Zayd ibn Amr
Zayd ibn Amr ibn Nufayl ibn Abduluzzo Qurayshiy Adaviyga Muhammad (alayhissalom)ning payg‘ambarlik yillarini ko‘rish nasib etmadi. Bir kuni uning o‘g‘li Said ibn Zayd (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, otam siz ko‘rganingiz va bilganingizdek odam edi. Agar sizning payg‘ambarlik kunlaringizga yetganida, albatta, imon keltirgan va ergashgan bo‘lardi. Uning uchun istig‘for aytsangiz”, deb murojaat qildi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Ha, albatta. Uning uchun istig‘for aytaman. U mahsharda yagona ummat bo‘lib tiriladi”, dedilar.
* * *
Zayd ibn Amr butlarga ibodat qilishdan voz kechib, o‘zini Alloh taologa bag‘ishlagan kishilardan. Haq dinni topish istagida Shomga bordi. Masihiy va yahudiylarni ko‘rdi, lekin ularning dinini to‘g‘ri deb topmadi, so‘ng: “Yo Alloh, men Ibrohim (alayhissalom) dinidaman”, dedi. Yana u qurayshliklarga: “Qo‘yni Alloh taolo yaratdi, uning uchun osmondan suv tushirdi, yerdan o‘t o‘stirdi. Siz bo‘lsangiz qo‘yni Allohdan boshqaga atab so‘yasizlar-a?!” deya ta’na qilardi (Imom Buxoriy).
Asmo binti Abu Bakr (roziyallohu anho) aytadi: «Men Zayd ibn Amrning Ka’baga suyangan holda: “Ey qurayshliklar! Allohga qasam, sizlarning orangizda mendan boshqa Ibrohim (alayhissalom) diniga ergashgan kishi yo‘q”, deb aytganini eshitganman. Zayd yosh qizlarni tiriklayin ko‘mishga qat’iyan qarshi edi. Biron kishining o‘z qizini o‘ldirib yubormoqchi ekanini bilgan zahoti: “To‘xta! Zinhor bunday qila ko‘rma! Uni o‘zim boqib olaman”, deb qizni o‘z qaramog‘iga olardi. Ulg‘ayganidan so‘ng otasiga olib kelar va: “Istasang, uni senga qaytaraman. Yo‘q desang, o‘zim boqib olaman”, deb aytardi» (Imom Buxoriy).
Zayd ibn Amr ibn Nufayl Payg‘ambarimiz (alayhissalom) kelishlarini mushtoqlik bilan kutdi. Omir ibn Robi’a (roziyallohu anhu) bunday hikoya qiladi: “Zayd ibn Amrni Makkadan chiqib, Hiro g‘ori tomon ketayotganida uchratib qoldim. U menga: “Ey Omir, qavmimdan ajrab, Ibrohim (alayhissalom), undan so‘ng Ismoil (alayhissalom) ergashgan dinni haq deb bildim. Shuningdek, men Ismoil (alayhissalom) avlodidan, Abdulmuttalib o‘g‘illaridan bo‘lgan payg‘ambar (alayhissalom) kelishini kutmoqdaman. Lekin sezishimcha, unga ergashish menga nasib etmaydi. Shunday bo‘lsa-da, unga imon keltiraman, payg‘ambar ekanini tasdiqlab, guvohlik beraman. Agar o‘sha kunlarga yetish senga nasib bo‘lsa, mendan salom yetkazgin”, dedi. Vaqti kelib, musulmon bo‘lganimdan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga uning salomini yetkazdim. U zot (alayhissalom) alik qaytardilar hamda unga rahmat tilab: “Men uning jannatda etagini sudrab yurganini ko‘rdim”, dedilar. O‘sha ondan boshlab sahobalar Zaydni eslashgan vaqtlarida unga rahmat so‘raydigan bo‘lishdi. Shu sababdan o‘g‘li Said hamda Umar ibn Xattob (roziyallohu anhumo) Zayd ibn Amr haqida Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan so‘rashdi. U zot (alayhissalom): “Alloh Zayd ibn Amrni rahmatiga olsin, u Ibrohim (alayhissalom) dinida vafot etdi”, deya javob berdilar.
Abdulnosir Bobomirzayev tayyorladi | Hidoyat.uz