Kosa tagida nimkosa… (Qo‘lbola hikmatlar)

Hikmatlar qadimdan mavjud va ular turlichadir.Zamona zayli bilan hikmatlarning yangicha turi, aytish mumkinki satirik adabiyotning yangi janri paydo bo‘ldi. Goho nim tabassum, goho achchiq zaharxandaga yo‘g‘rilgan, qisqa, ta’sirchan, mo‘ljalga bexato uradigan bunday qo‘lbola hikmatlarning doimiy ijodkorlari va muxlislari maydonga chiqdi. Bunday bitiklar shunchaki so‘z o‘yini yoki oddiy hazil-mutoyiba emas, albatta. V.Mayakovskiy, E.Krotkiy, M.Svetlov kabi mashhur kishilarning hozirjavoblik bilan aytgan o‘tkir hazillari og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurishi bejiz emas.

Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan qo‘lbola hikmatlar Don-Aminado, Ilya Ilf, Emil Krotkiy, Sal Melamed qalamiga mansub bo‘lib, «Aforistika va karikatura» kitobidan (Moskva-2006) olindi.

Jurnalxon bu «nimkosa» gaplarni shoshilmay o‘qib chiqib, olam-olam zavq-shavq olishi shubhasiz.


DON AMINADO


— Otishma – fikrni masofadan uzatish.

— Sochlar xuddi do‘stlarga o‘xshaydi: oqaradi va siyraklashadi.

— Insoniyatni istaganingcha sevaver, ammo javob sevgisini kutma.

— Agar dunyodan o‘tganimizdan keyin biz haqimizda nima deb gapirishlarini bilsak edi, allaqachon yashamagan bo‘lardik.

— Afsonaviy hayot uchun ham o‘limdan boshqa yakunni o‘ylab topib bo‘lmaydi.

— Senga umrboqiylik haqida gapirishayotganda soatingga qarayverma.

— Yangicha hayotni dushanbadan boshlagan ma’qul.

— Aqlli odam alohida ajralib turish uchun atrofiga ahmoqlarni to‘playdi.

— Barvaqt qarib qolish kechikkan yoshlikchalik xavfli emas.

— Oilaviy hayotni hech narsa shaxsiy kotibachalik barbod qila olmaydi.

— O‘zingdan ketganingda qaytib kelishni unutma.

— Chinakam do‘stlik izhori dil uchun emas, tinglash uchundir.

— Iqtiboslar faqat begona fikrni ifodalab qolmay, o‘zingning yalang‘och fikringni ham xaspo‘shlaydi.

— G‘iybat – mehmondo‘stlik uchun to‘lov.

— Oxirigacha aytilmagan fikrgina eslab qolishga arziydi.

— O‘likdan nusxa ko‘chirish tirikning niqobini olishdan ko‘ra oson.

— Uyqusizlikdan azob chekmagan odam o‘zining tarjimai holini bilmaydi.

— Sevgi qoidasi: muqaddima qancha uzun bo‘lsa, ishqiy sarguzasht shuncha qisqa bo‘ladi.

— Dohiylar xalqdan chiqadi, ammo unga qaytmaydi.

— Erkaklar shunchaki, ayollar esa ko‘zda yosh bilan yolg‘on so‘zlaydilar.

— Iltifotli, hamisha yordamga shay odamlarning bitta kamchiligi bor: ularni uyidan topib bo‘lmaydi.

— Bittasi xurrak otganda ikkinchisi eshitmaydigan nikoh baxtli nikohdir.

— Har bir odam haqida roman yozish mumkin, lekin hamma odam ham ta’ziyanomaga arziyvermaydi.

— Yozuvchilar mashhurlar, mashhur bo‘lmaganlar va bedarak yo‘qolganlar toifasiga bo‘linadi.

— Ikki xil yo‘l orqali – aqllilar yoki ahmoqlar bilan hamtovoq bo‘lib hayotingni do‘zaxga aylantirishing mumkin.

