Til haqida she’rlar, ona tili yangi she’rlar to‘plami

Til haqida ajoyib she’r
Ona tilim

Iroda Umarova

Ona tilim – yurak qatimdan

Mehr bo‘lib sochilgan jarang.

Qulog‘imga go‘dak paytimdan

Alla bo‘lib singigan ohang.

Ona tilim – necha asrlar

Kurashida yenggan polvonim.

Necha ajdod, necha nasllar

Suyib o‘tgan turkiy zabonim.

Ona tilim – do‘ppi kiygan So‘z,

Doim yangi yo‘lcha-atlasi.

Bir satriga tashlasangiz ko‘z,

Tovlanadi ming-ming qirrasi.

Ona tilim – asalchoy ta’mli,

Bulbultalqin, muhabbatsheva.

Lablarimga ko‘chirgum doim

Talaffuzin men seva-seva.

Ona tilim – yurak qatimdan

Mehr bo‘lib sochilgan jarang.

Qulog‘imga go‘dak paytimdan

Alla bo‘lib singigan ohang…

Yurak tili
Nodirjon Uzoq

mana bu sahifada keltirilgan.

Til haqida juda ta’sirli she’r
ONA TILIM

Farida Afro‘z

“Ona tilim!” desam, birdan,

Turku turon bosh ko‘tarar,

Tosh bitiklar, O‘rxun xati,

Ilmu urfon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, nogoh,

Qad rostlaydi “Alpomish”lar,

“Go‘ro‘g‘li”yu “Kun tug‘mish”lar,

Qadim arkon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, yo, Haq,

Moturidiy, Zamaxshariy,

Buxoriylar qonda yoqqan

Nuri Qur’on bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, masrur,

Beruniyning qomuslari,

Ibn Sino malham tutgan,

Dardga darmon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, mag‘rur,

Yarim jahon tilga kirar,

Silsilasi zilziladay,

Sohibqiron bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, abad,

Navoiydan navo kelar,

Besh qit’aga nur taratgan,

Beshta doston bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, shahdam,

Saf tortgaydir Ulug‘beklar,

Ali Qushchi xushin olgan,

Yulduz osmon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, yo, Rab,

So‘z yonadi otash misol,

Mashrabini dorga osgan,

G‘ofil arqon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!”desam, yig‘lar,

Uvaysiylar, Nodiralar,

Momolarim nazm etgan,

Latif Ho‘qon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, o‘rtab,

Shahid ketgan Qodiriylar,

Avloniylar, Usmon Nosir,

Fitrat, Cho‘lpon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, titrab,

G‘ofur G‘ulom, Oybek, Qahhor,

Mirtemirlar umrin yegan,

Buyuk armon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, shaksiz,

Haqqim ko‘pdir dunyolarda,

Buyuklarni bot-bot bergan,

Pokiza qon bosh ko‘tarar.

“Ona tilim!” desam, endi

O‘z tilimda O‘z Bekka xos,

Men so‘z aytsam, bani bashar,

Jumla jahon bosh ko‘tarar.

Ona tilim!” desam, bugun,

Ajdodlarim, qarang, qarang,

Yana Sharqdan yangilangan,

O‘zbekiston bosh ko‘tarar.

Eshqobil shukur Ona tilim she’ri
Tog‘lar, daryolarni tinglab ko‘rganman,

Yer va Osmon bilan sirlashganman ko‘p.

Mangu Shamol bilan suhbat qurganman,

Oltin bog‘lar bilan she’rlashganman, xo‘p.

Ertaklar tingladim kapalaklardan,

Gullarning tilidan tera oldim bol.

Va Ona so‘zlarni tanib olganman.

Qaldirg‘ochlar bilan so‘rashganda, hol.

Osmonlar, olamlar, toshlar, giyohlar,

Neki bor azal va abad yo‘lida.

Neki bor, so‘ylagan menga muqarrar

Sirlarini faqat O‘zbek tilida!

Hikmatlar diyori O ona tilim,

Jondek oqajaksan, tomirlarimda.

Sen ko‘nglim mehvari, sen ruhim yo‘li,

Har lahza gullaysan, satrlarimda.

Agar sen bo‘lmasang, qaydadir iqbol,

Ajdodsan, avlodsan, Vatansan, elsan.

Millatni tarixlar ichidan alhol,

Yetaklab o‘tgan sen, onajon tilsan!

