Abu Hurayra roziyallohu anhuning Islomdan oldingi ismlari Abdushshams ibn Saxr edi. Islomga kirganlaridan so‘ng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining ismlarini Abdurrahmon, deb o‘zgartirdilar. Doimo kichik mushukchalari bilan yurganliklari sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan Abu Hurayra deb kunyalanganlar. Abu Hurayra Yamanning Davs qabilasidan edilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu hijratning yettinchi, «Xaybar» sanasida Islomni qabul qilgan paytlarida o‘ttiz yoshda edilar. U kishi Xaybardan qaytayotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Madinaga keladilar. Abu Hurayra roziyallohu anhu Ashobus Suffa – Rasulullohning masjidlaridagi suffada yashab, u kishidan hadis eshitish bilan mashg‘ul bo‘lgan sahobalarning biri edilar. Shu sababli Islomga kech kirganlariga qaramay, sahobalar orasida eng ko‘p hadis rivoyat qilgan kishi hisoblanadilar. U kishi 5374 ta hadis rivoyat qilganlar va bu hadislar Taqiy ibn Muhammadning musnadlarida keltirilgan.
Abu Hurayra keng yelkali, qoramtir rangli, ikki oldingi tishlarining orasi ochiq, yumshoq tabiat, hazilkash kishi edilar. Yosh bolalarni ko‘rsalar, ularni kuldirib, bozordagi kishilarni qissalar aytib, ko‘nglini hushlantirib yurar, lekin o‘zlari yakka qolsalar, kechalarini ibodat bilan bedor o‘tkazadigan kishi edilar.
Abu Hurayra ko‘p vaqtlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatlarida o‘tkazar edilar. Biror hadisni eshita olmay qolishdan qo‘rqib, ko‘p paytlarida ochlikdan bukchayib qolar edilar.
Abu Hurayra sahobalarning ichida eng zehni o‘tkiri edilar. Bu haqda Imom Buxoriy, Muslim va Termiziylar u kishidan keltirgan rivoyatda:
«Ey Rasululloh, sizdan ko‘p narsani eshitamanu yodlab qololmayman», dedim. U kishi:
«Ridoyingni yerga yoz», dedilar. Ridoyimni yozdim. Menga ko‘p hadis aytdilar. Aytgan hadislaridan biror narsani esimdan chiqarmadim», deydilar.
Tolha ibn Ubaydulloh: «Abu Hurayraning Rasulullohdan biz eshitmaganimizni ham eshitganlariga hech shak yo‘q», deydilar.
Ibn Umar: «Abu Hurayra hadisni mendan ko‘ra yaxshi biladilar», deydilar.
Ubay ibn Ka’b: «Abu Hurayra Rasulullohdan boshqa kishi so‘ray olmaydigan narsalarni so‘rashga jur’at etardi», deydilar.
Bir kishi Zayd ibn Sobitdan bir masalani so‘rab kelganda, u kishi: «Abu Hurayraga bor. Bir kuni men, Abu Hurayra va falonchi masjidda Allohning zikri va duo bilan mashg‘ul edik. Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqib o‘tirdilar va:
«Nimani duo qilayotgan bo‘lsangiz, shunda davom eting», dedilar. Men va hamrohim duo qildik, Rasululloh, «omiyn», deb turdilar. Abu Hurayra:
«Ey bor Alloh, sendan ikki hamrohim so‘raganlari va esdan chiqmaydigan ilmni so‘rayman», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «omiyn», dedilar.
«Biz ham esdan chiqmaydigan ilm so‘raymiz, ey Rasululloh», dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Buni sizlardan oldin davslik g‘ulom (Abu Hurayra) so‘radi», dedilar.
Marvon ibn Hakamning voliysi va kotiblari Solim Abu Za’za’a rivoyat qiladilar: «Marvon ibn Hakam Abu Hurayrani chaqirib, u kishidan hadis so‘ray boshladilar. Men hadislarni yozib oldim. Bir yil o‘tgach, yana Abu Hurayrani chaqirgan Marvon u kishidan men yozib olgan hadislarni so‘radilar. Abu Hurayra biron bir harfni yoki so‘zni ortiqcha yoki noqis, oldin yoki keyin aytmadilar».