— Sevgida uchta tinish belgisi bo‘ladi: undov, ko‘p nuqta va nuqta.

— Sevgi abadiy bo‘lishi uchun sovuqqonlik ikki tomondan bo‘lishi lozim.

— Eng katta fil vatanini jimgina sog‘inadi, eng kichik shoir esa hammayoqqa ayuhannos soladi.

— Sodda bolalarni laylaklar olib keladi, hamma narsani bilishga qiziqadigan bolalar o‘zlari tug‘iladilar.

— Bo‘sh qorin bilan to‘laqonli hayot kechirish qiyin.

— Jimgina gunoh qilish mumkin bo‘lganda baqirib tavba qilishning nima hojati bor?

— Xotin iqlimni yaratadi, er esa ob-havoni belgilaydi.

— O‘ta aqlli bo‘lib ko‘rinish uchun uzoq xo‘mrayib turish kerak.

— Yashash uchun hech qanday natija bermaydigan kurash g‘oyaviy kurashdir.

— Haykal uchun qahramon, uni almashtirish uchun esa olomon kerak.

— Yordam qo‘lini cho‘zayotganda uni mushtga aylantirmang.

— Eshikni taraqlatib yopishdan oldin uning taraqlashiga ishonch hosil qil.

— O‘z so‘zining xo‘jayini bo‘lishdan ko‘ra g‘oyaning quli bo‘lish osonroq.

— O‘tmishdoshlarni devorga, zamondoshlarni esa duch kelgan joyga osadilar.

— Davlatmand yozuvchilar choychaqa, kambag‘alroqlari esa intervyu beradilar.

— O‘tmish afsonaga aylanganda zamona bema’nilikka yuz tutadi.

— So‘z bilan xafa qilish, lug‘at bilan esa mayib qilish mumkin.

— Har bir aroqxo‘r bolaligida sutxo‘r bo‘lgan.

— Ishonch mustahkam bo‘lishi uchun aldov uzoq davom etishi lozim.

— Agar Diogen o‘z vaqtida uylanganda edi, bochkagacha yetolmasdi.


ILYa ILF


— Pochtachiga o‘chakishib o‘ziga behisob xatlar yozdi.

— Yolg‘onchilar musobaqasida to‘g‘ri gapni aytgan odam birinchi o‘rinni oldi.

— Botir bo‘lish buyurildi.

— U podsho huzuriga tashrif buyurmoqchi bo‘ldi. Bundan xabar topgan podsho taxtidan voz kechdi.

— Hozircha bironta yo‘lovchi avtomashinani bosib ketgani yo‘q, ammo shunga qaramay negadir mashina egalari norozi.


EMIL KROTKIY


— Har xil usulda suzadilar, bir xil usulda cho‘kadilar.

— Donishmandlar va tish do‘xtirlari ildizga qaraydilar.

— Uni iste’doddan mahrum qilib bo‘lmasdi : chunki iste’dodning o‘zi yo‘q edi.

— Hatto yomon kishilar to‘g‘risida ham yaxshi kitoblar yozish kerak.

— Ehtiyotkor muharrir hatto ko‘paytirish jadvalini ham bahs ruknida chop etadi.

— Tramvay haydovchisi yangi yo‘l qidirsa, vagonlar izdan chiqib ketadi.

— Haykaltarosh marmardagi o‘z xatosini mangulikka muhrlab qo‘ydi.

— Hech bir masalada mas’uliyatni zimmasiga olmasdi. Hatto yer aylanadi desa ham, «Kopernikning fikricha» deb qo‘shib qo‘yardi.

— Adabiyotga xuddi imlo xatosidek kirib oldi.

— Soat zanjirband bo‘lsa-da, vaqt yugurik.

— U kek saqlamasdi : boshqalarga qilgan g‘alamisligini unutvorardi.

— Qo‘shnisidan tashqari butun insoniyatni sevardi.

