XV asr jahon maʼnaviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844 yil ramazon oyining 17-kuni (1441 yil 9 fevral) da Hirotda tugʻilgan. Hirot shahri XV asr birinchi yarmida Sohibqiron Amir Temur asos solgan ulugʻ saltanatning ikkinchi poytaxti, Temurning kenja oʻgʻli Shohrux Mirzoning qoʻl ostidagi obod manzillaridan biri edi.
Alisher tugʻilgan xonadon Temuriylar saroyiga eskidan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi edi. Boʻlgʻusi shoirning otasi Gʻiyosiddin Muhammad oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berdi. Alisherning sheʼriyatdagi ilk ustozi togʻasi Mir Sayyid Qobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylardir. Navoiy “Majolis un-nafois” asarida Qobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” desa, Gʻaribiy haqida: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…” deydi.
1447 yilda Shohruh vafot etgach, Temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-taxt dardi xuruj qilib, yurtda talotoʻp boshlandi va Gʻiyosiddin Muhammad xonadoni ham koʻp qatori vatanni tark etdi. Yosh Alisher uchun taqdir sinovlari boshlandi. Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur 1452 yilda Hirot taxtiga oʻtirgach, Alisherning otasini Sabzavorga hokim etib tayinladi. Lekin oradan koʻp oʻtmay Gʻiyosiddin kichkina dunyodan koʻz yumdi. Bu paytda Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻygan edi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti Husaynni oʻz tarbiyasiga oldi, 1456 yili esa oʻzi bilan Mashhadga olib ketdi. Keyinchalik Husayn Boyqaro sipohiylik yoʻlini tanladi, Alisher esa zamonaning “malik ul-kalom”i Mavlono Lutfiy tahsini va hayratiga sazovor boʻlgan isteʼdod egasi boʻlib yetishdi. “Faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutib erdi”, deb yozadi Navoiy 1455–1458 yillar haqida.
Taqdir Alisher Navoiyni zamonaning ulugʻ va sharafli kishilariga yaqin qildi, ustoz-murabbiylik etuvchi zotlar bilan oshno etdi. 1466–1468 yillar Alisherning umri asosan Samarqandda kechdi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni egallaganda, Alisher Navoiy 28 yoshli mukammal bilimlar egasi, yurtga tanilgan shoir va tajribali davlat arbobi darajasiga yetishgan edi.
1469 yilda Sulton Husayn iltimosiga koʻra Alisher Navoiy Samarqanddan Hirotga qaytadi va ramazon hayiti munosabati bilan doʻsti sharafiga bitilgan “Hiloliya” qasidasini unga taqdim etadi.
Husayn Boyqaro Alisherni muhrdor qilib tayinlaydi va shu paytdan shoirning el xizmatidagi faol jiddu jahdi boshlanadi. Koʻp oʻtmay Navoiy muhrdorlikni oʻzining yaqin doʻsti va fikrdoshi, shoir Amir Shayxim Suxayliyga topshiradi. “Bu noziktaʼb va zukko Amir 20 yildan ortiq Boyqarogʻa mulozim boʻldi”. Lekin Boyqaro doʻstining noroziligiga ham qaramay, 1472 yil fevralida uni vazir lavozimiga tayinlaydi va “Amiri Kabir” (“Ulugʻ Amir”) unvonini beradi. Bu lavozimda Navoiy el-ulus manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, madaniyat ravnaqi, adolat tantanasi uchun foydalanadiki, bularning barchasi oqibat natijada Sulton Husayn davlatining barqarorligi va nufuzini taʼminlaydi.
Hirot bu davrda nihoyatda koʻrkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, sheʼriyat, nafis sanʼatlar rivoj oldi. Talabalar uchun “Ixlosiya” madrasasi, darveshlar uchun “Xalosiya” xonaqohi, bemorlar uchun “Shifoiya” shifoxonasi, masjidi Jome yoniga Qorixona (“Dor ul-huffoz”) qurildi. Ulugʻ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qoʻlyozmalarni oqqa koʻchirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana “Nizomiya”, Marvda “Xusraviya” va boshqa madrasalar bino etildi.
Navoiy madrasa, shifoxonalar qurdirib qoʻya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, oʻz-oʻzini taʼminlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan taʼminlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha – barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib berar edi va oʻzi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Binolar qurilishi tarhi bilan bevosita shugʻullanar, usta va shogirdlar mehnatidan boxabar boʻlib turardi. Shoir oʻz huzuriga tez-tez sheʼr, ilm va sanʼat ahlini chorlab, maʼrifiy suhbatlar uyushtirib turar, yosh isteʼdodlarni tarbiyat qilib, ularga sharoit yaratardi. Xondamir, Behzod, Vosifiy va oʻnlab ushbu tarbiyatga noil boʻlgan isteʼdod egalari shular jumlasidandir.