Agar sen bo‘lmasang, yurtni tanimay,

Sayoq bir it kabi o‘tib ketardim.

Hayotni tanimay, o‘zni tanimay,

Jaholat ichinda yitib ketardim.

Olamni hijjalab o‘rgatgan, sensan,

Dillarga tuyg‘ular olib kirgan sen.

Butun bir millatning manglayin silab,

Mangu Ona kabi kulib turgan sen.

Osmonlar, olamlar, toshlar, giyohlar,

Neki bor azal va abad yo‘lida.

Neki bor, so‘ylagan menga muqarrar

Sirlarini faqat O‘zbek tilida!

Ona tili haqida chiroyli she’r
Shohidaxon Akbarova

Moziylardan so‘z ochasan dilimga,

Alisherbek saykal bergan tilimga,

Qancha-qancha malomatlar ko‘rmading,

Yana qaytding o‘zligingga, o‘zingga.

Har so‘zingda olam sehr yashaydi,

Ona tilim hursand bu kun sen ozod,

Har kunim ham sening birla barhayet,

Onam tili — o‘z tilimsan umrbod

Bobomning jo‘n so‘zlarida aksi bor,

Momolarim nolasida sen takror,

O‘zbek xalqim sening bilan shodmon,

Onajonim tili o‘zing mehribon

Hayotimni quyosh misol yoritgan,

Kelajakka tinchlik so‘zini bitgan,

Ilm-u tolib ahli qo‘lidan tutgan,

Ona tilim baxtini xalqim kutgan.

Navqironim bugun takror tug‘ildi,

Aziz tilim qutlug‘ bir yoshga to‘ldi.

Buyuk tilim, ulug‘ tilim bearmon,

Tug‘ishganim quyosh kabi ko‘rindi.

Bu kun uchun ne-ne mardlar ko‘p yelgan,

Har so‘zingdan yashnab xursand shod elim.

Aziz o‘zi, laziz so‘zi xush bulbulim.

O‘zbek nomin ko‘z-ko‘z etgan soz tilim…

Buyuk til haqida she’r
JAHON MINBARIDA YANGRAGAN TILIM

Yulduz Erniyozova

Tarixing ulug‘dir, moziyga boqsam,

Kelajaging porloq, azizsan bugun.

Tangri nomi bilan ichaman qasam:

Men uchun har nedan erursan ustun.

Buyuk Turkistonni bilmagan kim bor,

Jasur Sohibqiron avlodlarimiz.

Senga olqish aytgan takror va takror

Alisher Navoiy vorisimiz biz.

Jahon minbarida turib Yurtboshim

Faxr-la so‘zladi O‘zbek tilida.

Iftixorda xalqning keksayu yoshi,

Shukrona har bitta o‘zbek dilida.

Aslida millatning ko‘zgusi sensan,

Borsanki, bardavom ajdodlar yodi.

O‘z ruhi-la tirik bo‘lgan kabi tan

Senga bog‘langandir umrim, hayotim!

Ona tilim mening faxru-g‘ururim!
D.A. Karimova

Turkiy tillar ichra marjonim o‘zing,

Gavharim, durdonam onajon tilim.

Elimning tandagi jonisan o‘zing,

Senla oldim ziyo, urfon-u bilim.

Rivoj topsin deya ona tilimni,

Jon berib, jon kechgan qancha ajdodlar.

Zahmatlar evazi butun dunyoda,

O‘zbek tilda so‘zlar bugun avlodlar.

Hokisor onamning allasi bilan,

Qon bo‘lib kirgansan tomirlarimga.

Yurtimning sho‘x qo‘shiq, yallasi bilan,

Taralding Hind-u Chin, Pomirlariga.

Kuylasam Munojot, Mavrigilarni,

Jahonni sehrlar ohanging seni.

Navoiy, Qodiriy xazinalari,

Tuganmas tillo-yu boyligim meni.

Qadim o‘tmish, bugungi kunning sururin,

Bitib qo‘ydik tarix varaqlariga.

Ona tilim mening faxru g‘ururim,

Sazovorsan dunyo sharaflariga!

G‘ayrat majid Ona tilim she’ri
O‘zbek tili qo‘shig‘i, Salohiddin Fayziyev ijrosida

Ona tili tanho oy, mehr bilan aytilgan qo‘shiq

Ona tilim, bolalar ijrosida ona tilim qo‘shig‘i

Ona tilim, Til bayrami qo‘shig‘i

mana bu sahifada keltirilgan.

