Sen bahorni sog’inmadingmi?

Uyg’onguvchi bog’larni kezdim,


Topay dedim qirdan izingni.


Yonog’ingdan rang olgan dedim —


Lolazorga burdim yuzimni,


Uchratmadim ammo o’zingni, —


Sen bahorni sog’inmadingmi?


Uzoqlarda zalvorli tog’lar


Xayolimni keldilar bosib.


Kechdi qancha intizor chog’lar,


Vasling menga bo’lmadi nasib,


Sensiz men ham, bahor ham g’arib, —


Sen bahorni sog’inmadingmi?


O’ngirlarda sakraydi ohu,


Na’matakda sa’va mittijon.


Qorliklardan sipqarilgan suv,


Daralarda uradi javlon.


Nigohimdan faqat sen pinhon, —


Sen bahorni sog’inmadingmi?


Mana, bugun navro’zi olam,


Do’stlarimga gullar tutarman.


Qaylardasan, sevgili erkam…


Qo’limda gul, seni kutarman,


Umrim bo’yi chorlab o’tarman, —


Sen bahorni sog’inmadingmi?


Manba https://tafakkur.net/sen-bahorni-soginmadingmi/abdulla-oripov.uz