— Yaxshi yozuvchi o‘zini tushunmasliklaridan qo‘rqadi, yomoni esa tushunib qolishlaridan hadiksiraydi.

— Elektr lampochkasining hayoti hamisha qil ustida.

— Nuqtai nazarini hadeb o‘zgartiraverganidan u ko‘pnuqtaga aylanib ketgandi.

— Yegulik qo‘ziqorin panada, zaharlisi esa ochiq ko‘rinib turadi.

— Unutilgan fikr hamisha ahamiyatli tuyuladi.

— Tushini yaxshiroq ko‘rish uchun ko‘zoynak taqib uxlardi.

— Darz ketgan oynadan qarayotgan odamga dunyo parchalangandek tuyuladi.

— Mikroskop kattalashtirib ko‘rsatganda mikroblar xavfli bo‘lib qolmaydi.

— Yulduzlar ko‘klarga ko‘tarishga muhtoj emas.

— Yaxshi hikoya qisqa bo‘lgani, yomoni – yanada qisqa bo‘lgani ma’qul.

— Yurak qoni bilan yozish kerak. Begonaning emas, o‘z yuraging qoni bilan.

— Odam ahmoqlik holatida xuddi kuyadori sepilgan po‘stinday saqlanadi.

— Nikoh – ikki xil asab tizimining tinch-totuv yashashidir.

— Pesada va zalda bo‘sh joylar ko‘p edi.

— Aks-sado ham javob beradi, ammo o‘zi uchun emas.

— Shaxmatdagi ot ham qoqilishi mumkin.

— Tuzlangan baliq suvni sog‘inmaydi.

— Bunaqa basharaga faqat shapaloq yarashadi.

— Hech narsa o‘qimasdi. U kitobxon emas, yozuvchi edi.

— Sancho Panso bilan birga adabiyotga uning eshagi ham kirgan.

— Balet – karlar uchun opera.

— Hayot – maktab, ammo uni tugatishga oshiqmaslik kerak.

— Eri shu qadar rashkchi ediki, hatto begona erkaklarning tushiga kirishiga ham izn bermasdi.

— Suvga ko‘pchilik sakraydi. Kamdan-kam odamgina undan quruq chiqadi.

— Hayotida «Chin so‘zim!» deya ko‘p marta va’da bergani uchun oxiri chin so‘zning o‘zi qolmagandi.

— Konfliktsizlik nazariyasini astoydil himoya qilarkan, hamma do‘stlari bilan janjallashib qoldi.

— Shishadan tashqari hech kimning bo‘g‘zidan olmasdi.

— Jiddiy ko‘rinishdan qo‘rqib hazil qilardi. Yig‘lavormaslik uchun kulardi.

— O‘z xotiniga xushomad qilish uning uchun xuddi qovurilgan qushni ovlashday bema’ni tuyulardi.

— Tog‘larni undan yuksak bo‘lgani uchun yoqtirmasdi.

— Uning kallasi qabul soatlaridan tashqari kelgan fikrlarni qabul qilmasdi.

— Kallang bilan to‘pni qaytarayotib buni aqliy mehnat deb hisoblama.

— Sevgida va kinoda u faqat qisqa metrajlisini tan olardi.

— Hamma uni cho‘chqa derdi, ammo ishtaha bilan yeyishardi.

— Bir umr o‘zini kovlashtirdi, ammo bu qazishmalar hech qanday natija bermadi.

— Tarixchilar va satiriklar uchun hamma narsa o‘tmishda bo‘ladi.

— Agar odamlar aytadigan gapi bo‘lgandagina so‘zlasalar edi, bu dunyoni vahimali sukunat chulg‘agan bo‘lardi.

— Yer haqiqatan ham aylanadi, ammo shaxsiy hayotda buni hisobga olmasa ham bo‘laveradi.

— Haq bo‘lishning o‘zi kifoya emas. O‘z vaqtida haq bo‘lish kerak.