Ona tilim sh’er
Eshonxonova Sarvara

O‘tmishingdan so‘z ochsam oh chekasan,

O‘z elingga ona bo‘lgan bekasan.

Sitamlardan bekinmoq-chun sadoqatli

Qalb to‘riga o‘tovginang tikasan.

Hashamatli saroylarda yo‘q senga joy,

Kamsitishdan diling vayron, tilingda “voy“.

Dalalarga boshing olib ketasan goh,

Yo‘llaringni yoritadi ko‘kdagi oy.

Baxshilarning tillarida yayrab- yayrab,

Do‘mbirasin bo‘zlatasan ko‘ksin tirnab.

“Alpomish“-u “Go‘ro‘g‘li“, “Kuntug‘mish“ni

Avlodlarga yetkarasan sayrab-sayrab.

Darding yutib dardmand bo‘lding, holdan tolding.

Ichganingda zahar bo‘ldi, boldan qolding.

Bukchaygan gavdang uchun hassa izlab,

Navoiy “Xamsa“sini qo‘lga olding.

Zarbob to‘n-u, yaltiroq kovush bilan,

Boshda shoyi salla, oroyish bilan,

Saroy ichra vazmin qadam tashlading,

Ko‘ngillarga malhamli tovush bilan.

Hech qancha vaqt o‘tmay bechoraginam,

Yana boshlandi-ku xo‘rlanish sitam,

Nima qilay kimlar uchun ona tildir,

Lekin meni fors tilida bordir ginam.

Uch xonlikda ko‘rarkansan elingni,

Yig‘lab-yig‘lab tig‘larkansan dilingni,

Ogahiy, Furqat, Nodira, Uvaysiyning

Ko‘nglida qurar eding manzilingni.

Sho‘rolarning to‘plaridan ko‘rding zahm,

Sart til debon, qilmadilar senga rahm.

Qodiriyu, Fitrat, Cho‘lpon,Behbudiyning

Vujudidan panoh topding ko‘rmay vahm.

Baxtli kunlar keldi mana eling uchun,

She’rlar bitay, malham bo‘lsin diling uchun.

Qadding baland tutgin, qadring baland bo‘lg‘ay,

Men kuylayman bu kun, tilim, sening uchun.

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!
Sayyora Samandarova,

Bobolarim shaʼn-shavkating saqladi,

Botirlaring o‘g‘lonligin oqladi,

Onam debon, jonim debon alqadi,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Goh burgutday qoyalarga urilding,

Goh xazonday yo‘l chetiga surilding,

Ming bor o‘lib, yorab, ming bor tirilding,

Ona tilim, o‘zbek tilim. o‘z tilim!

Onam bedor senda aytdi nolasin,

Durday terdi orzulari shodasin,

O‘z tili bor mag‘rur o‘zbek bolasin,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Dunyo tanir o‘zbekni o‘z so‘zidan,

Tanib olar kulib turgan ko‘zidan,

Lutf etsa gar, nur yog‘ilar yuzidan,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Sen borsanki, men ham borman, o‘lmasman,

Gullagayman,yashnagayman, so‘lmasman.

Sensiz dili xastadirman, to‘lmasman,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Navoiyning tili bo‘lsang, aylanay,

Nodiraning dili bo‘lsang, aylanay,

Har harfingga zanjirdayin boylanay,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Ulug‘landing, ulug‘laring bor, tilim,

Millatimga nomus, g‘urur, or tilim,

Sen toabad Sayyoraga yor, tilim,

Ona tilim, o‘zbek tilim, o‘z tilim!

Til haqida quvnoq she’r
Kulmanova Rohila

Menga boqayotgan jajji ko‘zlarga,

Tilimda allani jo‘shib aytaman.

Buvimdan eshitgan sodda so‘zlarga

Onamning so‘zlarin qo‘shib aytaman.

Tunlarni tonglarga ulab gohida,

Dildagi tuyg‘uni kuyga solaman.

“Alla”deb nom olgan san’at bog‘ida

Farzandimning qalbiga mehr ekaman.

Yuragimda bo‘lgan orzu-istakni,

Marjondek zeb berib so‘zga teraman.

