Ijodiy fikrlash — Yangi g’oya inson aqliga qayerdan va qanday keladi?
Tog’ni joyidan qo’zg’atishni istasang, mayda toshlarni bir chetga surishdan boshla.
— Xitoy xalq maqoli
Fikr yoki g’oya bu — aqlimizning ijod faoliyati mahsulidir. Aqlimizda turli muammolarning yechimi yoki yangiliklar haqida fikrlar tug’iladi. Fikrlar odatda biror hayotiy muammo yechimini izlash jarayonida shakllanadi. Biror bir vazifa haqida o’ylaganda, biror qiyin vaziyatga tushganda inson fikrlashga majbur bo’ladi. Ba’zi hollarda insonda istamagan holda ham ajoyib fikr tug’ilishi mumkin. Ko’p olimlar shuni tan oladilarki, ularning aksariyati biror masalaning yechimini izlayotganda bir joyda o’tirmas, balki albatta harakatda bo’lib turishi kerak. Qachonki bizning tanamiz harakatda bo’lsa, shunda aqlimizga muammolar yechimi oson kelar ekan.
Ijodiy fikrlash uchun nima qilish kerak ?
G’oya aqlimizga qayerdan va qanday keladi ?
Qanday qilib aqlimizda yangi fikrlar paydo qilishimiz mumkin ?
Inson miyasida yangi fikrlar kelishi uchun nima qilish kerak ?
Ma’lum bo’lishicha odam piyoda yurayotganda yoki hojatxonada o’tirganda ijodiy fikrlar kelishi mumkin ekan… “Nega shunday?” — degan savollar insonni qiynashi mumkin. Siz qaysi soha vakili bo’lishingizdan qat’iy nazar fikrlashga muhtoj bo’lasiz. Miyangizga kelgan “tovushsiz gaplar”ni amalda bajarib ko’rasiz. Rassom yoki naqqosh, fizik yoki matematik, muhandis yoki arxitektor bo’lasizmi, kompyuter dasturchisi yoki dizayner bo’lasizmi, buning farqi yo’q, siz fikrlay boshlasangiz aynan o’zingiz qiziqqan sohada siz uchun yangi g’oya (fikrlar) aqlingizga keladi. Xudo insonni juda mukammal qilib yaratganki, uning ichki dunyosida ham katta olam bor. Inson fikrlay boshlasa, yechim topiladi. Har qanday istalgan savolingizni (u qanchalik murakkab bo’lmasin yoki hech kim javob topolmagan bo’lsa ham), agar astoyidil bir necha kunlar yoki oylar davomida o’ylasangiz, bir kun javob topiladi. Bu hol ko’p tajribalarda kuzatilgan. Insonning aqliga fikrlar qayerdan keladi ? — degan savol tug’iladi.
Ko’pchilikka sir emaski, ijodiy ish bilan shug’ullanadigan ba’zi kishilar, xususan ba’zi yozuvchilar mast qiluvchi ichimlik istemol qilib turadilar. Buning boisi, mast bo’lgan odam boshqa muammolarni unutadi va miyasi orom oladi. Lekin buning oqibati albatta yomon hisoblanadi. Muammolar yechimini topishning yo’li agar biror masala yoki muammoning yechimini izlayotgan bo’lsangiz, uzoq masofa tekis yo’lda piyoda yurayotgan paytingizda fikrlang. Eng kamida 3 kun davomida fikrlasangiz yanada yangi g’oyalar aqlingizga kelaveradi. Iloji bo’lsa, yon daftarcha va ruchka ham olib yuring. Agar, zamonaviy smartfon telefoningiz bo’lsa, uning “note” finksiyasidan foydalanish mumkin. Dmitriy Mendeleyevning yozuv stoli ancha baland bo’lib, ko’pincha tik turgan holda yozar ekan. Aytishlaricha, u birorta mashhur ilmiy ishini o’tirgan holda yozmagan ekan. Xonada tikka harakat qilib turgan holatda aqliga kelgan fikrlarni qog’ozga tushirgan ekan. Yana ba’zi holatda inson aqliga kutilmagan ajoyib fikrlar kelishi mumkin. Eng ajoyib fikrlar ko’pincha uyquga ketishdan oldin kelar ekan. Odam yarim uyqu aralash fikrlasa, nima haqida bo’lmasin shu o’ylayotgan narsasi haqida yangi g’oyalar kelishi mumkin ekan. Ammo ertalab uyqudan turganda bunday bo’lmaydi. Yana, bundan tashqari, hammomga kirib cho’milish paytida ham inson fikri sokinlashar ekan. Iliq suvda cho’milish paytida xotirjam bo’lib fikrlaganda ham aqlga ijodiy fikrlar kelar ekan. Insonga yoqimli bo’lgan sokin musiqa ohangi ham insonni ruhlantirishi mumkin. Odamni sokinlashtiradigan pianino yoki nay ohangi ta’sirida ijodiy kayfiyat paydo bo’lishi mumkin. Ovqatlanish fikrlashga foydami? Och qorinda odamning xayoli ovqatda bo’ladi. Och qorinda odamning boshi og’rishi mumkin. Ijodiy fikrlash uchun qorin juda och bo’lmasligi, shu bilan birga juda to’q ham bo’lmasligi kerak. Mumkin qadar, yengil ovqatlanish kerak. Meva, sabzavot, salatlar bilan taomlanish kerak. Baliq go’shti ham inson miyasiga juda foydali. Juda to’yib ovqatlanish fikrlashining sustlashuviga olib keladi va odam dangasa bo’lib, hatto o’ylashga ham madorsiz bo’ladi. Ob-havo ham odamning fikrlashiga ta’sir ko’rsatadi. Issiq havo odamni lanj (sust) qiladi. Aqliy mehnat bilan shug’ullanish uchun salqin havo qulay. E’tibor bersangiz, shimoliy mamlakatlarda – sovuq o’lkalarda yoki dengiz bo’yida yashaydigan xalqlar ichida ko’plab olimlar va kashfiyotchilar yetishib chiqqan. Xullas, Odamning aqliga yangi fikr – g’oyalar kelishi uchun miya sokin va orom olishi kerak. Fikr keladigan vaziyatlar bu: yotish payti — uyqudan oldin, hammom yoki hojatxona, yo’l yurish payti, sokin musiqa ohangida. Aqliy mehnat uchun mo’tadil havo ham yordam beradi.