— Xonim muzqaymoq kabi sovuq edi, muzqaymoq kabi oson erirdi.

— Xonim tramvayda joy bo‘shatishganda xafa bo‘lardi.

— Bulbulni masal bilan boqmaydilar, kitobxonni esa bo‘kib qolguncha to‘ydiradilar.

— Men yuz grammdan ortiq ichmayman, ammo yuz gramm ichgach, men boshqa odamga aylanaman, ana o‘sha odam ko‘p ichadi.

— Hayotdan orqada qolmaslik uchun hamma dafn marosimlarida qatnashardi.

— Sichqonqopqon emas, erkakqopqon.

— Shuhrat o‘limga o‘xshaydi: odamni yaqinlaridan judo qiladi.

— Uyqudori ichishni unutib uxlab qoldi.


SAL MELAMED


— Hayotdan hamma narsani olgach, uni qashshoqlikda ayblama.

— Gulxanda yoqilganlar Prometeyni alqashmagandir.

— Uslub birovniki, ammo imlosi o‘ziga xos.

— Dengiz tizzasidan kelar, balchiq esa bo‘yi barobar edi.

— Bir umr o‘zini shuhratning sinoviga tayyorlab bordi, ammo imtihon bo‘lmadi.

— Yaxshi shoirani maqtab qo‘yishadi, juda yaxshilarini chop etishadi.

— Vaqt ajinlardan tashqari hamma narsani silliqlaydi.

— Haqiqatni shu qadar qadrlardiki, undan hech qachon foydalanmasdi.

— Shu qadar tushunarsiz yozardiki, uni daho deyishlariga sal qoldi.

— Hayotda yangichasiga yashash faqat memuarlarda nasib etadi.

— Bahslarda faqat haqiqat emas, g‘urralar ham paydo bo‘ladi.

— Yalqov odamga ilhom parisi ham ortiqcha yuk.

— Qalb boyligidan soliq olinmaydi.

— Ruhiy ozuqaning faqat bitta kamchiligi bor, u gazak bo‘lolmaydi.

— Oliyjanoblik va yumorni sarf qilmasdan turib saqlab bo‘lmaydi.

— Taraqqiyot alomati: ilgari tahqirlanish qon bilan, endilikda esa siyoh bilan yuviladi.

— Hech narsa raqibning ojizligichalik kuch-qudrat ato etmaydi.

— Kattalar ertakni haqiqatga, bolalar esa aksincha – haqiqatni ertakka aylantiradilar.

— Xotindan maoshdan tashqari hamma narsani yashirish mumkin.

— Senga taqlid qiluvchiga tanbeh berayotib xolislik qil: uning didi chakki emasligini pisanda qilib qo‘y.

— Roman qahramoni asar muallifidan ko‘ra aqlliroq bo‘lolmaydi.

— Dushmanlarini quchog‘ida, do‘stona bo‘g‘ib o‘ldirardi.

— Agar yubileylar o‘ylab topilmaganda edi ajoyib odamlarning soni anchaga qisqarib ketgan bo‘lardi.

— Ayrim she’rlar tushga o‘xshaydi : ularning ta’birini topishga to‘g‘ri keladi.

— Uddalash o‘ta mushkul vazifa : o‘z qiyofangni bo‘lajak ta’ziyanomaga moslash.

— Faqat tarjimadagina o‘ziga xos jaranglaydigan she’rlar bo‘ladi.

— Oilaviy hayot goho odamni shu qadar toblaydiki, oqibatda u narigi dunyodagi hayotdan qo‘rqmay qo‘yadi.

— Klassiklar buyruq bilan tayinlanmaydi.

— Boshqalarning yuragini zabt etish bosqinchilik hisoblanmaydi.

— Niqobsiz tanib bo‘lmaydigan odamlar ham bo‘ladi.

— Vaqt shu qadar qadrsizki, hatto uni o‘g‘irlash jazolanmaydi.

— So‘zboshi shu qadar batafsil ediki, romanning o‘zini chop etmaslikka qaror qilindi.

