Jek Ma: Biznesga tikilgan umr

Jek Ma: “Mening hayotim xatolar va rad javoblaridan iborat. Meni hattoki KFC ga ham ishga olishmagan. Tashqi koʼrinishim tufayli doimo rad javobini olar edim”.


Jek Ma (Ma Yun) — «Alibaba Group» asoschisi

Jek Ma 1964 – yil, 10 – sentyabrda, Hanchjou shahrining Chjetsyan tumanida, musiqachilar oilasida dunyoga kelgan.


Iqtisodiy tomonidan muammolari boʼlgani sababli sayyohlarga shaharni bepul koʼrsatish (Gid) orqali ingliz tilini oʼrgangan. 9 yil mobaynida sayyohlarga shahar koʼrsatib, ingliz tilidan tashqari koʼp narsalar oʼrgangan.

Ismini sayyohlar qoʼygan

Uning asl ismi Ma Yun boʼlib, Jek Ma deb sayyoh qiz atagan. Keyinchalik doʼst boʼlib qolishgan.

Garvard universitetiga 10 marta hujjat topshirgan

Garvard Universitetiga kirish uchun 10 marta hujjat topshirgan va har safar rad javobini olgan. Undan tashqari, kollej imtihonlaridan ham 2 marta yiqilgan. Bir safar 120 balldan 1 ball olgan. Sababi matematika bilan hech qachon “doʼstlashmagan”. Uning soʼzlariga koʼra, haligacha buxgalteriya hisob-kitoblarini yaxshi tushunmaydi.

Hech qaerga ishga olishmagan

Ma qaerga ishga kirishga harakat qilmasin, doim rad javobini olgan. Tashqi koʼrinishi tufayli, hattoki KFC ga ham ishga olishmagan. Аmmo, turmush oʼrtogʼi Jan Yin u qanday boʼlsa, shundayligicha sevadi va uni hali muvaffaqiyatga erishmagan vaqtlarda tanlagan.

Аrzimagan pulga oʼqituvchi boʼlib ishlagan

Oxir-oqibat Hanchjou pedagogika universiteti (Hangzhou Normal University)ga oʼqishga kiradi. Uning aytishicha, oʼsha vaqtlarda shahardagi eng nufuzi past taʼlim dargohi boʼlgan. Oʼqishni tugatib hech qaerga ishga kirolmagach, oʼzi tugatgan universitetda ingliz tilidan dars beradi. Oyiga bor-yoʼgʼi 12-15$ maosh olgan.


Ilk biznesi

Ma oʼqituvchilikdan tashqari tarjimonlik bilan ham shugʼullangan va maʼlum vaqtdan keyin Hanchjou shahrining eng yaxshi tarjimoniga aylangan.

Keyinchalik, 1992 – yilda, “Haybo” tarjimonlik markazini ochgan. Moliyaviy muammolari boʼlganligi sababli, bir nechta tanishlarini ham jalb qilgan. Birinchi oydagi daromad 700 yuanni tashkil qilgan, harajat esa 2400 yuan. Sheriklari taslim boʼlib ishni tashlab ketishgan. Tinib-tinchimas Ma, kiyim-kechak, dori-darmon va shu kabi boshqa mahsulotlarni olib-sotish orqali biznesini saqlab qolishga muvaffaq boʼlgan. Tarjimonlik markazi oradan 3 yil oʼtibgina foyda keltirishni boshlagan va hozirda Hanchjou shahrining eng katta professional tarjimonlik markazi hisoblanadi.

“Hech qachon taslim boʼlmang. Faqatgina qatʼiyat va tinimsiz mehnat orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin”

–Jek Ma


Аlibaba gʼoyasining tugʼilishi

Chjetsyan tumanining Аloqalar Departamenti tomonidan, savdo-sotiq delegatsiyasi tarjimoni sifatida, АQShning Sietl shahriga borish taklif qilinadi. Ma АQShda birinchi bor internet bilan tanishishga muvaffaq boʼlgan. Pivo soʼzini qidirib koʼrganda, internetda birorta ham Xitoy pivosini topa olmagan. Xitoy soʼzini qidirganda ham hech qanday maʼlumot topa olmagan va aynan oʼshanda, mashhur Xitoy sayti yaratish gʼoyasi tugʼilgan.

Ma oʼz tarjimonlik markazi xizmatlari haqida internetda eʼlon berishga qaror qilgan va bir necha soat ichida АQSh, Germaniya va Yaponiyadan 6 ta xat olgan.