Abu Hurayradan hadis rivoyat qilganlarning soni sakkiz yuz kishidan ortadi. Jumladan, Abu Bakr, Umar, Usmon, Fazl ibn Abbos, Ubay ibn Ka’b, Usoma ibn Zayd, Oisha, Ibn Umar, Ibn Abbos, Jobir ibn Abdulloh, Anas ibn Molik; tobe’iynlardan: Sa’iyd ibn al-Musayyib, Ibn Siyrin, Abdulloh ibn Sa’laba, Urva ibn az-Zubayr, Salmon ibn Yasir, Irok ibn Molik, Solim ibn Abdulloh ibn Amra, Ato’ ibn Abu Rubboh, Ato’ ibn Yasar va boshqalar.
Abu Hurayra og‘ir kasal bo‘lib qolganlarida u kishini ko‘rgani Marvon ibn Hakam keladilar. Marvon Abu Hurayraga:
«Alloh sizga shifo bersin», deganlarida, Abu Hurayra:
«Allohim, Senga yo‘liqishimni sevdim, Sen ham Senga yo‘liqishimni sev», dedilar.
Marvon ibn Hakam Abu Hurayraning huzurlaridan chiqib, bozorning o‘rtasiga yetmaslaridan Abu Hurayraning jonlari uzildi.
Abu Hurayra 57-hijriy sanada vafot etdilar. Janozalarini Valiyd ibn Uqba ibn Abu Sufyon o‘qidilar.
Vasila Nurmuhammedova | Muslim.uz
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) olti yuz ming hadisni yoddan bilardi. Ba’zilar unga: “Siz nihoyatda ko‘p hadis rivoyat qilasiz, holbuki, muhojir va ansorlar bu hadislarni rivoyat qilishmagan”, deya taajjublanib so‘rashsa, u zot: “Mening muhojir birodarlarim tijorat, ansor birodarlarim dehqonchilik bilan mashg‘ul edilar. Men esa har doim Rasulullohning xizmatlarida bo‘lardim. Shu sababli ular ish bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlari men Rasululloh bilan birga edim. Men “Ashobi suffa” jamoasining biriman, ular unutsalar ham, men yodlab olar edim”, deya javob berganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra dastlab Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning so‘zlarini unutib qo‘yib, bundan qalbi bezovta bo‘lardi. Nihoyat, bir kuni arz qildi: “Yo Rasululloh, men sizning ba’zi hadislaringizni unutib qo‘ymoqdaman”. Payg‘ambarimiz dedilar: “Chodrangni yoy”. U kishi chodrani yoydi. Rasululloh muborak qo‘llarini chodraga qo‘yib, duo qildilar. So‘ngra: “Endi buni ko‘ksingga tutib, o‘rab ol”, dedilar. Abu Hurayra buyurilganidek qildi. Keyinchalik u kishi bunday der edi: “Ushbu voqeadan so‘ng Payg‘ambarimizning biror hadislarini unutmaydigan bo‘ldim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)ning nomi avval Abdushshams (quyoshning quli) edi. Alloh taolo u zotga Islom ne’matini berdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan ko‘rishishga musharraf bo‘ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) undan: “Isming nimadir?” deb so‘radilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu): “Abdushshams”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Endi isming Abdurahmon”, dedilar. U ham: “Rasululloh, ota-onam sizga fido bo‘lsin, bugundan boshlab ismim Abdurahmondir”, dedi.
