Abdulloh ibn Ravoha

To‘liq ismi Abdulloh ibn Ravoha ibn Sa’laba ibn Imriul Qays. Kunyasi – Abu Muhammad, unvoni – “Rasululloh (s.a.v.)ning shoiri”.

Buyuk sahobalardan biri bo‘lmish Abdulloh ibn Ravoha (r.a.) Madinada tug‘ilgan bo‘lib, Hazraj qabilasiga mansubdir. Ikkinchi Aqaba kunida musulmon bo‘lib, Rasululloh (s.a.v.)ga bay’at qilgan. Hijratdan keyin Miqdod ibn Asvadiy bilan qiyomatli do‘st bo‘ldi. Abdulloh Rasululloh (s.a.v.)ning kotiblaridan edi.

Abdulloh ibn Ravoha kuchli notiq va buyuk shoir bo‘lib, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga she’r yo‘li bilan hujum qilgan shoirlarga javob she’rlari yozardi. Undan tashqari yana Ka’b ibn Molik va Hasson ibn Sobit kabi musulmon shoirlari, kerak bo‘lib qolganda, kofirlarni hajv qilishardi. Qur’oni karimning “Shuaro” surasi, 224-227-oyatlari Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ni chin dildan suyuvchi ushbu uch shoir haqida nozil bo‘lgani borasida tafsir kitoblarida aytiladi.

Abdullohning she’rlari haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Quraysh mushriklariga qarshi o‘q yomg‘iridan ta’sirliroq”, deganlar.

Mut’a jangiga ketishdan oldin yig‘lagan Abdullohdan ko‘z yoshining sababini so‘rashganda: “Mening dunyoga muhabbatim, sizlardan esa da’vom yo‘qdir. Lekin Rasululloh (s.a.v.)dan: (Ey, Muhammad,) ayting: “Kim zalolatda bo‘lsa, bas, Rahmon uning muddatini uzaytirsin, toki o‘zlariga va’da qilingan (dunyo) azobini yoki qiyomatni ko‘rganlarida, albatta, kimning martabasi yomonroq va lashkari ojizroq ekanini bilurlar” (Maryam, 75), oyatini eshitgandim. Oyatda aytilganidek, jahannamga tushsam, holim nima kechishini o‘ylab yig‘layapman”.

Abdulloh ibn Ravoha Mut’a jangida shahid ketadi. Undan tashqari, Zayd ibn Horisa, Ja’fari Sodiq ham halok bo‘lishadi. Rasululloh (s.a.v.)ga bu uch sahobaning o‘limi haqida xabar keltirilganda, chuqur qayg‘u va g‘amga botdilar.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Abdulloh ibn Ravoha haqida: “Birodaringiz hech botil gap aytmaydi”, deya marhamat qilganlar.

“Irfon” taqvimining 2009 yil, 1-sonidan
Abdulloh ibn Ravoha

Hazraj qabilasidan bo‘lgan Abdulloh ibn Ravoha ibn Sa’laba ibn Imrul Qays (roziyallohu anhu)ning kunyasi Abu Muhammaddir. U Madinada tug‘ilgan. Abdulloh ibn Ravoha (roziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga kotiblik ham qilgan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga kelganlarida u zotni mehmon qilgan sahobalardan biri hisoblanadi.

O‘sha davrlarda Arabiston diyorida ko‘pchilik o‘z fikrini she’riy misralar orqali ifoda qilardi. Alloh taolo Qur’oni karimning Shuaro (ya’ni “Shoirlar”) surasida shoirlar haqida: “Shoirlarga yo‘ldan ozganlar ergashurlar. Ularning har vodiyda (mavzuda) daydishlarini ko‘rmadingizmi?! O‘zlari qilmaydigan narsalarni gapirish­larini ham?!”(224–226) oyatlarini nozil qilganida Abdulloh ibn Ravoha (roziyallohu anhu) va boshqa shoir sahobalar yig‘lay boshlashdi. Keyin esa: “Ammo imon keltirgan va ezgu ishlarni qilgan hamda doim Allohni yod etgan va (ilgari) mazlum bo‘lganlaridan keyin (Islom ravnaq topgach) g‘olib bo‘lgan kishilar (mustasnodirlar). Zulm qilganlar esa, yaqinda qanday oqibat sari ketayotganlarini bilib olurlar” (Shuaro, 227) oyatini eshitib ko‘ngillari taskin topdi. Abdulloh ibn Ravoha, Ka’b ibn Molik va Hasson ibn Sobit (roziyallohu anhum) ana shunday musulmon shoirlardan edi.

Imom Termiziydan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Oysha (roziyallohu anho)­dan: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) biror she’rdan misol keltirarmidilar?” deb so‘raldi. Oysha (roziyallohu anho): “Ibn Ravohaning she’ridan misol keltirar edilar”, dedi».

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) Baqara surasining 221-oyati haqida bunday deydi: «Bu oyat Abdulloh ibn Ravoha haqida nozil bo‘lgan. Uning cho‘risi bor edi. U cho‘risidan g‘azablanib, uni urdi-da, keyin qo‘rqib, bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga aytdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abdulloh, u qanday o‘zi?” deb so‘radilar. “U namoz o‘qib ro‘za tutadi, Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va sizni Allohning rasuli ekaningizga iqror”, deb javob qaytardi. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Abdulloh, u mo‘minadir”, dedilar. Abdulloh: “Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, uni ozod qilaman va unga uylanaman”, dedi va aytganini qildi. Ayrimlar uni: “Cho‘riga uylandi”, deb ta’na qilishdi. Bu voqeadan so‘ng Alloh taolo: “Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Zero, hur mushrika ayoldan ko‘ra, imonli cho‘ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga manzur tuyulsa ham…”(Baqara, 221) oyatini nozil qildi.

Abdulloh ibn Ravoha (roziyallohu anhu) milodiy 629 yilda vafot etgan.

Nargiza Mirzaliyeva | Hidoyat.uz