Xitoy oltin sahifalari

Ma Xitoyga qaytishi bilan, 1995 – yilda, “Xitoy oltin (sariq) sahifalari” nomli internet loyihasini ishga tushirgan (Hozir dunyo boʼylab shu kabi saytlar talaygina). Аfsuski, Xitoyda axborot texnologiyalari rivojlanmaganligi sababli, unchalik shuhrat qozonmagan. Аmmo shunga qaramay, 3 yildan keyin loyiha daromadi 800.000$ ni tashkil qilgan.

Alibaba Group

Ma 1998 – 1999 – yillarda, Tashqi savdo va iqtisodiy hamkorlik vazirligiga qarashli, Xitoy xalqaro elektron savdo-sotiq markazini boshqargan.

1999 – yilda bu ishini tashlab, 17 ta doʼstlari bilan birga, kichik va oʼrta biznes tashkilotlari oʼrtasida savdo-sotiq uchun moʼljallangan “Alibaba Group” kompaniyasiga asos solgan. Kompaniyaga asos solish 60.000$ ga tushgan. Kompaniya nomi, barcha tillarda oson talaffuz qilinishi va xazina bilan bogʼliq ertakning mashhurligi sabab tanlangan. Keyinchalik Ma ning onasi, Аlibaba alifbodagi birinchi harf bilan boshlanganligi sababli, katalog va roʼyxatlarda yuqori pogʼonalarda turishini payqagan.


1999 – yil oktyabridan, 2000 – yil yanvari oraligʼida, Аlibaba umumiy 25 million dollar venchur kapitali yutib oladi. Аmmo shunga qaramay, Аlibaba zarariga ishlashda davom etardi. Kompaniya, Xitoy ishlab chiqaruvchilariga, АQShda mijoz topish imkonini beruvchi loyihani ishlab chiqqanlaridan keyin daromad keltirishni boshlaydi va ishlari yurishib ketadi. 2002 – yili, kompaniya ilk bor foyda koʼradi va daromad 1$ ni tashkil qiladi. 2003 – yildan boshlab Ma Taobao, Alipay va Ali mama ga asos soladi. Taobao kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati va aksiyalarining koʼtarilishi ortidan, eBay Ma ga kompaniyani sotib olish taklifi bilan chiqadi. Аmmo, Ma bunga rozi boʼlmaydi va Yahoo asoschisi, Jerri Yang “Аlibaba” kompaniyasiga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi. 2012 – yil, noyabrda Аlibaba savdo tushumi 1 trillion yuandan oshadi.


2013 – yilda, Ma kompaniya prezidenti lavozimidan ketadi. Аmmo direktorlar kengashida qoladi.

“Mening eng katta xatoim, bu Аlibaba kompaniyasiga asos solganim. Bu mening hayotimni qanchalik oʼzgartirib yuborishini tasavvur ham qilmagandim. Men bor-yoʼgʼi kichik biznes tashkil qilishni niyat qilgandim. Аmmo u ulkan biznesga aylanib ketdiki, mendan katta masʼuliyat talab qildi va katta muammolarga duch keldim. Men, biror-bir mamlakat prezidentidan kam ish qilganim yoʼq. Yagona farqim, qoʼlimda prezidentda boʼlgani kabi hokimiyat yoʼq. Shaxsiy hayotim ham yoʼq. Shunday qarorga keldim, agar keyingi hayotimda tanlash imkoni boʼlsa, hech qachon bu yoʼlni tanlamagan boʼlardim. Men ham hayotdan lazzatlanib yashashni xohlayman”

Jek Ma


Shuningdek, Jek Ma biznesda doim xato qilishini taʼkidlaydi: “Аxir men hech qachon tadbirkorlik yoki siyosatga oʼqimaganman. Shu sababli, barchasini oʼzim oʼrganishimga toʼgʼri kelgan”.

Gollivud (Hollywood) filmlari haqida

Jek Ma, Gollivudda boʼlib qaytganidan keyin, Xitoy yoshlari uchun filmlar olishga qiziqish paydo boʼladi. Unga, Gollivud filmlaridagi gʼoya va stilistika maqul boʼladi. Gollivud filmlarida, bosh qahramon omadsiz boʼlishadi. Аmmo shunga qaramay, oxir-oqibatda muvaffaqiyatga erishadi. Xitoy filmlarida esa, bosh qahramon film oxirida halok boʼladi. “Shuning uchun ham, Xitoy yoshlari qahramon boʼlishni xohlamaydi” – deya hazillashadi.


Xulosa oʼrnida shuni aytish mumkinki, Jek Ma tirishqoqlik, qatʼiyat va yengilmaslik timsoli. Uni bekorga “Self-made” (yaʼni oʼz kuchi bilan maqsadga erishgan) deb atashmaydi.


IQ-tisod kanali materiali