Shu davr ichida Alisher Navoiy oʻz qoʻli bilan birinchi devoni “Badoyi ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi. Bu devonga uning yoshlik va yigitlik paytlarida yozgan 800 dan ortiq sheʼrlari jamlangan boʻlib, shoir ijodiy kamolotining birinchi bosqichini aks ettiradi.
Alisher Navoiyga bagʻishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469–1481 yillar Alisher Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat koʻrsatgan yillari boʻlgan. Shoir 1481 yili “Vaqfiya” asarini yozib, unda oʻzining binokorlik va xayriya ishlariga yakun yasab, oʻz-oʻziga hisob bergan.
Navoiy dehqonchilik ishlarini yoʻlga qoʻyib, juda yaxshi natijalarga erishgan. Tarixchilarning yozishicha, Navoiyning bir kunlik daromadi 18 ming shohruxiy dinor mikdorida edi. Ulugʻ Amir bu daromadning koʻp qismini xayrli ishlarga sarf qilgan. Tarixchi Xondamir Navoiy qurgan 52 rabot, 20 hovuz, 16 koʻprik, bir qancha toʻgʻon, ariq, hammom, masjid-madrasalarni eslaydi. Navoiy turli soha olimlariga homiylik qilib, oʻnlab ilmiy risolalar bitilishiga bevosita sababchi boʻlgan.
1483 yildan Alisher Navoiy oʻzining buyuk “Xamsa” asarini yozishga kirishdi va uni uch yilda tugalladi. Besh dostonni oʻz ichiga olgan bu ulkan badiiy qomus 50 ming misradan oshiq boʻlib, Navoiyning barcha sheʼriy merosining deyarli yarmini tashkil qiladi. “Xamsa” – Alisher Navoiy ijodining qalbidir.
Fors tilidagi birinchi “Xamsa” buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy (1141–1209) tomonidan yaratildi. Shoir hech bir oʻrinda oʻzining “Xamsa” yozganligini qayd etmaydi. Nizomiy vafotidan 100 yil oʻtib, Hindistonda tugʻilib oʻsgan forsiyzabon turk oʻgʻloni Xusrav Dehlaviy Nizomiy “Xamsa”siga birinchi boʻlib tatabbu yozadi va “xamsachilik” anʼanasini boshlab beradi. Dehlaviy “Xamsa”si Nizomiyga ajoyib sharh va undagi mazmunlarning yangicha talqini sifatida oʻzining ham, salafining ham shuhratini olamga yoydi. Keyingi XIV–XV asrlar mintaqa maʼnaviyati “Xamsa” anʼanasi taʼsirida rivoj oldi, shoirning salohiyati va iqtidori hech boʻlmaganida “Xamsa”ning bir dostoniga munosib javob yoza bilish bilan oʻlchanadigan boʻldi. Bu jahon maʼnaviyati tarixida betakror hodisadir. Turkiy adabiyotda Qutb va Haydar Xorazmiylar boshlab bergan “xamsachilik” anʼanasi oʻzining kamolini Alisher Navoiy ijodida topdi.
Islom aqidalariga koʻra bir kecha-kunduzda oʻqiladigan besh vaqt namoz “al-Xamsatu” deyiladi, dinimizning besh ustuni (rukni) ham – tavhid (imon), namoz, roʻza, zakot, haj – oʻziga xos “Xamsa” (beshlik)ni tashkil etadi. Demak, Nizomiy dostonlarini “Xamsa” turkumi sifatida talqin etilishi, unga Amir Xusrav va Navoiy javoblari bejiz emas. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus toʻxtalib, “Xamsa”ning har bir dostoni yozilishini kunning maʼlum vaqtlarida oʻqiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlari bilan qiyos etadi hamda “Xamsa”ni buyuk togʻ choʻqqisiga koʻtarilish mobaynida besh oʻrinda toʻxtab, nafasni rostlash uchun bino etilgan besh oromgohga oʻxshatadi.
Navoiy oʻz “Xamsa”sini yaratishga 1483 yilda kirishgan boʻlsa, uning birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” (“Yaxshi kishilarning hayratlanishi”)ni oʻsha yili yozib tugatdi. 1484 yilda “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor” (“Yetti sayyor”), 1485 yilda “Saddi Iskandariy (“Iskandar devori”) dostonini poyoniga yetkazdi. Shoir oʻz “Xamsa”siga kiritilgan dostonlarda oʻsha davr uchun muhim boʻlgan muammolarni qoʻydi, mutafakkir sifatida ilgʻor qarashlarni ilgari surdi, oʻzbek tilining qudratini olamga namoyish etdi.