Alpomish dostonin, aytib ertakni

Uning g‘ururiga taqib qo‘yaman.

So‘zlab bergan ushbu dostonlarimda,

Faxri mujassamdir millatimizning.

Kuyga solgan qator ash’orlarimda

Ahdi muqaddasdir ajdodlarimning.

Buyuk qadriyatlar beshigi o‘zing,

O‘zlikni anglashning ilk ostonasi.

Ko‘plab ma’no, shaklga ega har so‘zing

Lug‘at boyligingdan bir nishonasi.

Navoiy hayot baxsh etgan jon tilim,

Sen ila avlodlar oladi bilim.

Bittadir til bilan jonim va dilim

Qadring baland bo‘lsin, ey ona tilim!

Til haqida hazil she’r
Sherova Orzigul

Hamma sendan zo‘rdek go‘yo bilimdon,

Hayolini chulg‘ab olar har gumon,

Begonadek sezar o‘zin u har on,

Til bilmasa qiyin ekan talaba.

Undan ketar hatto yaqin g‘alaba.

Tushungisi kelar ammo yo‘q bilim,

Azroildek ko‘rinadi muallim,

Eh shu bo‘lsa u xohlagan bu ta’lim,

Til bilmasa  qiyin ekan talaba.

Undan ketar hatto yaqin g‘alaba.

O‘tar kunlar tugab borar to‘rt fasl,

Ketay desa uyat deydi har nasl,

O‘zin aylar shod o‘zbekman asl,

Til bilmasa  qiyin ekan talaba.

Undan ketar hatto yaqin g‘alaba.

Qadrli ona tilim she’ri
Tilovova Hilola

Zamonlar oʻtdi — qadring, eʼzozing oʻzing bilan,

Milliylikka ziynat -erk,

ovozing oʻzing bilan.

Yashagusi bu millat

Oʻzin tanib oʻzingda,

Yurakda jo qilganing —

Olovli soʻzing bilan.

Koʻrsam, senga bitilgan

Kelajagim, sururim,

Qadring yuksakda boʻlsin

Qadrli ona tilim!

«Qutadgʻu bilig» larni qutlugʻlagan qutlagan,

Aytay yo navolanib, nurlanib Navoiydan,

Davron sari muhtasham, davron sari boyimsan,

Yulduzim porloq koʻrgum sendagi tole bilan

Mumtoziyda shohona, ham yangim, yasharganim,

Qadring yuksakda boʻlsin, qadrli ona tilim!

Til haqida qasida
MUQADDAS HAMROYEVA.

O‘rxun- Enasoydan mulk qolgan tilim,

Tosh bitiklarda so‘ylolgan, tilim.

Ahmad Yugnakiyda, Mahmud Qoshg‘arda,

Yusuf Xos Hojibda yangrolgan tilim

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

To‘maris momomga tirgaksan balki,

Shiroq bobom uchun tilaksan balki,

Kelajak avlodga keraksan, BIL- KI,

Yovlarda toptolmas, ey Ona tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Hazrat Navoiyga esh bo‘lgan tilim,

Chiroyli g‘azalga xesh bo‘lgan tilim.

Dunyoni anglatgan, tanilgan tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim,

Navoiy dahosin tanitgan tilim.

Ikki til g‘avg‘osin so‘zga olmishlar,

Forsiy va turkiyni ishga solmishlar.

,,Muhokamat ul- lug‘atayn»da yutding sen, tilim

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim

G‘olib- u mukarram, ey Ona tilim!

Hazrat Bobur uchun bir armondirsan,

Vatan sog‘inchiga bir qalqondirsan,

O‘zga yurtlarda ham sen sarsondirsan,

,,Xatti- Boburiy» dan joy olgan tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Furqat, Zavqiy, Turdi, Muqumiylarda.

Gulxaniy, Mashrab-u Avaz O‘tarda,

Nodira, Uvaysiy, Anbar Otinda,

Go‘zallik zavqini tuyolgan tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Seni kamsitdilar, o‘tga otdilar,

O‘z tilin majburan bizga sotdilar

Andisha atalmish go‘zal xislatni,

Otini qo‘rqoq deb bir so‘z qotdilar.

