Hasson ibn Sobit (r.a.) musulmonlarni ruhlantirgan va “Rasulullohning shoiri” sifatida tanilgan sahobadir. Uning to‘liq ismi Hasson ibn Sobit ibn Munzir ibn Haram bo‘lib, Bani Najjor qabilasidan. Otasi Sobit, onasi Furoya bint Xolid, kunyasi Abul Valid Abu Abdurrahmon va Abul Hasan. Rasululloh (s.a.v)dan yetti yoki sakkiz yosh katta bo‘lgan Hasson 120 yoshida Muoviya davrida Madinada vafot etgan.
Hasson ayni aqlan yetilgan davrida yahudiy olimlardan eshitgan so‘nggi payg‘ambar chiqishi haqidagi xushxabarni kutib yashadi. Hazraj qabilasidagilardan bu haqdagi mujdani eshitgach, jonu dili bilan islomni qabul qildi.
Musulmon bo‘lmasidan avval ham Hasson ibn Sobit she’rlari bilan tanilgan, sevimli shoir bo‘lgan. Bu holat islomga kirganidan keyin ham davom etib, endi u musulmonlarning suyukli shoiriga aylandi.
Hasson islomni qabul qilgach, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yonlaridan aslo jilmadi. Ibn Abbosning rivoyatiga ko‘ra, keksaligiga qaramay g‘azotlarda shaxsan Rasululloh (s.a.v.)ning yonlarida turib jang qildi. Garchi urushlarda yakkakurashlarga ko‘p kirishmagan bo‘lsada, mushriklarga qarshi yozgan she’rlari bilan raqiblar ruhini sindirishga katta hissa qo‘shardi. Bu borada Rasululloh (s.a.v) shunday deganlar: “Hassonning baytlari dushman uchun o‘qdan ham kuchliroqdir!”
Hasson mushrik shoirlarning o‘ziga xos kushandasi edi. Ulardan birortasi islom haqida bo‘lmag‘ur gaplarni ayta boshlasa, Hasson darhol “ishga kirishib”, o‘sha battolning ta’zirini berib qo‘yardi. Xususan, hijriy 9-yilda Bani Tamim qabilasi vakillari asirlarni olib ketish uchun Madinaga kelishganda Utorid nomli mashhur mushrik shoir musulmonlarga qarshi she’r ayta boshladi. Shunda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Hassonga: “Tur, unga qarshi javob ber”, dedilar. Hasson ularga shunday chiroyli javob beradiki, mushriklar majlisni tark etishga majbur bo‘lishadi. Keyinchalik, bu holatni Bani Tamimlik Aqro ibn Hobis: “Xudo haqqi, bunga (Muhammadga) bizga ko‘rinmaydigan yordam kelyapti. U albatta muvaffaqiyat qozonadi. Uning notig‘i va shoiri bizning shoirdan ustundir”, deya e’tirof etadi va shahodat kalimasini aytib, musulmon bo‘ladi. Bani Tamim ham bu borada yetakchilari izidan borishadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning vafotlaridan Hasson chuqur qayg‘uga botadi va bu hasratga chidolmay ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Shu holida ancha yashagan ulug‘ musulmon shoiri Rasululloh (s.a.v.)ga atab ko‘plab marsiya, qasida va manzumalar bitadi.
Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
Shoakmal Akbarzoda
“Irfon” taqvimining 2009 yil, 4-sonidan olindi.