Ichki motivatsiyani izlaymiz 18+


Bolaning ichki holatini to‘g‘irlash oson emas, shunga qaramay, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar o‘z mevasini berishi mumkin.


1.Farzandingizni qabul qilishni o‘rganing. Masalan, qizingizning yangi imdji sizga yoqmasligi mumkin, lekin siz uni qabul qilishingiz kerak. Boshqacha aytganda, gap erkalatish emas, tushunish haqida bormoqda.


2.Samimiy suhbatlashing. Agar farzandingiz bilan qalban yetarlicha yaqin bo‘lsangiz, dastlab u bilan shunchaki suhbatlashing. Uning nimalarga qiziqishi hamda o‘qishda qanday muammolar yuzaga kelayotgani haqida so‘rang. Vaziyatdan chiqish yo‘lini birga toping.


3.Bolaga hayotdagi maqsadi borasida bir to‘xtamga kelishga yordam bering. Ko‘pincha ichki motivatsiya bo‘lmaydi, chunki bola bu formulalar, oxiri yo‘q qoidalar va teoremalarning nima uchun kerakligini tushunmaydi. Farzandingiz maktabni tugatganidan keyin nima bilan shug‘ullanishi istashi borasida bir to‘xtamga kelishi muhim. Buni tushunishga ota-ona bilan uzoq suhbatlar, professional yo‘nalish bo‘yicha maslahatlar va o‘smirlar uchun kitoblar yordam beradi.


4.O‘quv jarayonini bolaning qiziqishlari ustiga quring. O‘qishda bolaning samimiy qiziqishlari (ichki motivatsiyasi)ni maktabdagi darslar bilan birlashtirishga harakat qilish kerak. Bu jarayon individual va ota-onalar tomonidan katta e’tibor talab qiladi. Masalan, ingliz tilini sevimli filmingiz yordamida o‘rganishingiz mumkin. Kompyuter o‘yinlarini juda yaxshi ko‘ruvchi o‘smirni esa dasturlash va u bilan bog‘liq bilimlar qiziqtirishi kerak.


Boladan ichki motivatsiyani tortib chiqarish — eng muhim vazifalardan biri. Zukko, dono, farzandining hayotiga samimiy qiziqadigan ota-ona uchun esa bu muammo emas.




psixolog Gulbahor Yusupova tayyorladi

pmt.uz