Psixologlarning kuzatishicha, ko’rgazmali obrazlarni idrok qilishda idrok qilingan belgi va so’zlar o’rtasida aloqa o’rnatiladi, ya’ni ko’rish tajribasining verballashuvi yuz beradi.
Tafakkur jarayonida bir fikr zanjiridan boshqasiga asta-sekin o’tish kerak bo’ladi. Ba’zan shuning uchun birinchi fikrdan to oxirgi fikrgacha tafakkur nazari bilan qamrab olib bo’lmaydi. Biroq, inson fikrlarning uzun zanjirini umumlashtirib, uni bitta umumlashtiruvchi jarayon bilan o’zgartirish qobiliyatiga ega.
Fikrlash operasiyalarini umumlashtirish jarayoni
Fikrlash operasiyalarini umumlashtirish jarayoni – bir nechta tushunchalarni bittasi bilan anglash, simvollardan foydalanish qobiliyatidir. Ba’zi tadqiqotchilar ko’chkidek yopirilib kelayotgan ilmiy axborot oxir-oqibat fan taraqqiyoti tezligining susayishiga olib kelishi mumkin, deb o’ylagandilar. Ular ijod qilishdan oldin uzoq vaqt davomida zarur bilimlarni yig’ish kerak deb hisoblashardi. Biroq ilmiy axborot ortishi fan taraqqiyotini susaytirmadi yoki to’xtatmadi. Uni qabul qila olish esa, qisman, insonning umumlashtiruvchi aqli tufayli bo’ladi. Birmuncha mavhum tushunchalardan foydalanib, inson o’z aqliy diapazonini kengaytiradi.
O’xshashliklar qidirish – malaka yoki g’oyani ko’chirishning muhim sharti hisoblangan umumlashtiruvchi strategiyani ishlab chiqishdir.
Diqqatning keng bo’linishi muammoni yechish imkoniyatini oshiradi. «Begona» axborotdan foydalanib vazifani yechish – yondosh fikrlashdir. Buning namunali misoli Arximedning gidrostatikaning asosiy qonunini kashf etishida ko’rinadi. Agar muammo faoliyatning o’zgarmas maqsadiga aylansa, dominantlik qilsa, yondosh tafakkur foyda beradi. Fikr harakatini yo’naltiruvchi, maqsadning neyron modelida qo’zg’alish shakllantiruvchi va uni uzoq vaqt ushlab turuvchi miyaning qobiliyati iqtidorning tarkibiy qismlaridan biridir. Tashqi qo’zg’ovchini o’ziga tortuvchi dominanta – tushuncha, tasavvur, fikr, muammo bo’lishi mumkin.
Shotlandiyalaik vrach J. Danlopning o’g’li tosh yo’ldan velosipedda yurib qiynalardi. Danlop bog’ini shlang bilan sug’ora turib uning yengil, prujinasimon sakrashiga e’tibor berdi. Natijada u birinchi bo’lib shinani kashf etdi.
Keltirilgan barcha misollarda yondosh fikrlash qiyin muammoni, aynan uning dominant bo’lganligi, barcha tashqi qo’zg’ovchilarni o’ziga tortganligi uchun yechgan.
Ijodiy iqtidorning keyingi sharti – assosiasiyalash (bog’lash)ning yengilligi va bog’liq tushunchalar uzoqligi, ular orasidagi «ma’nolar masofasi». Obrazlar va tushunchalarni o’zaro bog’lash – ularni xotirada saqlashning konkret shaklidir. Tafakkur jarayonida oldindan tashkil etilgan va tartibga solingan (qisman idrok etish davomida) ma’lumotlardan foydalaniladi. Assosiasiv bog’lanishlar xarakteri joriy (o’sha vaqtdagi) idrok bilan birgalikda fikrlash jarayonining borishini belgilaydi va chegaralaydi. Inson xotirasidagi so’zlar assosiasiv guruhlarga to’planib turadi va idrok hamda tafakkur jarayonida tayyor holda ishlatiladi. Tayyor assosiasiv shablonlar fikrlashni tejaydi. Tayyor assosiasiyalarsiz tafakkur uzilgan, pala-partish bo’ladi, ya’ni fikrlash jarayoni og’ir buzilishga uchraydi.
