— Bilasanmi do‘stim, men ingliz tilini o‘rganishni boshladim.
— O, qanday ajoyib! Xo‘sh qiyin emas ekanmi?
— Biroz qiynalyapman. Ayniqsa, lug‘at yodlash muammo. Qancha so‘zlarni yod olsam ham, biroz vaqt o‘tib ular xotiramdan ko‘tarilib ketyapti, to‘g‘risi nima qilishga hayronman. Yoki menda xorijiy tillarni o‘rganishga qobilyat yo‘qmikan, bilmadim…”.
Bu kabi suhbatlar bizning qulog‘imizga deyarli har kuni chalinadi. Aslini olganda, bu holat til o‘rganishga bo‘lgan qobilyatning yo‘qligidan emas, balki aqliy quvvatni to‘g‘ri yo‘naltira olinmayotganligida.
Aytaylik, o‘quvchi ingliz tilida kitob o‘qimoqda. Uning butun nigohi kitobga qaratilgan, biroq hayoli parishon. Nega? Chunki kitobdagi juda ko‘p so‘zlar unga notanish bo‘ladi. Lug‘atni qo‘lga olib, har bir yangi so‘zning tarjimasini topguncha toliqib, zerikib ham ketadi. Yangi so‘zlarni bee’tibor qoldirsa, kerakli ma’lumot ham e’tibordan chetda qolib ketishi mumkin. Oqibatda na yangi so‘zlarni samarali o‘rganadi, na o‘qiyotgan kitobini yaxshi tushunadi.
Darhaqiqat, har qanday xorijiy tilni o‘rganishdagi eng katta muammo bu so‘z yodlashdir. Negaki, bu jarayonda siz o‘nlab yoki yuzlab emas, balki minglab yangi so‘zlarni o‘rganishingiz talab etiladi. Sizning so‘z boyligingiz tilni qay darajada bilishingiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, kelajakda boshqa sohalardagi muvaffaqiyatlaringizga yo‘l ochuvchi kalit hamdir.
Shu o‘rinda ingliz tilini o‘rganayotgan kishi uchun nechta so‘zni yoddan bilish kerakligini ham aytib o‘tish lozim. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, qaysi tilda bo‘lishidan qat’iy nazar, kundalik muloqot uchun 1200-2000 ta so‘zni bilish talab qilinadi. Demak, ingliz tilida erkin muloqot qilish uchun shuncha so‘zni bilish kifoya qiladi. Tajribali pedagoglar fikriga qaraganda, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini topshirish jarayonida ingiz tili fanidan test savollarini muvaffaqiyatli yechish uchun 4500-5000 ta so‘z bilish talab qilinadi.
Xorij oliygohlariga kirish uchun topshiriladigan IELTS imtihonida yuqori bal olishni xohlagan o‘quvchi kamida 7000 ta so‘zni mukammal bilishi kerak. Ingliz tilida faoliyat ko‘rsatuvchi olimlar, yozuvchilar va shoirlar 12000-15000 ta so‘zdan foydalana olishlari aniqlangan.
Shunisi aniqki, ingliz tilini qay maqsadda va qancha muddat davomida o‘rganishidan qat’i nazar, siz, albatta, bir necha ming so‘zni mustahkam o‘zlashtirishingiz shart. Bu esa o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun chet tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar ko‘pincha so‘z yodlashni qiyin va zerikarli ish deb biladi? Bizningcha, bunga sabab ilk chet tillarini o‘rganish davridagi so‘z yodlash uslublarining unchalik ilg‘or va qulay bo‘lmaganligidir.
Chet tilida yangi so‘zlarni o‘rganish bo‘yicha yuzlab uslublar va qoidalar mavjud desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Siz uchun ularning ayrimlarini taqdim etamiz.
Mnemonika
Mnemonika – o‘xshashlik, bog‘liqlik asosida xotira hajmini kengaytirish va kerakli ma’lumotlarni eslab qolish uchun maxsus uslublar to‘plamidir. Bunda yangi noma’lum bo‘lgan tushunchalar inson ongida allaqachon mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bilan bog‘lanadi va natijada yangi axborotni eslab qolish osonlashadi.