Sart deya oyoqda toptalgan tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

,,Kecha va kunduz» da ,,O‘tkan kunlar» da

O‘zbek andishasin anglatgan tilim

Usmon she’rlarida xalqin uyg‘otib,

,,Ko‘ngil kishan» larin uzolgan tilim

Sen mening xalqparvar, ey Ona tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Behbudiy, Fitrat, Avloniylarda

Cho‘lpon, Usmon Nosir ,Qodiriylarda,

O‘lmagan, qaddini tik tutgan tilim,

Chin haqiqatni aytolgan tilim

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Seni o‘ylayversam bo‘g‘zim qonaydi

Hech bir xalq tarixda tildan tonmaydi

Sen yo‘qolmasang gar xalq ham o‘lmaydi

Bobomerosimsan mardona tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

O‘zliging o‘zingga qaytarib kelib,

O‘zbekka o‘z tilin maqomin berib,

Yuksakka ko‘targan ULUG‘ INSONdan

Xalq ham rozi, O‘zbekiston ham

Ajdodlar merosi, xalqona tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim.

Go‘zal lutf-u, shirin, sharqona tilim,

Bobomerosimsan, shohona tilim,

Momom allasisan, koshona tilim,

Ajdodlar yodisan, mardona tilim,

Sen mening gulimsan, bulbulim, tilim,

Senga ta’zim aylay, ey ONA TILIM!

Bolalar uchun Ona tilim she’ri
Komilova Ra’no

Yiroq asrlardan kechmishin so‘ylar

Buyuk bobolardan qolgan davlatim,

Millatim dilidan ko‘klarga bo‘ylar

Mehrdan yashnagan azim chechagim

Sen o‘zing o‘zligim, sen bilan dilim

Avlodlarga meros o‘zbegim tilim

Senda daholarning oltin saboti

Xizmati, hikmati, orzu-hayoli,

Onamning allasi, ustoz sabog‘i

Sen borsan bezavol ularning yodi

Olis Enasoydan boshlangan yo‘lim,

Ajdodlardan meros o‘zbegim tilim.

Yashna, ona tilim, boyigin so‘zga,

Navoiy, Qodiriy, Cho‘lpon qalami

So‘ylasin, Kuylasin tushmasin yerga

Rom etsin dunyoni sehring olami

Sen o‘zing o‘zligim,sen bilan dilim

Avlodlarga meros o‘zbegim tilim!

Ona tiliga bag‘ishlangan she’r
Orif Xamroyev

Sensan,samolardan ingan tilsimot,

Menman, jumbog‘ingni yecholmayotgan.

Senga malol kelar gox xayot,mamot,

Menga barin ayt gar qulfingni ochsam.

Sensan, og‘ulardan ming pora bo‘lgan,

Nochor, qismatidan yig‘lagan falak.

Sensan,malomatning qoniga cho‘kkan,

Singan,qanotidan ayrilgan malak.

Sensan,onalarning ko‘zida qotgan,

Zaqqum daraxtining alamli yoshi.

Sensan,otalarning ko‘ksida yotgan,

Kimsa anglamagan metin bardoshi.

Sensan, qudratining bir zarbasida,

Arab, ajamlarga meni tanitgan.

Sensan,qalamining bir xamlasida,

Bashar urfonini xangu mang etgan.

Sensan, onajonim allalarida,

Shaksiz,muxabbatni bardavom etgan.

Sensan,suyukligim nigoxlarida,

So‘zsiz, dil izxorin bas-bayon etgan.

Rostin so‘zlaganda senga, azizam,

Kulsang quvonaman,yig‘lasang ado.

Seni o‘ylaganda qaltirar tizzam,

Ketsang,muqarrar,men,bir kafangado.

Sensan, lomakondan bir tuxfa,ne’mat,

Qalbim chamanida g‘animat gulim.

Millat shuurida tiriklik demak,

Ko‘zim quvontirgan sen- Ona tilim!

Tilshunoslik atamalariga she’rlar
Sirtqi saboq

Matnazar ABDULHAKIM

Til va dil, azaliy va abadiy hislar haqida #she’r:

Men seni sevaman… O, qursin esim,

Nahotki «Men» – ega?.. «Sevaman» – kesim?..

Qoidaga mahkummiz buncha nega biz?

Muhabbat emasmi, axir, egamiz?

… Sen bo‘lsang maktabda – mashaqqatdasan,

Ruhimda xavotir g‘alayon boshlar.

Seni toliqtirib qo‘ymadikmikin

Har xil undalmalar, otlar, olmoshlar?

