San – Sal’vador. Hududi – 21393 km2. Aholisi – 6264130 kishi (2012). Davlat tili – ispan. Davlat dini – xristian dinining katolik mazhabiga. Pul birligi – sal’vador koloni. Geografik joylashuvi va tabiati. Markaziy Amerikada, Tinch okeani sohilida joylashgan davlat. Sharq va shimol tomondan – Gonduras (chegara uzunligi – 342 km), g’arb va shimoli-g’arbda Gvatemala bilan (203 km) chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi-545 km. Mamlakat janubda Tinch okeani, janubi-sharqida esa Fonseka qo’ltig’i bilan tutashib ketgan. Sohil bo’ylab chegara uzunligi-307 km. Mamlakat hududi asosan vulqon etaklaridan iborat. Eng baland nuqtasi – Santa-Ana vulqoni (2381 m). Qirg’oq bo’ylab torgina qirg’oqbo’yi tekisligi cho’zilgan. Uning eni 10-20 km dan oshmaydi. Mamlakatning asosiy daryosi – Lempa. Asosiy tabiiy boyliklari: neft va gidroenergetik resurslar. Ishlov beriladigan maydoni – 27%, o’tloq va yaylovlar 29% ni tashkil etadi. Iqlimi-tropik. Mamlakatda siyrak past bo’yli daraxtlar (chaparro, mimoza va boshqalar) uchraydigan quruq savannalarga tez-tez duch kelish mumkin; Tinch okeani qirg’oqlarida eman va qarag’ayzor o’rmonlar saqlanib qolgan, qirg’oqqa yaqin yerlarda esa bambukzorlar mavjud. Sal’vadorda noyob bal’zamli (malhamli) daraxtlardan bir necha o’n ming turi o’sadi. Boshqa qimmatbaho turlardan ispan kordi, sariq daraxt, sapodil’ya, qizil daraxt ham uchraydi. Mamlakatning hayvonot olami xilma-xil. Markaziy Amerika tapiri, chumolixo’r, bo’rsiq, yalqov, jayra va maymunlar ko’p uchraydi, shuningdek, qoplon, puma, otselotlar ham bor, sudraluvchilardan esa bo’gma va zaharli ilonlar bor. Savannalarida kaltakesak, meksika bug’usi, koyot va xilma-xil mayda kemiruvchilar yashaydilar. Daryolarida timsohlar bor. Qushlarning bir necha 100 xillari (to’tiqush, tukan, qarg’a, yovvoyi g’oz, kolibri va boshqalar) hisobga olingan. Sal’vador Ispaniyadan mustaqillikni qo’lga kiritishga 1821-yilning 15-sentyabridan kurasha boshlagan, biroq faqat 1841-yildagina to’la mustaqillikka erishgan. Milliy bayrami 15-sentyabr – Mustaqillik kuni.