Vetnam Respublikasi. Poytaxti – Xanoy. Hududi – 330991 kv.km. Davlat tili – v’etnam. Aholi buddaviylik diniga (55%), majusiylik (23%), daosiylik (12%) hamda xristian dinining katolik (10%) mazhabiga e’tiqod qiladi. Pul birligi dong.
Geografik joylashuvi va tabiati. Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarimorolida joylashgan davlat. G’arbda – Kambodja (1228 km) va Laos (2130 km), shimolda-Xitoy (1281 km) bilan chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi – 4639 km. Sharqiy va janubiy sohillari Janubiy Xitoy dengizi bilan tutashgan. Mamlakat 4 ta fizik –geografik hududga bo’lingan. Mamlakatning eng yuqori nuqtasi – Fon-Si-Pan (Fonshipan) (3143 m) shimolda joylashgan.
Iqlimi- shimolda subtropik, janubi-sharq va markazida tropik mussonli. Mamlakatning asosiy daryolari – Mekong va Xongxa bo’lib, ular Janubiy Xitoy dengiziga quyiladi. Mamlakat hududida temir rudasi, marganes, boksitlar, ko’mir zaxiralari mavjud. Dengiz shel’flarida neft’ va gaz konlari topilgan. Tog’li hududlarda tropik o’rmonlarining katta bo’lmagan maydonlari saqlanib qolgan. Bu yerda keng bargli bambuk, liana, ban’yan kabi daraxtlar o’sadi. Vyetnam hududida fil, ayiq, yo’lbars, kiyik, maymun,quyon, olmaxon kabi hayvonlarni uchratish mumkin. Timsoh, ilon, kaltakesaklar keng tarqalgan.