Noto’g’ri farazni vaqtida rad eta olish qobiliyati ham tafakkur egiluvchanligiga kiradi. Agar qiziq, lekin noto’g’ri g’oya ustida uzoq bosh qotirilsa, vaqt boy beriladi. Farazni juda tez rad etish esa yechimni topish imkonini boy berishga olib kelishi mumkin. O’z mustaqil fikri natijasida o’ylab topilgan farazni rad etish juda qiyin. Buni quyidagi eksperimental vazifani yechishda ko’rish mumkin.
Fikr tug’ilishi uchun ongda bor obraz (model)ning hech bo’lmaganda ikkitasi qo’zg’alishi zarur. Miya har qanday fikrni u yoki bu konkret kodli shaklga soladi. Turli odamlarda ko’rish, eshitish, so’z, harf, raqam va b. kodlardan foydalanish qobiliyati har xil. Ma’lumotlarni kodlash aks ettirilayotgan hodisa mazmuni va tuzilishiga muqobil bo’ladi. San’atda va adabiyotda maxsus «kodlash» orqali mazmun yoritiladi. Masalan, mumtoz adabiyotda. Miya konkret kod orqali g’oya yaratadi. Agar odam ko’rgazmali-obrazli tasavvurlardan foydalanishga moyil bo’lsa, ko’rib idrok qilishi kuchli bo’ladi. Akustik-obrazli tasavvurning ustunligi musiqiy fantaziyadan darak beradi. Borliqni so’z-obrazlar shaklida o’zlashtirishga moyillik shoirlik fantaziyasini xarakterlaydi va h.k. Lekin bu — odamni rassom, kompozitor yoki shoir qilib qo’ymaydi. Bu kasblar qobiliyat, ko’nikmalarning yaxlit kompleksini, shuningdek, qobiliyatlarni yo’naltirishga yordam beruvchi shaxsiy sifatlarni talab qiladi.
Mustaqil fikrlash-shaxsning shunday qobiliyatiki, u tufayli odam narsa va xodisalar xususida o’z qarashi va nostandart yechimlariga ega bo’ladi. Masalan, konkret predmet — ruchkaning nima ekanligini va nima maqsadda undan foydalanish mumkinligini ko’pchilik biladi. Bu — yozuv quroli. Lekin agar mustaqil, nostandart tafakkurga erk berilsa, uning ko’rsatgich sifatida, yoki sanoq tayoqchasi o’rnida, yoki g’altakka o’xshatib ip o’rash mumkinligi kabi o’nlab funksiyalarini aytishi mumkin. Demak, mustaqil fikr-insonning narsa va hodisalar, jamiyatda ro’y berayotgan hodisalarning mohiyati xususida o’z qarashlari bo’lishini taqozo etadi, uning bilish va anglash imkoniyatlari chegarasini kengaytiradi.
Hozirgi buyuk islohotlar amalga oshirilayotgan O’zbekiston sharoitida mustaqil fikrlovchi yoshlarning bo’lishi davr taqozosi bo’lib, shaxsiy dunyoqarashga ega bo’lgan insonlargina jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi ko’plab loyihalarni ishlab chiqishga qodir bo’ladilar. Prezidentimiz siyosatining bosh omillaridan biri ham teran fikrlovchi, o’z mustaqil dunyoqa-rashiga ega bo’lgan iqtidorli shaxslarni kamol toptirish va tarbiyalashdir. Chunki o’zgalar fikriga qaram bo’lish, turli biddiyatlar va yot mafkuraga ergashish psixologiyasi jamiyat ma’naviyatini tanazzulga olib kelishi shubhasiz. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mustaqil fikrlash bir qarashda shaxsning individual xususiyati bo’lsa-da, bu xususiyat jamiyatda, insonlar o’rtasidagi munosabatlar muhiti yaxshi bo’lganda rivojlanadi. Ya’ni, agar kichik yoshidanoq bolaning ko’plab beradigan «Nega?» «Nima uchun?» qabilidagi savollariga o’rinli javoblarning berilishi, undagi shaxsiy fikrning rag’batlantirilishi, o’qituvchi tomonidan u yoki bu muammo bo’yicha har bir o’quvchi fikrining so’ralishi va o’z vaqtida javoblarning ma’qullanishi kabi omillar musatqil fikrlashning shart-sharoitlaridan hisoblanadi. Demak, mustaqil fikrlash ijtimoiy muhitga bog’liq qobiliyat ekan, guruh sharoitida tashkil etiladigan to’g’ri muloqot va samimiy muhit, bahs va tortishuvlarning omilkorona yo’lga qo’yilishi bunda katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.