Xo‘jayev Fayzulla Gubaydullayevich  haqida

Xo‘jayev Fayzulla Gubaydullayevich  haqida

Xo‘jayev Fayzulla Gubaydullayevich 


Tavallud topgan sana:
1896 yil


Vafot etgan sana:
15 mart 1938 yil


Tug'ilgan joy:Buxoro


Yo'nalishlar: Yozuvchilar



Tarjimai hol


Ilmli, o‘z zamonasining bilimdoni, siyosatdon va madaniyatli, o‘z tarixini yaxshi bilgan inson bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev savdogar oilasida tug‘ilganligi uchun har tomonlama yaxshi ta’minlangan edi. U otasidan qolgan boylikni jadid maktablari ochishga, yosh buxoroliklar faoliyatini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga sarf ladi.

1917 yildan boshlab Fayzulla Xo‘jayev va Abdurauf Fitrat yosh buxoroliklardan ajralib chiqqan «So‘l qanot»ga boshchilik qilishadi. Fayzulla Xo‘jayev jadidchilar bilan birgalikda Buxoroda konstitutsion monarxiya, so‘ngra demo- kratik respublika tuzish uchun kurashdilar.



Fayzulla Xo‘jayev boy ilmiy meros qoldirgan. Uning «Buxoro inqilobining tarixiga materiallar» (1926), «Buxorodagi revolyutsiya va O‘rta Osiyoning milliy chegaralanish tarixiga doir» (1932) kitoblari, «BXSRdagi iqtisodiy ahvol» (1924), «Yosh buxoroliklar to‘g‘risida» (1926), «Jadidlar» (1926) kabi maqolalarida XX asrning 1 choragidagi jiddiy muammolar haqidagi fikrlari bayon etilgan.



Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyati mustaqillik tufayli chuqurroq o‘rganila boshlandi. 1996 yilda o‘zbek xalqi o‘zining fidoiy farzandi Fayzulla Xo‘jayevning 100 yillik yubileyini nishonladi. Yubiley munosabati bilan Fayzulla Xo‘jayev asarlari va u haqidagi tadqiqotlar nashr etildi.



Buxoroning asl farzandi



O‘zbek millatining asl farzandi Fayzulla Xo‘jayev 1896 yilda Buxoro xonligi davrida Buxoroda yirik savdogar oilasida dunyoga keladi. Uning otasi Ubaydullaxo‘ja Qosimxo‘jayev Moskvada xususiy savdo mahkamasiga ega bo‘lib, Rossiyaning o‘zida hamda xorijiy bozorlarda qorako‘l teri bilan keng miqyosda savdo-sotiq yurgizar edi. U kelajakda o‘g‘lini o‘ziga o‘xshagan e’tiqodli, ilmli, musulmon bo‘lib yetishishini istar edi.



1907 yilda o‘n bir yoshli Fayzullani otasi Moskvaga olib ketadi. Moskvada u besh yil davomida uyda yollangan rus o‘qituvchilaridan saboq oladi. Biroq Fayzulla o‘n olti yoshga ham to‘lmasdanoq otasi olamdan o‘tdi. Shundan so‘ng Fayzulla Xo‘jayev tarbiyasi kambag‘al dehqon oilasidan chiqqan onasiga qoladi. Unga onasi hayotdagi barcha yaxshi-yu yomon tomonlarni uqtirib, qiziquvchan, ziyrak yigitchaning hayot haqidagi tushunchalari shakllanishida katta rol o‘ynagan birinchi omil onaning ta’siridir.



Fayzulla Xo‘jayev 1913 yilda jadidlar harakatiga qo‘shiladi. Bu harakat Buxoro sharoitida ma’lum taraqqiyot ahamiyatiga ega edi. Yosh Fayzullada taraqqiyparvar g‘oyalarning shakllanishida Buxoroning dastlabki ma’rifatparvarlaridan biri Abdulvohid Buxonovning sezilarli ta’siri bo‘lgan.



Buxoroda demokratik harakat aholi o‘rtasida ma’rifat va madaniyat tarqatish uchun kurashdan boshlanadi. Bu yangi usul maktablari (maktabi usuli jadidi) ochishdan boshlandi. Mazkur maktablarda diniy ta’lim asoslari bilan bir qatorda matematika, geografiya, tabiatshunoslik kabi dunyoviy va ijtimoiy fanlar ham o‘qitiladi. Yangi usul maktablar Buxoroda avvaldan mavjud bo‘lgan maktablarga (maktabi usuli qadimi)ga qarama-qarshi yo‘sinda tashkil etiladi.



