??♂️ Oliy ta’lim muassasasini qanday tanlash kerak?
Oliy ma’lumotli bo‘lishga sarflagan vaqtingizga (va pulingizga!) afsuslanmaslik uchun o‘zingizga bir nechta savollar bering.
✅ Menga qaysi kasb yoqadi?
Oliy ta’lim muassasasini tanlash qaysi kasbni egallashni xohlashingizga bog‘liq. Aytaylik, huquqshunos bo‘lishga qaror qildingiz. Bunday mutaxassislarni tayyorlaydigan oliygoh ro‘yxatini tuzing va har birining ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qiling. O‘qituvchilar tarkibi qayerda kuchliroq ekanligini, malaka oshirish (stajirovka) va amaliyot qanday o‘tishini, ma’ruzalar qanday formatda o‘tkazilishini bilib oling. OTM rahbariyati tomonidan intizom va o‘quv jarayoniga qo‘yiladigan talablarga e’tibor bering.
Kerakli barcha ma’lumotlarni olishning eng yaxshi usuli — bu bitiruvchilar yoki hozirgi vaqtda bakalavrda ta’lim olayotgan talabalar bilan suhbatlashishdir. Talaba birodarlar — juda ahil va ochiqko‘ngil bo‘lishadi va hech qachon mavjud bo‘lgan muammolarni yashira olmaydilar ?
✅ To‘lov-kontrakt asosidami yoki grant?
Albatta, har birimiz grant asosida o‘qishni va o‘qish uchun to‘lov haqida qayg‘urmay ta’lim olishni istaymiz. Afsuski, davlat granti uchun o‘rinlar chegaralangan, o‘qishni istaydiganlar esa har doim ko‘p. Agar, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinsangiz, uni qanday to‘lashingizni oldindan o‘ylab ko‘ring va uning narxi yiliga kamida bir marta oshishini yodda tuting. OTM va ta’lim yo‘nilishini tanlashda to‘lov-kontrakt miqdorini inobatga oling.
✅ Davlat yoki nodavlat OTM? Mahalliymi yoki xorijiy?
Bularning barchasi qiziqishlaringiz va imkoniyatlaringizga bog‘liq. Asosiysi, ta’lim muassasasi davlat akkreditatsiyasiga ega bo‘lsin.
✅ Qayerda yashaysiz?
Bu boshqa shaharda o‘qishni rejalashtirganlarga tegishli. Yotoqxonami yoki ijaraga olingan xonadon? Birinchi variant arzonroq va shubhasiz, quvnoq bo‘ladi, ammo siz o‘sha yerdagi sharoitlarga, jumladan, yashash sharoitlariga moslashishingiz kerak bo‘ladi. Ikkinchi holda, qulaylik darajasini o‘zingiz belgilaysiz, ammo bu imkoniyat uchun to‘lashingiz kerak bo‘ladi. Spoyler: stipendiyangiz, albatta, yetarli bo‘lmaydi!
✨ Ushbu va boshqa omillarni tahlil qilib, sizning oldingizda yangi bilimlar, tanishuvlar va imkoniyatlar bilan to‘la qiziqarli talabalik yillari turganini unutmang. Bu vaqtdan o‘zingiz uchun maksimal darajada naf bilan foydalaning!