— Romanning maqsadi ma’lum, faqat uning mazmuni mavhum edi.

— Troya otining qorni bo‘m-bo‘sh bo‘lganda edi, tarixda aytarli rol o‘ynamasdi.

— Ilhom manbai hamisha shuhratga chanqog‘likni qondirolmaydi.

— Sog‘lom aql ustidan qozonilgan g‘alabani ovoza qilmaydilar.

— Yordamingni unga muhtoj bo‘lmaganlarga taklif qilish maroqliroq.

— Haqiqat uyatdan o‘girilib olsa, uning ko‘ziga qanday qaraysan?

— Hayratlanarlisi – yaxshi odam har bir odamdan yaxshilik, yomon odam esa qabohat qidirganida emas. Hayratlanarlisi – har ikkisi qidirganini topganida.

— Shunaqa orzular ham bo‘ladiki, ularning ro‘yobga chiqmaganini olqishlash mumkin.

— O‘zingdagi hayvonni otish uchun litsenziya shart emas.

— Hisob-kitob qanchalik sovuq bo‘lsa, izhori dil shunchalik issiq bo‘ladi.

— Bo‘ridan qo‘rqqanlar multfilm ko‘rishmaydi.

— Egizaklar hayotda quvonch baxsh etadi, ammo san’atda emas.

— Hammaning ichki dunyosi bor, ammo ayrimlarning dunyosida yashab bo‘lmaydi.

— Uzoqni ko‘ra oladigan kishi kuchli odamni hali zaiflik paytida maqtab qo‘yadi.

— O‘z shajarang bilan faxrlanarkansan, avlodingni ham shunday imkoniyatdan mahrum qilma.

— Uzoq mo‘ljalga olgan odam kamdan- kam mo‘ljalga uradi.

— Vijdon bilan tuzilgan bitim notariusda tasdiqlanmaydi.

— Ayrim romanlar bor-yo‘g‘i epigrafga ilova, xolos.

— Qanaqasiga qo‘ylar ham butun, bo‘riyam to‘q bo‘larkan?.. Demak, cho‘ponni yeb qo‘yishgan.

— Sir – hammaga ma’lum bo‘lgan, ammo shivirlab aytiladigan narsa.

— Dumning yo‘qligi ayrimlarni dumini likillatishdan mahrum qilolmaydi.

— Atrofdagilarga yuqoridan qaragani uchun faqat jirafani kechirsa bo‘ladi.

— Qo‘rqoqlar olg‘a ketishdimi?.. Demak, dushman orqadan hujum qilgan.

— Odamni yelkasiga qoqish bilan ham egib qo‘yish mumkin.

— Yaxshilikning yovuzlik bilan olishuvida hamisha ham vazn toifasiga amal qilinavermaydi.

— Do‘st qidir, hamshishalar o‘zi topiladi.

— Ko‘kragiga mushtlayotgan odam nokaut bo‘lmaydi.

— Stolga mushtlashini Morze alifbosini o‘rganayotgani bilan izohlardi.

— Fikrlarini vasiyat qilarkan, avlodini qashshoqlikka mahkum etdi.

— Shon-shuhratda cho‘milish hammomning o‘rnini bosolmaydi.

— Odamni xarakter emas, xarakteristika bezaydi.

— Hayot, shubhasiz, ajoyib muallim, ammo uning saboqlari uchun juda qimmat turadi.

— Gigiyenaga rioya qilgani uchungina yordam qo‘lini cho‘zmasdi.

— Shifobaxsh balchiq kasallikdan, hayotdagisi esa xom xayollardan xalos etadi.

— U to‘nkalikka to‘nka, ammo ildizi baquvvat edi.

— Olim bilan tentak orasidagi farq juda oddiy: birinchisi ko‘p narsani bilmaydi, ikkinchisi hamma narsani biladi.


Ruschadan Shodmon Otabek tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 5-son