Stiven Spilberg haqida

1947-yil
Stiven Spilberg


Spilberg kino tarixiga fantastik film va trillerlar muallifi sifatida kirdi. Bu filmlar yorqin, dinamik syujeti va kombinatsiyalangan suratga olish mahorati bilan tomoshabinlarni hayratda qoldirdi. Stiven bolaligida oʻyinchoq poyezdlarni rasmga tushirish uchun otasining kamerasidan foydalana boshladi, maktabda oʻqib yurganida esa bir qancha havaskor ilmiy-mashhur filmlar suratga oldi. U universitetni tugatgach, televideniyeda direktor boʻlib ishladi va faqat 1971-yildagina Gollivudga koʻchib oʻtib, kino bilan jiddiy shugʻullana boshladi.
Unga “Duel” filmi suratga olingandan keyin kinematografiya markazida ishlash taklifi tushdi. Bu sahnalashtirish uchun katta xarajatlarni talab qilmaydigan, oddiy hikoyali film edi. Filmga faqat bir nechta aktyorlar jalb qilingan boʻlib, ular sirli, ehtimol, hech kim tomonidan boshqarilmayotgan yuk mashinasi taʼqib qilayotgan haydovchi haqida navbatma-navbat gapirib berishi kerak edi. Ilk marta aynan shu filmda Spilberg tomoshabinni kartinaning oxirigacha hayajonda ushlab tura oldi.
U ekranda yaratgan xayoliy sarguzashtlar katta sarmoyani talab qilardi. Ammo bu narsa Spilbergni toʻxtata olmadi. Uni maxsus effektlar va jahon shuhrati oʻziga tortdi. U oʻzining birinchi filmlarini asosan bestsellerga aylangan kitoblar asosida suratga oldi. Ilk haqiqiy muvaffaqiyat unga 1975-yilda, kino tarixida eng yuqori daromadli filmlardan biriga aylangan “Jagʻlar” filmi yaratilganidan keyin keldi. Voqea Piter Benchli tomonidan oʻylab topildi. Unda kichik kurort shaharchasi aholisini dahshatga solgan ulkan odamxoʻr akula hamda uni jasur politsiya qahramoni qanday magʻlub qilgani hikoya qilindi.
Suratga olish uchun maxsus akula yasaldi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, uni yasash 3 mln dollarga tushgan, chunki u haqiqiy yirtqichning harakat va odatlariga taqlid qiladigan, eng murakkab kompyuter texnologiyasi asosida yaratilgandi. Spilberg yaratgan personaj shu qadar mashhur boʻlib ketdiki, bu akula ishtirokida yana 2 ta film “Jagʻlar 1” va “Jagʻlar 2” suratga olindi. Oxirgi kartinada akulaning hatto bolasi ham bor edi.
Keyin Spilberg fantastika janriga murojaat qildi va 1977-yilda “Uchinchi dunyodan kelgan oʻzga sayyoraliklar” filmini suratga oldi, bu filmda oʻzga sayyoraliklar yerliklar bilan aloqaga chiqadi. 1981-yilda chiqqan “Yoʻqolgan kemani izlab” va “Oʻzga sayyoralik” filmlari ham yana misli koʻrilmagan muvaffaqiyat olib keldi. Ular 700 mln dollardan ortiq daromad keltirdi. “Oʻzga sayyoralik” filmida bola va tasodifan Yer sayyorasiga tushib qolgan, olis sayyora vakilining doʻstligi haqida nazmiy hikoya qilindi.
Film syujetiga koʻra, bola koʻp qiyinchiliklarni yengib, oʻzga sayyoralikning oʻz dunyosiga qaytishiga yordam beradi. Bu filmlardan keyin Indiana Jons ismli mashhur qahramonning bir qator sarguzasht filmlari paydo boʻldi. Rejissyor va ssenariy muallifining ixtiyoriga binoan qahramon uzoq oʻtmishning xazina va jumboq yechimlarini izlab turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Hayratlanarli effektlarga boy boʻlgan “Yura davri parki” (1993-yil) filmi ham haqiqiy sensatsiyaga aylandi, bu film uchun maxsus harakatlanuvchi dinozavrlarning kompyuterlashtirilgan modellari yasaldi.
Film mashhur “Terminator” ni ixtiro qilgan yozuvchi — Maykl Krayton romani asosida yaratildi. Unda probirkada oʻstirilib, orolga qoʻyib yuborilgan dinozavrlar kutilmaganda nazoratdan chiqib ketgani haqida hikoya qilinadi. Bu shu qadar gʻayrioddiy ediki, tez orada Amerikani dinozavr romanlari toʻlqini qamrab oldi, maxsus kompyuter oʻyinlari yaratildi va oʻyinchoqlar ishlab chiqarila boshladi. Qizigʻi shundaki, doimiy kassa muvaffaqiyati va filmlarning tomoshabinlar orasida mashhurligiga qaramay, tanqidchilar rejissyorni oʻz eʼtiboridan chetda qoldirdi. Spilberg oʻz kompaniyasini yaratib, “Shindler roʻyxati” filmini suratga olganidan keyingina u haqida yozishni boshlashdi.
Spilberg 1994-yilda butun dunyo ekranlarini zabt etgan ushbu kartina uchun 1-Oskar — AQShdagi eng yuqori kino mukofotini oldi. Bu kun uning uchun eng muhim kun boʻldi, chunki kartina yana 6 ta nominatsiya, jumladan, eng yaxshi film uchun mukofotiga sazovor boʻldi. Uning syujeti boʻlgan voqeaga asoslangan. Ssenariy rejissyorning oʻzi tomonidan yozilgan boʻlib, Ikkinchi Jahon urushi paytida halok boʻlgan yahudiylar uchun oʻziga xos rekviyem (dafn musiqasi) ga aylandi. Spilbergni mohir rejissyor, kompyuter sahnalari ustasi deyish mumkin.
U tomoshabinni doimiy ekran oldida ushlab turadigan syujetni ajoyib tarzda qurishni biladi. Spilberg filmlarining oxiri har doim gʻayrioddiy tugasa ham, barcha filmlarida umumiy jihatlar koʻp. U oʻz tomoshabinini hech qachon qoʻrqitmaydi, balki faqat unga oʻrgatadi va ogohlantiradi. Shuning uchun ham uning filmlarini kattalar ham, bolalar ham birday sevib tomosha qiladi. U oʻz tomoshabinlariga ajoyib ertak kabi koʻrinadigan, tashrif buyurishni va sarguzashtlarda ishtirok etishni xohlaydigan fantaziya olamiga kirishga imkon beradi.