Bir kuni u zot kichkina mushukni tizzalarida o‘ynatayotganlarini ko‘rgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Hurayra (mushukchaning otasi)” deb chaqirdilar. Shundan keyin «Abu Hurayra» ismi keng tarqaldi. Ko‘p holatlarda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u kishini yaxshi ko‘rib, «Abu Hir» ham der edilar. U zotga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning mazkur tarzda erkalab chaqirishlari yoqardi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Islomni Tufayl ibn Amr Davsiy taklifi bilan qabul qildi. Hijratning oltinchi yiligacha u zot Davs qabilasida yashadi. Keyin Madina shahriga keldi. Qisqa vaqt ichida sahoba Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xos xodimiga va eng yaqin suhbatdoshiga aylandi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hayotlik paytlarida uylanmagan edi. Keksa onasini yaxshi ko‘rib, Islom diniga taklif etdi. Onasi esa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni haqorat qildi. Bu voqeadan keyin u zot Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga yig‘lab bordi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abu Hurayra, nega yig‘layapsan?” dedilar. “Onamni Islomga chaqirishdan hech charchamayman, ammo u siz haqingizda yomon so‘zlarni aytadi. Duo qiling, Alloh taolo Abu Hurayraning onasining qalbini Islomga moyil qilsin”, dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uning onasi haqqiga duo qildilar. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Uyimga bordim, eshik oldiga kelganimda suvning shildiragan ovozini eshitdim. Kirmoqchi edim, onam: “Kirmay tur”, dedi. Birozdan so‘ng uyga kirdim. Onam: “Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning quli va elchisi ekaniga iqrorman”, deb Islom dinini qabul qildi. Xursandligimdan yig‘lab yubordim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga borib: “Alloh taolo duoingizni ijobat qilib, Abu Hurayraning onasini hidoyatga boshladi…”, dedim».
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) ilmga chanqoq edi. U zot (roziyallohu anhu) umrining ko‘p qismini ilm o‘rganishga bag‘ishladi. Shu bilan birga nafsni taqvo bilan jilovladi. Kunduzlari ro‘za tutib, kechaning uchdan birida qoim bo‘lib, uchdan ikkinchi qismida esa ayolini, so‘ng oxirgi qismida qizlarini uyg‘otar edi. Shuning uchun ham Abu Hurayra (roziyallohu anhu)ning uyida kechasi bilan ibodat to‘xtamas edi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) vafotiga yaqin, kasal bo‘lib yotganida ko‘p yig‘lardi. U kishidan: “Nimaga yig‘layapsiz?” deb so‘rashganida u zot: “Dunyo uchun yig‘laganim yo‘q, balki yo‘lim uzoqligidan va safarim ozuqasi kamligidan yig‘layapman. Shunday yo‘lda turibmanki, oxiri jahannammi yoki jannatmi, bilmayman”, der edi.
Po‘latxon Kattayev | Hidoyat.uz
ABU HURAYRA (602 — 679, Madina) — mashhur sahoba, roviy, faqihlardan. Asli ismi Abdurahmon ibn Sahr al-Davsiy Abdushams. Rasululloh tomonidan Abdurrahmon deb atalgan. Mushuklarni juda sevgan. Bir kun uning etagida bir mushuk bolasini ko‘rgan Rasuli Akram, «Abu Hurayra» — mushukning otasi deya lutf etgan va u ham bundan iftixor etib, ushbu laqab bilan shuhrat topgan.
Tijorat va boyligi yoxud ma’lum bir mashg‘uloti bo‘lmagani uchun ashobi Suffa sirasiga kiritilgan. U Doril-irfondan dars olgan va huzuri Rasulotdan bir lahza ham ayrilmagan. Ajoyib faqih bo‘lib, ifto (fatvo beruvchi) mavqeiga ko‘tarilgan.
Umar (ra) tomonidan Bahrayn voliyligiga tayinlangan. Usmon (ra) zamonida Makka qozisi va Muoviya davrida Madina voliysi bo‘lgan. Favqulodda quvvai-hofizaga ega bo‘lgan.
Abu Hurayra uch yil muttasil Nabiy (as)ning majlisidan ajralmagan va bu muddat mobaynida kuch-quvvatini Rasuli Akram(sav)ning so‘zlari va ishlarini egallash hamda qayd etishga baxsh etgan.
5374 hadis rivoyat etgan. Bulardan 335 tasida Imom Buxoriy va Imom Muslim hamfikrdirlar, 93 tasi faqat Buxoriyda, 189 tasi yolg‘iz Muslimda, qolgan 4757 tasi boshqa hadis kitoblarida keltirilgan.
Islom ensiklopediyasidan