Uy sharoitida chanqovbosdi kokteyl

Bu yilgi ramazon oyining yozning eng issiq va uzun kunlariga to‘g‘ri kelishi ko‘pchilik ro‘zadorlarning chanqoqdan qiynalishiga sabab bo‘lmoqda.


Shu sababdan ham ayrim ro‘zadorlar iftorlik qilishlari bilanoq ko‘p miqdorda suyuqlik (asosan suv) ichib, boshqa quvvatbaxsh ne’matlarni iste’mol qila olmay qolishmoqda. Bu esa organizmning yanada holsizlanishi, ovqat hazm qilish a’zolarining noto‘g‘ri ishlashiga ham sabab bo‘layapti. Quyida taklif etayotgan salqin, chanqovbosdi ichimlik ana shu muammoni hal etsa ajab emas.

Bu ichimlik dunyoda “moxito” nomi bilan mashhur. XX asrning 40-yillarida Kubada ilk bor tayyorlangan “moxito”ni tayyorlashning turli-tuman usullari mavjud. Biroq tarkibi asosan limon (laym, ya’ni limonning bir turi bo‘lsa yanada yaxshi), yalpiz va shakardan tayyorlanadi. Ko‘p hollarda suv o‘rniga gazlangan shirin ichimlik – “Sprayt” qo‘shiladi.

An’anaviy “Moxito” kokteylining tayyorlanish usuli:

Stakanga limon yoki laym (xom limon) bo‘lagi, bir necha yalpiz barglari solinadi.

1 choy qoshiq shakar solinib, bir oz aralashtiriladi va masalliqlar ta’mi hamda hidi chiqishi uchun eziladi.

Stakan yarmidan sal ko‘proq qilib “Sprayt” quyiladi va eng oxirida stakan to‘lgunicha muz bo‘lakchalari solinadi.

“Moxito” kokteyli yalpiz bargchalari bilan bezatiladi.

Uy sharoitida ro‘zadorlar uchun ko‘p miqdorda “Moxito” tayyorlash uchun esa quyidagi retseptni tavsiya etamiz (1 litr uchun):

Bir dona butun limon xuddi bodring to‘g‘ralgandek uzunasiga to‘rt bo‘lak qilib kesilib, so‘ngra mayda to‘g‘raladi. Besh-olti dona yalpiz barglari va ta’bga ko‘ra shakar solinib, shakarning ko‘p qismi erigunicha aralashtirilib, yalpiz va limon yaxshilab eziladi. So‘ngra ustidan qaynatilgan suv (eng yaxshisi gazsiz mineral suv) quyilib, muzlatkichga qo‘yiladi.

Ro‘zador og‘iz ochgandan keyin mazkur salqin ichimlikdan bir-ikki stakan ichsa, chanqog‘i bir zumda qonadi.


Limonning foydalari

Limon organizm uchun foydali vitamin va mikroelementlarga boy. Uning tarkibida eng ko‘p S vitamini uchraydi. Mazkur vitamin moddalar almashinuvi va to‘qimalar oziqlanishida o‘ta muhim. Bundan tashqari A, V1, V2, D hamda sitrus mevalar uchun xos bo‘lgan sitrin (R vitamini)ga boy. O‘z tarkibi bilan yuqori biologik faollikka ega bo‘lib, organizmning tezda quvvatga kirishiga yordam beradi. Quvvatbaxshligi bilan bir qatorda, turli infeksion, zamburug‘li, meda-ichak, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar), peshob yo‘li kasalliklariga ham shifo bo‘ladi.

Yana o‘qing:  “Eng ulug‘, eng aziz”

Yalpizning ro‘zador uchun foydalari

Yalpiz – inson organizmi uchun foydali o‘simlik. Tarkibida uning ta’mi va hidini belgilab beradigan 2, 5 foiz miqdorda mentol efir moyi mavjud. Bundan tashqari, felandren, pinen, yasmon, piperiton, mentofuran va boshqa efir moylariga ham boy. Kuchli bakteritsid xususiyatga ega. Yalpiz og‘riq qoldirish va tomirlarni kengaytirishi bilan ham ajralib turadi.

Yalpiz ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, chanqoqni qondiradi, o‘t chiqarishni kuchaytiradi. Uning damlamasi asablarni tinchlantiradi, bronxlar, o‘pka yallig‘lanishi, yurak-qon tomir, ginekologik kasalliklarga shifo bo‘ladi.


Canjar RUSTAMOV tayyorladi

soglom.uz/tavsiya/uy-sharoitida-chanqovbosdi-kokteyl/