Alisher Navoiy. Ruboiylar & Qit’alar, fardlar, ruboiylar, tuyuqlar

Alisher Navoiy mumtoz she’riyatning badiiy mahorat sirlarini puxta o‘rgangan buyuk shoirdir. Uning she’riyatida turfa xil badiiy san’atlar uchraydiki, ularni kengroq tadqiq qilish orqali shoir poetikasiga oid muayyan xulosalarga kelish mumkin. Xususan, Navoiy ruboiylarida qo‘llangan badiiy san’atlar palitrasi beqiyosdir… 
[img]http://www.savol-javob.com/dаta:image/gif;base64,R0lGODlhAQABAIAAAAAAAP//yH5BAEAAAAALAAAAAABAAEAAAIBRAA7[/img]

ALISHЕR NAVOIY

RUBOIYLAR

Alisher Navoiy. Ruboiylar & Qit’alar, fardlar, ruboiylar, tuyuqlar

BADOYI’ UL-BIDOYA»DAN

* * *

Yo rabki, inoyatingni yor ayla manga,

Yo‘qluqqa hidoyatingni bor ayla manga,

Har kahfi kifoyatingni dor ayla manga,

Har durri inoyating nisor ayla manga.

* * *

Jonimdog‘i «jim» ikki dolingg‘a fido,

Anding so‘ng «alif» toza niholingg‘a fido,

«Nun»i dog‘i anbarin hilolingg‘a fido,

Qolg‘on iki nuqta ikki xolingg‘a fido.

* * *

Gar oshiq esang, zebu takallufni unut,

Yaxshiyu yamon ishda taxallufni unut,

O‘tgan gar erur yamon, taassufni unut,

Kelgan gar erur yaxshi, tasarrufni unut.

* * *

Ey ishq, aning ko‘yida tavfi haram et,

Bizni dog‘i ul tavfg‘a boshla, karam et,

Bir doira ko‘yi tegrasida raqam et,

Gar chiqsa ayog‘im, raqamingdvn qalam et.

* * *

Yoshimg‘a bag‘ir qoni chu erdi monand,

Ko‘z asradi yoshdek bo‘lub andin xursand.

Turmadi ko‘zumda yetkach ul sarvi baland,

Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand.

* * *

Ko‘zum uchadur, magarki yorim keladur,

Es har dam ozar, magar nigorim keladur.

Yo bodiyayi firoq sayrida qilib

Yuz marhala qat’ shahsuvorim keladur.

* * *

La’lingni qilib nuktasaro, ey qaroko‘z,

Ishq ahli hayotig‘a yaro, ey qaroko‘z.

Chekma yana surma ko‘z aro, ey qaroko‘z,

El jonig‘a qilma ko‘z qaro, ey qaroko‘z.

* * *

Jonbaxsh labing chashmayi hayvonmu emas?!

Hajridin oning ichim to‘la qonmu emas?!

Har qatrayi qon la’li Badaxshonmu emas?!

Har porayi la’li javhari jonmu emas?!

* * *

Gar oshiq esang, mehru vafo qilma havas,

Dard istavu daf’ig‘a davo qilma havas,

Hijronu visol mutlaqo qilma havas,

Dildoringdin g‘ayri rizo qilma havas.

* * *

G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,

El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.

Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,

Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.

* * *

Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,

Har va’daki aylasa, vafodur anga shart.

Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,

Ollig‘a nekim kelsa, rizodur anga shart.

* * *

Bir gul g‘amidin dedim qo‘yay bag‘rima dog‘,

Bergaymu debon atri dimog‘img‘a farog‘,

Bargin chu mulavvas ayladi bum ila zog‘,

Emdi oni islamoqqa yuz hayf dimog‘.

* * *

Ko‘nglumni g‘amu dard ila qon ayladi ishq,

Ko‘z yo‘lidin ul qonni ravon ayladi ishq,

Har qatrani bilmadim qayon ayladi ishq,

Bedil ekanim buyla ayon ayladi ishq.

* * *

Zohid senu hur, manga jonona kerak,

Jannat sanga bo‘lsun, manga mayxona kerak.