Keling, bu uslubga oid bir misolni ko‘rib chiqamiz: yilning qaysi oylari 31 kun va qaysilari 30 kun ekanligi har doim ham insonning yodida turavermaydi. Buni siz quyidagi inglizcha she’r yordamida osonlik bilan o‘rganib olishimiz mumkin.
Thirty days have September,
April, June and November,
All the rest have thirty-one;
February has twenty-eight alone,
Qolaversa, mnemonika ba’zi ma’lumotlarni eslab qolishni osonlashtirish uchun o‘zingizni topqirligingizdan foydalanishga ham imkon beradi.
Masalan, ingliz tilida soat, aniq vaqt aytilganda, birinchi 30 daqiqada “past” (o‘tdi) so‘zi ishlatiladi: 05:20 twenty past five – beshdan yigirma daqiqa o‘tdi. Endi, agar mexanik qo‘l soatiga qarasangiz, har soatning birinchi yarmida strelkalarni pastga qarab harakatlanayotganini ko‘rasiz. Demak, ingliz tilida past so‘zi ishlatilganda, soat strelakalari pastga qarab harakatlanadi.
Soatning ikkinchi yarmida esa ingliz tilida “to” (ta kam) predlogi ishlatiladi: 08:43 – seventeen to nine – o‘n yettita kam to‘qqiz. Bu holatda 30-daqiqaga qadar pastga tushgan strelkaning endi to 60-daqiqagacha tepaga ko‘tarilishini tasavvur qilamiz. Vaqtni aytishni bunday usulda o‘rgangan odam uni hech unutmasa kerak.
Mazkur usulning asosiy g‘oyasi murakkab bo‘lgan ma’lumotning miyamizga osongina yodlanish yo‘lini topishga qaratilgan. Miyamiz rasm, rang, shakl, ovozlarni eslab qolishga moslashgan.
Kalit so‘z usuli yoki fonetikaga e’tibor
Bu o‘rinda asosiy texnika “kalit so‘z” texnikasi bo‘lib, buni talaffuz uslubi deb ham atashadi. Aytaylik, qaysidir so‘zni o‘yladigiz, misol uchun, “a dish” (ingliz tilida “idish” degani). Endi uning qanday talaffuz qilinishiga e’tibor berasiz va o‘zingizga ma’lum bo‘lgan ohangdosh tushuncha bilan bog‘laysiz. So‘ng esa shular asosida g‘ayrioddiy tasavvur topib, tanish makonga joylashtirasiz va paydo bo‘lgan yangi tushunchaga doir gap tuzasiz.
Bizarre /biza:/ — g‘alati. Bu so‘zni o‘zbek tilidagi bozor so‘ziga bog‘laymiz. Shunday tasavvur qilamizki, chet ellik mehmon uchun bizning bozor g‘alatidek tuyuldi-da, u “bizarre bu – bozor” deb, bozordan narsalar xarid qilaverdi.
Push /push/ — itarmoq. Bu so‘z uchun o‘zbekcha “Po‘sh-po‘sh!”ni tanlaymiz. Yana bozorni eslaymizda u yerda aravakash “po‘sh-po‘sh” deb aravani itarib ketayotganini tasavvur qilamiz.
Eminent /eminent/ — mashhur. Bu so‘zga esa o‘zingiz bilgan qofiyadoshni topish muammo bo‘lmasa kerak – qo‘shiqchi Eminem. Tasavvur qilamizki, mashhur rep qo‘shiqchisi Eminem kuylayotganda, qo‘qqisdan chiroq o‘chib qolib, fonogrammada kuylayotgani ma’lum bo‘lib qoladi. Bir gap bilan aytganda, Eminent Eminem couldn’t sing very well.