«Ni»ni emas, seni sevaman o‘zim,

Diydoringga yetmoq umidim ming-ming,

Sening ko‘zlaringni sog‘indim, ko‘zim,

Ko‘zim yo‘q ko‘rishga turqini «ning»ning.

Yuragim kim o‘zi, yuragim nima?

Yuragim zanjirband – zulfingga bog‘liq.

Yuragim bo‘m-bo‘sh uy, fayzli qilmasang,

Ochmasang berk uydir, mahkam qulflog‘liq.

Qulflar sinsinlar, kel, eshiklaring,

Uyiga o‘t tushsin kelishiklarning.

Qaratqining o‘zi sensiz qaratqich,

Sensiz tushumni men tush ko‘ribmidim?!

Sen bo‘lsang shu qadar kelishgansanki,

Muhabbatdan boshqa kelishiging yo‘q…

Na bir darak gap bor maktublaringda,

Na bir ergash gap bor maktublaringda,

Faqat yurak gap bor maktublaringda,

Faqat tergash gap bor maktublaringda.

Ruhimga hech tinmas g‘amdan ta’qiblar,

Maktublar – ishq dardin mahzun iloji.

O‘qir, konvert yirtib, xatim raqiblar,

Yurakni olgandek ko‘ksimni ochib.

O, yuragim mening – maktab bolasi!

Tahlikaga tushmay, cho‘kmay sevadi.

Yuragim indamay sevadi seni.

Quchoqlamay sevar, o‘pmay sevadi.

Men sevmoq baxtiga ming dardda yetdim,

Biroq bu ne hikmat, biroq bu ne sir?

Lablarimda sensiz bo‘salar yetim,

Lablaringda mensiz bo‘salar yesir.

Sening yo‘qlovingsiz hislar ham sag‘ir,

Xohi gar ishonma, xohi gar ishon.

Meni unutmabsan, xayriyat, axir,

Maktublar bitibsan xotirparishon.

Biroq sendan xat yo‘q kechadan beri,

Zor etding ko‘zlarim – gadolaringni,

Meni sog‘insayding sog‘inganimdek

Jondan aziz imlo xatolaringni.

Baxt va kulfat bilan sevaman seni,

Sevaman zararlar va foydalarsiz.

Ko‘zlarim yo‘lingga termula berar

Hech qanday bir imlo qoidalarsiz.

Sen esa omon bo‘l bosh kelishikda,

Sarviqad va qalamqosh kelishikda.

Maktublar bitaver, mayli, parishon,

Ta’na kelishikda, tosh kelishikda.

Sen faqat unutma, faqat unutma –

Ko‘zlarim ko‘p yomon sog‘indi seni

Qayg‘u kelishikda…

Yosh… kelishikda…

Til haqida qisqa she’rlar
Ko‘rmas dema, tog‘ning ham ko‘zi bo‘ladi, do‘stim,

Oyoqlari, qo‘llari, yuzi bo‘ladi, do‘stim.

Xudo jonli-jonsizga til bitgandek go‘yoki,

Jilg‘alari, soylari – so‘zi bo‘ladi, do‘stim.

* * *

Mutloq Mulk sohibi – boydan, ona til,

Qadimdir quyoshdan, oydan, ona til.

Agar bugun seni yo‘qotib qo‘ysam,

So‘ng o‘zimni izlay qaydan, ona til.

* * *

Bir qutlug‘ nasiba – bug‘doy so‘zlarim,

Ko‘ksingni ko‘targay tug‘day so‘zlarim.

Ona tilin pisand etmaganlarning,

Qalbiga sanchilsin tig‘day so‘zlarim.

* * *

Chaqaloq tug‘ildi, allalar bo‘lgay,

Ulg‘ayar, keyin to‘y-yallalar bo‘lgay.

Jaranglasa bular ona tilimda,

Misoli zang bosmas tillalar bo‘lgay.

* * *

Koshg‘ariyning til ilmini xoqonin qilib,

Turkiy hikmat bo‘stonini yashnatgan tilim

Navoiyni g‘azal mulkin sultoni qilib,

She’riyatning osmonini chqnatgan tilim.

* * *

Tug‘ilgan yurt menga vatan,

Ona tilim jonimdir.

Tilu yurtdan ayrilsam gar,

Shu kun o‘lgan onimdir.