Mayxona aro soqiyu paymona kerak,

Paymona necha bo‘lsa, to‘la yona kerak.

* * *

Yoshung‘on emish qaro bulutg‘a mohim,

Gardunni sovurmog‘lig‘ erur dilxohim.

Kirmish qaro tufroqqa quyoshdek shohim,

Nevchun qaro qilmasun quyoshni ohim?!

* * *

Ko‘nglum gulu sarv mayli qilmas, netayin?

Sarvu gul ila dame ochilmas, netayin?

Dar sho‘x ko‘runsa, ko‘zga ilmas, netaynn?

Bir sho‘xkim, ul tilar — topilmas, netayin?

* * *

Dedim zaqaning tutub saqog‘ingni o‘pay,

Ko‘z qoshingga surtubon qabog‘ingni o‘pay,

Guldek yuzung islabon, dudog‘ingni o‘pay,

Yo‘q, yo‘q, yo‘q, agar desang ayog‘ingni o‘pay.

«G‘AROYIB US-SIG‘AR»DAN

* * *

O‘lsam yasamang munda mazorimni mening,

Yuklab eliting jismi figorimni mening.

O‘tru chiqarib ahli diyorimni mening,

Ko‘yida qo‘yung tani nizorimni mening.

* * *

Ey ulki, zamona ahlidin ayrilding,

Ishq ahli tariqi xo‘b ekanni bilding.

Xush qilding, alar tavriniyu qotilding,

Rahmat sanga, yaxshi aylading, xush qilding.

* * *

Sadbarg, binafsha, yo‘qsa nargis, yo gul,

Ichmak bo‘lmas bular havosi bila mul.

To hajr yelidin o‘ldi oshufta dimog‘,

Yuz noxuna ko‘z ichravu yuz pora ko‘ngul.

* * *

G‘urbatqa tushub zaifu bemor o‘ldum,

Dardu g‘amu mehnat ilgida zor o‘ldum.

Sartosar ajal toshidin afgor o‘ldum,

Sensiz ne balolarg‘a giriftor o‘ldum.

* * *

Ey bodi sabo, agar havo aylagasen,

Gulshang‘a yetarni muddao aylagasen.

Sarv ollida yer o‘pub duo aylagasen,

Gul qoshida qullug‘um ado aylagasen.

* * *

Menmenmu visol umididin shod o‘lg‘an,

Bir-bir g‘amu anduhdin ozod o‘lg‘an.

Oz-ozg‘ina bergan soyi gul atri nasim,

Bulbuldek ishim nolavu faryod o‘lg‘an.

* * *

Chun lola to‘kuldi, lolagun jom ichma,

Gul fasli tugandi mayi gulfom ichma.

Javzoda chu tutti mehr orom ichma,

Ko‘p bo‘lsa zarurat o‘lmayin shom ichma.

* * *

Ham jismingga za’f bo‘lsa jonim sadqa,

Ham joningga jismi notavonim sadqa.

Sarvingg‘a shikast o‘lsa ravonim sadqa,

Yo‘q-yo‘qki, sanga jonu jahonim sadqa.

* * *

Yo koshifi asrori nihon bo‘lsa kishi,

Halloli rumuzi osmon bo‘lsa kishi.

Yo oshiqi zori notavon bo‘lsa kishi,

Devonavu rasvoyi jahon bo‘lsa kishi.

* * *

Furqat sahari g‘amg‘a yo‘liqturdi meni,

Hijron kuni yuz balog‘a topshurdi meni.

G‘am shomi o‘lum holig‘a yetkurdi meni,

Tong otqucha uyqusizlig‘ o‘lturdi meni.

* * *

Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,

Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi.

Eng birla menging yaxshi, saqog‘ing yaxshi,

Bir-bir ne deyin, boshdin ayog‘ing yaxshi.

* * *

Hajring sipahi zeru zabar qildi meni,

G‘am kishvari ichra darbadar qildi meni.

Andinki batar emas, batar qildi meni,

Jon olg‘ucha ne deyki, nelar qildi meni.

kh-davron.uz