O‘zbek tiliga moslashtirish usuli
Ingliz tilida so‘z yodlayotgan o‘quvchi yana bir qiziq holatga duch kelishi mumkin. U ham bo‘lsa, ba’zi inglizcha so‘zlarning o‘zbekcha so‘zlar bilan nafaqat ohangdosh, balki ma’nodosh ekanligi hamdir. Albatta, bunga o‘xshash so‘zlar sanoqli, lekin harakat va izlanishlar orqali bunday so‘zlarni ko‘plab topishingiz va so‘z boyligingizni yanada ko‘paytirishingiz mumkin.
Quyida shunday so‘zlardan misollar keltiramiz:
To chop – chopmoq
Daddy – dada
The wall – devor
A voice – ovoz
Asphalt –asfalt
Galosh –kalish
Pistachio – pista
Candy – qand
Candle – qandil
A dish – idish
Lug‘at daftari tutish san’ati
Lug‘at daftari – har qaysi tilni o‘rganayotgan inson tutishi lozim bo‘lgan yordamchi vositadir. Ko‘pchilikning lug‘at daftari zerikarli, bee’tibor, pala-partish bo‘ladi. O‘quvchilar bunday tartibsizlik yangi so‘zlarni eslab qolishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Lug‘at daftaringizda turli xil rangdagi ruchkalardan foydalaning. Lug‘at tutishdagi eng katta xato bir xil rangli ruchka ishlatishdir. Tasavvur qiling, lug‘atdagi hamma so‘zlar ko‘k rangda yozilgan, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, manzara naqadar zerikarli! Aynan shundan keyin bola o‘qishdan zerikadi-da. O‘quvchining ijodkorlik xususiyati pasayib ketadi. Natijada esa miyamiz zerikkan narsaga e’tibor qaratishni xohlamaydi.
So‘zlar oldiga rasmlar chizish. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, agar so‘zlarning oldiga rasm qo‘yib yodlasangiz, eslab qolish ehtimoli oshar ekan. Ayniqsa, lug‘at daftaringizdagi qiyin va yaqqol tasavvurga moyil yangi yodlanadigan so‘zlarga rasm chizish kerak. Eng muhimi, chiroyli chizish emas, balki yangi so‘zga moslab chizish zarur. Bundan uyalmaslik ham kerak. Axir qachongacha uyalib foydali ishlardan o‘zingizni tiyib yurasiz?! Bundan tashqari, rasm fotografik xotirangizni biroz bo‘lsa ham jonlantiradi.
Ijodiy qobilyatingizni ishga soling. Turli xil naqshlardan foydalaning va daftaringizni bezang. Keyinchalik unga qaraganingizda havas bilan qaraydigan bo‘ling. Shu bilan birga, lug‘at yodlaganda, o‘zingiz uchun qonun-qoidalar bo‘yicha lug‘at daftarini yodlashingiz yaxshi natijalar beradi. Shunday qonuniyatlardan biri bu so‘zlarni guruhlarga ajratish va ularni turli xil ruchkalar bilan yozib borishdir. Qora ruchka bilan fe’llarni, ko‘k ruchka bilan otlarni va qizil ruchka bilan sifatlarni yozish mumkin. Albatta, qaysi guruhdagi so‘zlarni qaysi rang bilan yozish sizning mustaqil tanlovingizdir.
So‘zlarni oldiga gaplar ham tuzib keting. Gaplar tuzib ketish so‘zlarni faol yodlashga olib keladi va uni keyinchalik boshqa gaplarda ishlatilishiga ham qiyinchilik tug‘dirmaydi. Agar qiyin bo‘lmasa kundaligingizga kirib borayotgan yangi so‘zlar qatnashgan she’r, aforizmlardan parchalarni ham yozib borsangiz, natija yana ham yaxshi bo‘ladi.
Donishmandlar aytganidek, “Boshqa tilni o‘rganish faqatgina boshqa so‘zlarni o‘rganish emas, balki narsalar haqida boshqacha fikrlashni o‘rganish hamdir”. Bu tushunchalarni tez va oson o‘zlashtira olish bizning so‘z yodlash sirlarini qay darajada amalda qo‘llay olishimizga ham har jihatdan bog‘liqdir.
Manba: xabardor.uz