Pul, Pul, Pul…
Kundalik hayotimizda ishlatiladigan pul haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Dastlab savdoda yoki ish haqi sifatida nimalar ishlatilganini, tangalaru qog‘oz pullar qachondan beri muomalaga kiritilganini bilasizmi?Quyida pullar to‘g‘risidagi ayrim qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etmoqdamiz.
Qadimgi odamlar o‘zlari yashagan o‘lkalarning sharoitlaridan kelib chiqib, o‘zaro iqtisodiy munosabatlarda turli buyumlarni pul o‘rnida ishlatganlar: qo‘yning oshiq suyagi, biror daraxt bargi, muayyan turdagi baliq tangachasi va hokazo.
Tarixning ma’lum bosqichlarida qimmatbaho metallar va toshlar pul rolini o‘ynagan, keyinchalik metall tangalar va nihoyat qog‘oz pullar paydo bo‘lgan. Amir Temur harbiy yurishlaridan birida qal’ani qamal etib uzoq qolib ketadi, natijada harbiy yurishlarda qo‘shin bilan olib yurgan pullari tugab qoladi. U Samarqandga – suyukli xotini va oqila maslahatchisi Bibixonimga chopar yo‘llab, xazinadan pul jo‘natishini so‘raydi.
Biroq malika pul o‘rniga «Pulingiz tugasa siyosatingiz ham tugadimi?» degan javob xati berib choparni ortiga qaytargan. Uning javobidan so‘ng amir quyidagi yo‘l tutgan: yurishlarda so‘yib yeyilgan jonivorlarning suyaklariga muhrini qizdirib bosib, ularning hajmiga ko‘ra qiymatini belgilagan va shu suyaklarni tilla tanga o‘rnida vaqtincha ishlatishga farmon bergan. Ana shu suyak parchalariga qo‘shin uchun oziq-ovqat va kerakli narsalar olingan.
Temur g‘alaba qozongach, aholi qo‘lidagi vaqtinchalik pullarni haqiqiy tangalarga almashtirib olgan. Pul deganda ko‘z o‘ngimizga, avvalo, qog‘oz kupyuralar, keyin metall tangalar kelishi haqiqat. Ammo XIX asr boshida Alyaskadagi Rossiya-Amerika kompaniyasi charm pullar chiqargan. Ha, ishonavering, jami 42 ming rubl qiymatga ega 10 mingta kupyura tyulen terisidan qilingan bo‘lib, ular 1826 yilgacha muomalada bo‘lgan. Hozirda esa o‘sha pullarning har biri o‘z vaznidagi oltin bahosida turadi. Ruslardagi tiyinni anglatuvchi «kopeyka» so‘zining qanday paydo bo‘lganini bilasizmi? Bu to‘g‘rida har xil variantlar bor: ba’zilar bu so‘zni Chingizxon avlodidan bo‘lmish Kepakxon ismi bilan bog‘laydi. Boshqa qarashlarga ko‘ra esa, Ivan Grozniy zarb ettirgan kumush tangalarda buyuk knyazning qo‘lida nayza ushlagan surati tasvirlangandi. Ioann esa ularni «nayzali pullar» – «kopeynie dengi» deb atashga buyruq bergan. Keyinchalik u «kopeyka»ga aylanib ketgan.
Qiymati va vazni bo‘yicha eng kichik rus tangasi «polu-denga» yoki «polushka» deb atalgan. Uning qiymati chorak kopeykaga, vazni esa atigi 0,17 grammga teng bo‘lgan. Qulay bo‘lishi uchun metalla tangalar hajman kichik, vazni yengil qilib chiqariladi. Insoniyat tarixidagi eng og‘ir metall tanga – XVIII asrda chiqarilgan shvedlarning 10 daler qiymatli to‘rtburchak mis tangasi bo‘lgan. Uning bir donasi 19 kilogramm 710 gramm vaznga ega bo‘lib, burchaklariga qirol muhri bosilgandi. So‘m, dollar, dinor, rupiy, lira… – bular turli davlat pullarining nomi ekanini bilasiz.
Mazkur ro‘yxatga «gazetta» so‘ziniyam tirkasak g‘alati tuyulmasmikan? O‘n oltinchi asrda Venetsiyada ishlatilgan tanga aynan shunday nomlangan. Qizig‘i, bu so‘zdan hozirda biz tushunadigan gazeta ma’nosi shu nomdagi pul birligidan ancha keyin va aynan shu ma’nodan paydo bo‘lgan. 1556 yilda Venetsiyada ilk bosma nashr – «Yozma xabarlar» dunyoga kelgan, uning bittasi narxi bir gazetta turgan. Shu sababli bora-bora tanganing nomi nashr nomigayam o‘tgan. Qiymati bo‘yicha eng yirik pul – 1654 yilda Hindistonda zarb etilgan 200 moxurlik tilla tanga bo‘lgan.
Diametri 136 millimetr bo‘lgan bu tanga vazni 2 kilogramm 177 gramm edi. Uning shakli tushirib olingan tasvir Londondagi Britan muzeyida saqlanadi. Tanganing yagona nusxasi esa Hindistonning Bixar shtatida 1810 yilda yo‘qolgan. Bir tanga uchun to‘langan eng yirik mablag‘ – 314 ming dollar. Syurixdagi auksionda qidimiy Afina kumush tangasi – dekadraxma aynan shu narxda sotilgan. Eng yirik rus tangasi esa Yekaterina 1 farmoni bilan 1725 yilda chiqarilgan. Bu ulkan kvadrat shaklidagi mis tanganing tomonlari 18 santimetr, qalinligi esa 5 millimetrni tashkil etgan. Uning vazniyam chakkimas: 1 kilogrammu 636 gramm! Eng yirik hajmli zamonaviy kumush tanga esa 1999 yilda Rossiyada zarb etilgan bo‘lib, unin vazni 3000 grammga teng.
Eng og‘ir vaznli rus tilla tangasi Yekaterina II farmoniga ko‘ra chiqarilib, imperial deb nomlangan. Uning qiymati 10 rublga teng bo‘lib, vazni esa 11,61 gramm bo‘lgan. Zamonamizning eng og‘ir oltin tangasi esa Xitoyda chiqarilgan, u naq besh kilogramm keladi! «Pul! Kerakmi?» deganda kim «Yo‘q, kerakmas!» deya oladi? Ishonish qiyin, ammo 1825 yilda Rossiyada pul birdaniga hech kimga, umuman kerak bo‘lmay qolgan.
Chunki bu paytda Aleksandr I vafot etgan, ammo uning o‘rniga kim taxtga o‘tirishi noma’lum edi. Shunda navbatdagi chiqarilayotgan pullar Aleksandrning katta o‘g‘li Konstantin tasviri bilan bosilgan. Biroq Konstantin taxtdan voz kechib, ukasi Nikolayni o‘tqazdi. O‘shanda yangigina bosilgan tangalar hech kimga kerak bo‘lmasdan, qaytadan eritib quyish uchun davlat zarbxonasiga qaytarib olingan.