Navoiyning turkiycha “Xamsa”sining yaratilishi XV asrda Xuroson eli uchun favqulodda shodumonlik va saodat sifatida qabul qilindi. Davrning ikki qutbi – maʼnaviyat piri Jomiy va buyuk sulton Husayn Boyqaroning hayrati va yuksak eʼtirofi ushbu haqiqatga dalildir.
Navoiy shu yillar orasida ikkinchi devoni – “Navodir un-nihoya” (“Behad nodirliklar”)ni tuzishga kirishdi. Mutafakkir adib tarixiy haqiqatga ham muayyan izchilliqda oʻz munosabatini bildirib oʻtishni insof yuzasidan lozim topdi va “Zubdat ut-tavorix” (“Tarixlar qaymogʻi”) asarini yozib tugatdi.
1487 yili qishda Navoiy Astrobod hokimi etib tayinlandi. Boshqa bek va amirlar uchun sharafli hisoblanishi joiz boʻlgan bu martaba Amir Alisherning nozik tabiati uchun muayyan darajada ozorli boʻldi. Ammo shoh hukmi vojib, Amiri Kabir oʻlkaning hassos bir xududini muhofaza va obod qilish niyatida joʻnab ketdi. Astrobodda Navoiyning ikki yil chamasi hokimligi bu shahar ahli uchun saodatli, Boyqaro saltanati uchun xayrli boʻldi.
Bu orada birin-ketin Navoiyning eng yaqin ustoz va musohiblari hayotdan koʻz yumdilar. 1488 yili Sayid Hasan Ardasher, 1492 yili Abdurahmon Jomiy, 1493 yili Pahlavon Muhammad vafot etdi. Navoiy ustozlari xotirasiga “Holoti Sayid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Besh hayrat”) asarlarini shu yillar ichida yozib tugalladi. Bu asarlarida oʻsha davr voqeligiga oid qimmatli maʼlumotlar bilan birga Navoiy yaratgan yangi badiiy olamning nazariy asoslariga oid bir qator dalil va mulohazalar ham bayon etilgan. Shu yillarda yana Navoiy davr shuarosi xususida “Majolis un-nafois” va Islom maʼnaviyatining buyuk siymolari, xususan, turk, fors, hind mashoyixlari tarixiga oid “Nasoim ul-muhabbat” (“Muhabbat shabbodasi”) risolalarini yozadi. Bu asarlar nihoyatda muhim manba boʻlib, oʻsha davr maʼnaviyatining jonli siymolaridan mingga yaqin kishi haqida qimmatli maʼlumotlarni oʻzida jam etgan. Bundan tashqari nafaqat tasavvuf irfoni va adabiyoti, balki Islom davri maʼnaviyatining boshqa muhim jihatlari haqida ham koʻplab nazariy mulohazalar ushbu asarlar qatidan joy olgan boʻlib, ularni mufassal tadqiq etish milliy maʼnaviyatimizni xolis anglab yetishda bugungi avlodlar uchun benazir manba va asos boʻlib xizmat etadi.
1492 yilda aruz ilmiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” (Vaznlar oʻlchovi”) risolasi yozildi va shoir oʻz lirik ijodini qayta taqsimlab, yangi devonlar majmui – “Xazoyin ul-maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”)ni yaratish ishiga astoydil kirishdi. “Chor devon” nomi bilan shuhrat qozongan bu buyuk majmua 45 ming misraga yaqin turli janrlardagi kichik va oʻrta hajmli sheʼrlarni oʻzida jamlagan boʻlib, “Gʻaroyib us-sigʻar” (“Bolalik ajoyibotlari”), “Navodir ush-shabob” (“Yigitlik davri nodirliklari”), “Badoyeʼ ul-vasat” (“Oʻrta yosh kashfiyotlari”), “Favoyid ul-kibor” (“Keksalikdagi foydali mulohazalar”) nomlari bilan ataladi. Bu toʻrt jiddda 16 janrga oid 3000 dan ortiq sheʼr boʻlib, ularda 2600 gʻazal, 210 qitʼa, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo va boshqalar mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga oldingi ikki alohida devondagi sheʼrlarning deyarli barchasi kirgan boʻlib, keyin yaratilgan 1400 ga yaqin yangi asarlar qoʻshilgan.
Bu turkiy tilda yozilgan asarlari, dostonlari, sheʼrlaridan tashqari Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan oshiq sheʼr, muammo janri haqida “Mufradot” risolasini, “Sittayi zaruriya”, “Fusuli arbaa” turkum qissalarini yozdi, “Foniy” taxallusi bilan alohida devon tuzdi. Ushbu asarlar Xoqoniy, Amir Xusrav, Saʼdiy, Hofiz, Kamol Xoʻjandiy, Jomiy kabi fors adabiyotining mumtoz namoyandalari bilan ijodiy bahsda tugʻilgan boʻlib, ham badiiy ifoda, ham mazmuniy teranlikda salaflar bilan teng qudrat namoyish etadi.
