Bolani jazolashda ota-onalar yo‘l qo‘yadigan xatolar
Farzandimiz bilan biror kelishmovchilik yuzaga kelganda, ko‘pincha qarorlarimizni uzoq o‘ylab o‘tirmasdan qabul qilamiz. Bunday harakatlarimiz bilan esa vaziyatni yanada chuqurlashtirib yuboramiz. Bola bilan tortishuvlarning samarali yechimini topish uchun quyidagi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Bolaning qilmishiga emas, uning o‘ziga baho berish
«Juda yomon bolasan!», «Bola emas, balosan!»… Aslida bolaning o‘zi yaxshi, faqat uning ba’zi ishlari yomon bo‘lishi mumkin. Shuning uchun aynan biror ish yoki harakat haqida gapirish va baho berish kerak. Bola o‘ziga nisbatan mehr-muhabbat borasida ikkilana boshlamasligi lozim.
Kattalarning ustunliklaridan foydalanish
Ba’zan ota-onalar taqiqlangan buyumlarni bolalardan olib qo‘yib, uni javonning eng baland joyiga qo‘yadi. Shunda bola o‘zining mukammal emasligini his eta boshlaydi. Bundan xafa bo‘lib, jahli chiqadi. Biz esa unga mojaroli vaziyatdan chiqishga yordam berish o‘rniga uni yolg‘iz qoldirib, o‘z qilmishi haqida o‘ylab ko‘rishga undaymiz.
Moddiy cheklashlar bilan qo‘rqitamiz
Ko‘pgina munozarali vaziyatlarda ota-ona farzandiga va’da qilingan o‘yinchoq yoki shirinlikni olib bermaslik bilan qo‘rqitishga urinadi. Bu usul bilan natijaga tezroq erishish mumkin, bola tezda o‘zini yaxshi tuta boshlaydi. Lekin u o‘zining yomon qilmishi yoki ota-onasining tuyg‘ulari haqida emas, faqat o‘zining foydasi haqida o‘ylay boshlaydi. Kattaroq bo‘lganda esa, biror narsani qo‘lga kiritish uchun qachon o‘zini yaxshi tutish lozimligini anglab qoladi, qahr-g‘azabini esa ichiga to‘play boshlaydi.
Jismoniy jazolash, baqirish, so‘kish
Bunday holatlarda bola mazkur xulq-atvorga taqlid qila boshlaydi. U kim kuchliroq va tajovuzkorroq bo‘lsa, o‘sha haq degan xulosa chiqaradi. Yoki bola ota-onasining bu kabi harakatlaridan qo‘rqib qolishi mumkin. Keyin esa barcha munosabatlar qo‘rquv asosida shakllana boshlaydi.
Bolani har bir noto‘g‘ri ishi uchun uzr so‘rashga majbur qilish. Vaholanki o‘zingiz bunday yo‘l tutmaysiz
Agar farzandingiz o‘z aybini tan olib, kechirim so‘rashini istasangiz, unga o‘zingiz o‘rnak bo‘ling. Faqat o‘rnak bo‘lish orqali bolani chin dildan uzr so‘rashga o‘rgatish mumkin.
Ko‘pchilikning oldida jazolash
Bolani tarbiyalash va jazolash uchun u bilan yolg‘iz qolgan vaqtni tanlagan ma’qul. Boshqa odamlarning oldida bolani jazolash uni kamsitish hisoblanadi.
Maqolani tayyorlashda «Ya Happy mama» sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.