Milliy ziyolilar va mahalliy hukumatning maorif- ni isloh qilish harakatiga yetakchilik qilgan ayrim vakil- lari mavjud tuzumga va Buxorodagi mustabid boshqaruv usuliga tanqidiy nazar bilan qaraganlarning barchasini yangi usul maktablari atrofiga birlashtira boshladi. Buxoro o‘sha yillari musulmon dinining beshigi, islom dinining tayanchi hisoblanar edi. Shahardagi 364 ensiz va tor ko‘chalarda 360 machit va hammasi bo‘lib 20 mingga yaqin talabaga ega bo‘lgan 138 maktab va madrasa bo‘lib, talaba- larning aksari ko‘pchiligi ruhoniy, savdogar, amir amaldorlari va boy tabaqa vakillarining bolalari edi.



Fayzulla Xo‘jayev o‘z mamlakatining iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalardagi qoloqligiga barham berish, xalq ommasining turmushini yaxshilash yo‘llarini qidirdi. Bu borada Fayzulla Xo‘jayev va yosh buxoroliklar ham bir masalada - Buxoroni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish masalasida bir xil fikrda edilar.



Jadidlar dastlab madaniy-oqartuv ishlari bilan shug‘ullandilar, keyinroq esa uncha-muncha demokratik ozod- lik haqidagi talablar bilan chiqa boshladilar. Jadidlar harakatida faol qatnashgan Fayzulla Xo‘jayev Buxoroni taraqqiy ettirish uchun ham ayrim o‘zgartishlar kiritish lozimligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qila boshladi. U, jadidlar orasidan o‘z g‘oyalariga tarafdorlarni ham topdi va ulardan boshqa safdoshlari bilan birgalikda, 1917 yilda Yosh buxoroliklar partiyasini tuzdi.



1917 yil aprelda Yosh buxorliklar Fayzulla Xo‘jayev boshchiligida xalqqa ba’zi bir demokratik erkinliklarni berish kerakligi to‘g‘risidagi talablar bilan amirga murojaat qildilar. Ammo amir yosh buxoroliklarga yon bosmadi, ulardan qattiq o‘ch oldi. 1918 yilda vujudga kelgan Buxoro Kommunistik partiyasi xalq ommasining tub manfatlarini ifodalar edi.



Fayzulla Xo‘jayev xalq ishiga shijoat bilan kirishib hormay-tolmay ish olib borib, BXSR (Buxoro Xalq Sovet Respublikasi) Xalq Nozirlari Sovetining raisi lavozimida harakat qildi.



Fayzulla Xo‘jayev 1920 yil yanvarda Toshkentda tashkil topgan inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Markaziy byurosi raisi bo‘lib ishlay boshladi. 1920 yil 14 sentyabrda Buxoro xalq Nozirlar kengashi tuzildi. Fayzulla Xo‘jayev tashqi ishlar noziri lavozimida ishlay boshladi. Buxoro Respublikasi davlat arbobi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev birinchi kundanoq mustaqil siyosat yurgazishga, Rossiya va xorijiy davlatlar bilan teng huquqli aloqalar o‘rnatishga harakat qildi. U o‘zbek xalqining farzandlari ilm olishi yo‘lida ancha ishlarni amalga oshiradi. Talabalarni xorij mamlakatlariga jo‘natib o‘qitish tashabbusi bilan chiqqan.



Fayzulla Xo‘jayev ma’ruzalaridan birida xalqiga qarata shunday degan edi: «Barcha fikr va barcha bilimlar yagona oliy maqsad - bizning buyuk Vatanimizni barcha choralar bilan mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozim».



Fayzulla Xo‘jayev o‘zining xalq oldidagi burchini bajarishda kuch va sog‘lig‘ini ayamasdi. U hatto bemorligiga qaramasdan Moskvada yosh respublikaning iqtisodiy va madaniy qurilishiga doir juda ko‘p masalalarni hal qildi. Fayzulla Xo‘jayev BXSR hukumatining boshlig‘i lavozimida to‘rt yil ishladi, bu davr davlat arbobi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev uchun katta maktab, xo‘jalik-tashkilotchilik ishlari maktabi bo‘ldi.



Fayzulla Xo‘jayevning O‘zbekistonni namunali respublikaga aylantirish to‘g‘risidagi ezgu niyati ro‘yobga chiqdi. U faqat o‘zbek millatining ravnaqi uchun emas, balki o‘nlab turli millat farzandlari mehnat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasining ravnaqi uchun, shu respub- likada yashayotgan barcha millatlarning baxtli hayoti uchun kurashdi.



Fayzulla Xo‘jayev rahbarligida 1923 yildayoq aholiga meditsina hizmati ko‘rsatish, umumiy ta’lim maktablari, bilim yurtlari va kurslar tarmog‘ini kengaytirish sohasida anchagina amaliy choralar ko‘rildi. Aholiga - ishchilar, xizmatchilar, hunarmandlar, yersiz va kam yerli dehqonlarga davlat hisobidan meditsina xizmati ko‘rsatish, mehnat, ijtimoiy ta’minot hamda sog‘liqni saqlash nozirligi tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Eski Buxoroda 200 o‘rinlik dastlabki shahar kasalxonasi, 12 ta davolash-ambulatoriya punkti ochildi.



