Soatov Tal’at Soatovich haqida

Soatov Tal’at Soatovich haqida

Soatov Tal’at Soatovich


Tug'ilgan joy:O'zbekiston


Yo'nalishlar: Biologlar, Kimyogarlar




Tarjimai hol


Tal’at Soatov butun hayotini fanga bag‘ishlagan olimlardan biridir. U deyarli yarim asr umrini fanga, xususan, kimyo, biologiya va tabobatga bag‘ishlaydi, hamda shu sohani o‘rganishdagi fundamental tadqiqotlar rivojiga o‘z xissasini qo‘shgan.



Tal’at Soatov o’tgan asrning 60-yillarida ilmiy faoliyatini qalqonsimon bez oqsillarini o’rganishdan boshladi. 1966 yilda shu mavzuda nomzodlik, 1974 yilda esa doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 40 yoshidayoq professorlik unvoniga sazovor bo‘ldi. 



1985 yili siklik nukleotidlarga bag‘ishlangan turkum ishlari uchun Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, olim uzoq yillardan buyon O‘zRFA Biokimyo institutiga rahbarlik qilib kelmoqda. 



Bugungi kunda nazariy va metodik jihatdan yuksak darajaga ko‘tarilgan zamonaviy biokimyoning asosiy vazifasi biologik jarayonlarni organizmdan tashqarida yaratish, irsiy, immunotanglik, virus va rak kasalliklarini davolash, biotexnologiya va qishloq xo’jalik mahsulotlari sifatini yaxshilash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning nazariy asoslarini yaratish bilan bog‘liq. 



Ushbu sohaga oid dastlabki tadqiqotlar yurtimizda 1920 yillar oxirlarida ayrim qon kasalliklarida qon tarkibida sodir bo‘ladigan biokimyoviy o‘zgarishlarni o‘rganishdan boshlandi. 



Biroq, mazkur fanning tom ma’nodagi taraqqiyoti XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab garmonlar biokimyosi, hujayra metabolizmi, organizmda lipid almashinuvi, biotoksinlar tarkibi va ta’sirini o‘rganish borasida qilingan ishlarda namoyon bo‘ldi. 



Tal’at Soatov qalqonsimon bez tarkibidan 2 ta yod saqlovchi oqsil - tireglobulin va tireoalbuminlarni toza holda ajratib olib, yodproteinlarning fizik-kimyoviy xususiyatlari, tarkibi hamda tireoid garmonlarning sintezidagi alohida ahamiyatini tadqiq qildi. Ushbu ilmiy izlanishlarining natijasida fanda ilk bor xavfli bo‘qoq kasalligi paydo bo‘lishining genetik nosozliklar bilan bog‘liqligi haqidagi gipotezani ilgari surdi. 



Hozir Biokimyo instituti respublikada hayvonlar biokimyosini o‘rganish sohasida ham yagona ilmiy markaz hisoblanadi. Bu yerda garmonlar, mikrob, oqsil, hujayra va molekulyar biologiya, biologik membranalar tarkibi hamda radiatsion biokimyo sohasida ilmiy tekshirishlar olib boriladi. Bu borada ham domla o‘zining yuksak intellektual salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi. Xususan, u membrana lipidlarining garmonlar ta’sir mexanizmidagi muhim o‘rnini o‘rganuvchi yangi ilmiy yo‘nalishga asos soldi. Bundan tashqari, o‘zi boshqarayotgan ilmiy maktab bilan lipidlarning strukturasi, funksiyasi hamda ularning hujayra metabolizmini boshqarishdagi rolini o‘rgandi. Tal’at Soatov va uning shogirdlari birinchilardan bo‘lib plazmatik membranalarda tiroksinning retseptorlari mavjudligini va ushbu retseptorlar faoliyatining adenilatsiklaza tizimi bilan bevosita bog‘liqligini isbot qildi. 



Akademik Tal’at Soatovning yirik ilmiy kashfiyotlaridan yana biri - organotropik liposomalarni yaratish va ularni nishon organlarga bevosita yo’naltirish uslubidir. Bu esa biotexnologiya, membrana va gen muhandisligini rivojlantirishda, dori-darmonlarni organizmning aynan belgilangan organida to‘plashda samarali vositaga aylandi. 



Akademik Tal’at Soatov insulinning ta’sir mexanizmini o’rganish va qandli diabet paydo bo’lishining molekulyar asoslarini tushuntirish ishiga ham o’z hissasini qo‘shdi. Chunonchi, ushbu fundamental tadqiqotlar natijasida organizmning insulinga sezgirligini aniqlab beruvchi tezkor usul ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq qilindi. 



Ta’kidlash joizki, bugungi kunda butun dunyo bioximik olimlarining diqqat markazi Yerda hayotning kelib chiqishi, hayvon va o’simlik turlarining paydo bo‘lishi, irsiy virus, saraton-rak kasalliklarining oldini olish hamda davolash kabi olamshumul muammolarni hal etish borasida chuqur tadqiqotlar olib borishga qaratilgan. 



Ayniqsa, rak xujayralari o‘limi induktorlarini izlash va ularning ta’sir mexanizmlarini o‘rganish, yuqorida ta’kidlaganimizdek, biologiya hamda tibbiyot fanlarining eng dolzarb masalalaridan biridir. Aynan mana shu muammoni hal qilishni Tal’at Soatov o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Xususan, so‘nggi yillarda domla yurtimiz uchun butunlay yangi bo‘lgan ilmiy yo‘nalish - hujayralarning genetik programmalashtirilgan o‘limi (apoptoz) jarayonini o’rganish ustida samarali tadqiqotlar olib bormoqda. 



Hozir Tal’at Soatov ko‘nufuzli xalqaro anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ahamiyatli tomoni, ularda domla nafaqat o‘zbek, balki rus va ingliz tillarida ham mukammal ilmiy ma’ruzalar qilib, jahon olimlarini mamlakatimiz biokimyo fani yutuqlari bilan tanishtirmoqda. 



7 monografiya, 25 ixtiro va 460 dan ortiq ilmiy asarlar yaratgan. Bundan tashqari, zahmatkash olim kadrlar tayyorlash ishlariga xam alohida e’tibor qaratmoqda. U 8 nafar fan doktori va 30 nafar fan nomzodlariga ilmiy rahbarlik qildi. Ilm-fanni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmatlari uchun Tal’at Soatovga "O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi", akademik ilmiy darajasi berildi.



Talat Soatov o'zining muhim ilmiy tadqiqotlari uchun "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi" faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan va Fanlar akademiyasining faxriy a‘zosi.