Savol-Javoblar » Talaba » Kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishini “qizil”ga bitirganlar magistraturaga imtihonsiz kiradimi?
Kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishini “qizil”ga bitirganlar magistraturaga imtihonsiz kiradimi?
Kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishini “qizil”ga bitirganlar magistraturaga imtihonsiz kiradimi?
✅ JAVOB: Ha, ular imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
Bu haqda Xushnudbek Xudoyberdiyev tushuntirib berdi.
2020 yil 12 avgustdagi PQ-4805-sonli Prezident qarori bilan OTMlarning kimyo va biologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bo‘lgan bitiruvchilari mazkur OTMlarning magistratura mutaxassisligiga qo‘shimcha imtihonlarsiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi belgilangan.
2020 yil 6 oktyabrdagi PQ-4851-sonli Prezident qarori bilan esa OTMlarning informatika va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli diplomga ega bo‘lgan bitiruvchilari mazkur OTMlarning magistraturasiga kirish imtihonlarisiz to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi, deyilgan.
Talabalardan shu bo‘yicha savollar kelib tushayotganligi uchun, mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Abduqodir Toshqulov bilan bog‘landik va tegishli tushuntirish oldik.
Demak, ushbu imtiyozlar joriy yildan amalga kiritiladi. Tartibi quyidagicha bo‘ladi:
1️⃣ kimyo va biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishini imtiyozli diplomga ega bo‘lgan talabalar o‘zlari tugatgan OTM magistraturasining tegishli mutaxassisligiga hujjat topshiradi;
2️⃣ so‘ngra ular belgilangan tartibda imtihonga kirishadi. Chunki yuqoridagi imtiyozlar faqat to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyatini beradi xolos. Vaholanki, o‘sha abituriyent balki o‘z kuchi bilan davlat grantiga ham kirishi mumkin. Shu sababli uni bunday imkoniyatdan mahrum qilish mantiqsizlik bo‘ladi;
3️⃣ abituriyentning imtihon natijasiga qaraladi. Agar u davlat grantiga kirgan bo‘lsa, unda davlat granti asosida o‘qiydi va o‘z-o‘zidan Prezident qarorida belgilangan imtiyoz qo‘llanmaydi. Agar u to‘lov-kontraktga kirgan yoki umuman imtihondan yiqilgan bo‘lsa ham, Davlat qabul komissiyasining qarori bilan u o‘sha magistratura mutaxassisligiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi, ya’ni unga imtiyoz qo‘llanadi.
P.S.: hozir shu ma’lumotlarni yozish asnosida boshqa bir narsani o‘ylab qoldim, ushbu imtiyoz qo‘llanganda abituriyent kvota ichida qabul qilinadimi yoki qo‘shimcha kvota bilanmi? Prezident qarorida qo‘shimcha kvota deyilmagan, demak katta ehtimol bilan ular kvota doirasida qabul qilinadi. Yana ham bu masalaga aniqlik kiritishga harakat qilamiz.