Xalq maorifi ham ancha rivojlandi. 1923 yilda Buxoro respublikasida 32 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab, to‘rtta musiqa maktabi, ikkita pedagoglar tayyorlash instituti, 11 ta bolalar uyi, hunar maktabi tashkil etildi.



Xalq maorifi, sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan dastlabki natijalarda Fayzulla Xo‘jayevning salmoqli hissasi bor.



Ana shunday yuksak, olijanob maqsadlarga intilgan Fayzulla Xo‘jayev o‘zining xalq oldidagi burchini jo‘shqin g‘ayrat bilan ado etdi.



Ammo 1937 yil 9 iyulda Fayzulla Xo‘jayev Moskvada qamoqqa olindi.



Unga «O‘ng trotskiychi blok» faoliyatiga qo‘shilganligi, «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik, «bosmachilik» harakati qo‘rboshilarini qo‘llab-quvvatlaganlik, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Behbudiy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsat- ganlik kabi ayblar qo‘yilgan holda otishga hukm qilingan. Shu tariqa o‘zbek xalqining otash qalb farzandi Fayzulla Xo‘jayev qatag‘onlar qurboniga aylangan.



1965 yil 6 martda Oliy sud harbiy kollegiyasi Fayzulla Xo‘jayevni aybsiz deb topdi va oqladi.



Fayzulla Xo‘jayev hayoti va faoliyatiga oid muhim sanalar



Fayzulla Xo‘jayev - 1896 yil 1 iyulda Buxoroda tug‘ilgan



1905-1907 yillar Buxoro madrasasida o‘qigan.



1907-1912 yillarda Moskvada xususiy maktabda o‘qigan.



1912yil Buxoroga qaytgan.



1913yil Yosh buxoroliklar partiyasining a’zosi.



1913-1916 yillar Buxoroda jadidlar harakatiga qatnashadi.



1917 yil Toshkentda tuzilgan inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Turkiston Markaziy byurosi raisi, «Uchqun» gazetasi muharriri.



1920 yil 14 sentyabda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati - Xalq Nozirlar Sho‘rosi tuzilib, hukumat boshlig‘i qilib saylandi.



1922 yilda ichki ishlar noziri bo‘lib ishlagan.



1920-1922yillarda BXSR tashqi ishlar noziri.



1921-1924yillarda harbiy ishlar noziri.



1922-1924yillarda Mehnat va mudofaa kengashi raisi.



1925 yilda SSSR Harbiy Dengiz ishlari xalq komissarligining O‘zbekiston SSR bo‘yicha rasmiy vakili.



1924yil noyabrda Muvaqqat ishchi dehqon hukumati raisi.



1925fevraldan 1937 yilgacha O‘bekiston SSR XKS raisi.



1932yilda O‘zSSRning ba’zi oblastlarida yirik sug‘orish inshootlari qurilishi ahvolini o‘rganish va Toshkentda paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish bo‘yicha taklif tayyorlash komissiyasining raisi.



1933yilda ilg‘or kolxozchilar I s'yezdida, VKP (b) Markaziy Komiteti O‘rta Osiyo byurosining paxta yetishtirishni ko‘paytirish uchun kurash, don muammosini hal qilish yuzasidan chaqirilgan plenumida ma’ruza qildi.



1934yilda VKP (b) XVII s'yezida, respublika chorvador va g‘allakor rayonlari ilg‘or kolxozchilar I s'yezdi ishida qatnashdi.



1935yilda O‘zSSR Sovetlarining V s'yezdi, SSSR Sovetlarining VII s'yezdi delegati, eski shaharlarni rekonstruktsiya qilishga bag‘ishlangan kengashda qatnashadi.



SSSRning yangi konstitutsiya loyihasini tayyorlash komissiyasi a’zosi.



1936yilda O‘zSSRning yangi konstitutsiyasi loyihasini tayyorlash komissiyasiga a’zo. O‘zSSR Sovet- larining VI s'yezdi va SSSR Sovetlarining favqulodda VIII s'yezdi delegati.



1937yilda O‘zSSR Sovetlarining VI s'yezdi va O‘zbekiston ziyolilarining I s'yezdida nutq so‘zladi. O‘zbekiston KP (b) VII s'yezdi ishida qatnashdi.



1937 yil 9 iyulda Fayzulla Xo‘jayev Moskvada qamoqqa olindi va otishga hukm qilindi.



1965 yil 6 martda Oliy sud harbiy kollegiyasi Fayzulla Xo‘jayevni aybsiz deb topdi va oqladi.


Video galereya



[url=#]




[url=#]



[/url]