Navoiy 1498 yilda “Lison ut-tayr”, 1499 yilda “Muhokamat ul-lugʻatayn”, 1500 yili “Mahbub ul-qulub” asarlarini yozdi. Bu uch asar buyuk shoir va mutafakkir ijodining avj nuqtalari edi. Adib “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzining butun ijodiy yoʻlini sarhisob qilib, turkiy tiddagi sheʼriyatning qudratini taʼkidlagan. Unda, jumladan, quyidagi maʼlumot bor: “Chun “Lison ut-tayr” ilhomi bila tarannum tuzupmen, qush tili ishorati bila haqiqat asrorini majoz suratida koʻrguzupmen”. Alisher Navoiy goʻdaklik chogʻlaridan tasavvuf sheʼriyatining ustodi Farididdin Attor yaratgan “Mantiq ut-tayr” asariga mehr qoʻygani bizga maʼlum. Umrining oxirida ushbu asarga tatabbu – javob yozar ekan, oʻzining shungacha yozgan barcha asarlariga falsafiy yakun yasaydi. Attor asari Borliqning yagona mohiyati haqida, Haq asrori va inson uchun uni anglab yetish imkon darajasi haqida edi. “Lison ut-tayr” mazmuni “Mantiq ut-tayr”ga zid yoki undagi fikrlarning takrori ham emas, balki yangi tarixiy-maʼnaviy bosqichdagi sharhi, talqinidir.
Attorning qushlar tilidan yozilgan dostonida irfoniy ehtiros nihoyatda joʻshqindir. Navoiy esa bosiq voqeaband tasvirga urgʻu beradi, qushlar sarguzashtida va ichki hikoyalarda hayotiylikni kuchaytiradi. Bu bejiz emas. Oxirgi xulosada Navoiy salafiga qaraganda olgʻa ketadi, masala mohiyatini teranroq his qiladi va badiiy tasvirni ham shunga munosib yaratadi.
Nihoyat Navoiy oxirgi asari – “Mahbub ul-qulub” (“Koʻngillarning sevgani”) risolasida barcha savollarga yana oʻzi javob bergan. Bu asar tom maʼnoda ijtimoiy-falsafiy va axloqiy gʻoyalarga toʻliq boʻlib, XV asrda mavjud boʻlgan barcha ijtimoiy toifalar mohiyati mufassal ochib berilgan, ijtimoiy va axloqiy hodisalarning oʻzaro bogʻliqligi, yaxlitligi ishonarli taʼkidlangan. Bu asar turli aforizm, maqol va matnlarga boy boʻlib, xalq orasida juda keng tarqalgan.
Alisher Navoiy oʻzi va salaflari – Nizomiy, Dehlaviy, Hofiz, Iroqiy va boshqalar yaratgan mustaqil badiiy tafakkur tarzini “majoz tariqi” deb nomladi va unda Haq asrori “majoz suvratinda” aks etishini taʼkidlagan. Bu Borliqni oʻziga xos idrok etish tarzi Naqshbandiyaning “Dil ba yoru dast ba kor” qoidasiga muvofiq boʻlib, unda ibrat, ilm, irfon va amal bir nuqtada birlashar va yangi dunyoga koʻz ochardi. Tavhid taʼlimoti va eʼtiqodini idrok etishning eng yuqori bosqichi boʻlgan bu dunyoqarash tizimi “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarida, shoir lirikasida badiiy inʼikosini topgan.
1500 yillarga kelib shoirning hayot sharoiti qiyinlashib, sogʻligi zaiflashib qolsa-da, ijoddan toʻxtamadi. 1501 yilning boshida Navoiy kasallikdan vafot etdi. Butun Hirot xalqi oʻzining buyuk shoiri bilan xayrlashishga chiqdi va 7 kun davomida motam tutdi.
Navoiy oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotining soʻnggi rivojini belgilabgina qolmay, Movarounnahr va Xurosonning butun maʼnaviy madaniyati taraqqiyotiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Uning asarlari, sheʼriyati qayta-qayta koʻchirilib, xalq orasida keng tarqalib, shoirlar uchun maktab vazifasini oʻtadi, madrasalarda keng oʻrganildi.
Alisher Navoiy ijodini oʻrganish, uning ilmiy tahlili boʻyicha soʻnggi yillarda qator taniqli tadqiqotchilar ish olib bordilar va bugungi kunda ham Navoiyning merosi koʻpgina olimlarimizni ilhomlantirib keladi. Hozir maktablar, xiyobonlar, koʻchalar buyuk shoirimiz nomi bilan yuritiladi. Uning nomida Oʻzbekiston Davlat mukofoti taʼsis etilgan.
“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.