2-qism. Sakkizoyoqlar ham og‘riydimi? Buning javobi bizga nima beradi?

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13590


Taraflar tahlili

Birinchi tavsif tarafdorlari asosan umurtqalilar bilan ishlaydi, ikkinchisining tarafdorlari esa umurtqasizlar bilan. Balki birinchi tarafdagilar son jihatdan koʻpligi tufaylidir, ammo hozircha “rasman” umurtqalilardan boshqalarda ogʻriq yoʻq deb hisoblanadi. Bunda muayyan mantiq bor: ularda bosh miya mavjud, uning funksionali umumiy xususiyatlari biznikiga oʻxshab ketadi. Biz esa ekzotik sindromlari boʻlgan odamlarni hisobga olmaganda ogʻriqni his qilamiz, undan azob chekamiz va ogʻriqni hech qachon boshqa narsa bilan chalkashtirmaymiz. Ammo boshqa nerv tizimi egalari uchun ogʻriq qanday “koʻrinishini” bila olmaymiz (u qandaydir “koʻrinishi” kerak), chunki ulardan bu haqida soʻray olmaymiz. Ammo bu masalani ochiqlash lozim, buning uchun esa taxmin qilishga toʻgʻri keladi.


Agar ogʻriq aqliy qobiliyatlarning egizagi deb faraz qilsak, “murakkab” va faol umurtqasizlar ogʻriqni his qilishini tekshirib koʻrish toʻgʻri boʻladi: ularga artropodlar (masalan, qisqichbaqa va baʼzi hasharotlar) hamda bosh-oyoqlilar kiradi. Biz masalaga umurtqalilar nuqtayi nazaridan qarayotganimiz sababli, bizga ogʻriqlar mavjudligini umurtqalilar uchun ishlab chiqilgan usullar bilan tekshirish ishonchliroqdek tuyuladi.


Shunday usullardan biri inglizchada conditioned place preference/conditioned place aversion deb atalib, uni yuqoridagi tadqiqotning muallifi sakkizoyoqlarda sinab koʻrgan. U organizmning nafaqat muayyan stimulga, balki toʻqnash kelingan sharoitga ham reaksiyasini tahlil qilish imkonini beradi. Masalan, kalamushlar ogʻriq his qilgan joydan qochishlari (aversion), ammo ularga yoqimli boʻlgan joyga qaytib kelishlari (preference) maʼlum. Bu prinsip insonlarda ham ishlaydi. Buni bilgan holda, organizmning muayyan joy yoki sharoitga munosabatini oʻzgartirish, oldin yoqqan joyni biror jirkanch narsa bilan bogʻlash mumkin va u yerga borish xohishi asta-sekin yoʻqoladi.


Sakkizoyoqlar Kruk tajribasining bu qismidan “oʻtib olishdi”. Sirka kislotasi yuborilgandan soʻng ular ukol qilingan joydan emas (chunki bu paytda ular umumiy anesteziya tufayli hech nimani his qilishmagan), balki paypaslagichidan kislotani chiqara olmay, qiynalib oʻtirgan boʻlmalardan qochishgan. Olima elektrofiziologiya yordamida ukol qilingani hissi sakkizoyoqning markaziy nerv tizimiga yuborilishini aniqlagan, ammo shunga qaramay ularning “qoʻllari” asosan avtonom tarzda, mahalliy neyronlar tomonidan boshqariladi.


Bu ogʻriq boʻlmay nima? Bunda bir muammoli nuqta bor: sakkizoyoqlar umurtqasiz hisoblanadi, demak tadqiqоtchilar ularning hislarini “umurtqalilar” uchun ishlab chiqilgan chizgʻich bilan oʻlchashdan qochishlari lozim. Krukning tajribasi quyidagi xulosalarni beradi: agar sakkizoyoq umurtqali boʻlganda, ogʻriq haqidagi masala butunlayga yopilgan boʻlardi.


Oldinroq bu darajadagi tajribalar qisqichbaqalarda oʻtkazilgan boʻlib, ularning holida hislar aniq yuzaga chiqmagan: bu hayvonlar organizmining qayeriga zarar yetkazilganini bilishmagan.


Fan qurbonlari

Bizdan boshqalar ogʻriq sezish yoki sezmasligining nima ahamiyati bor? Buning kamida ikkita sababi mavjud.


Birinchisi — axloqiy. Zamonaviy etika ogʻriqqa yomon narsadek qaraydi: tanaga aziyat yetkazadigan jazolarni bekor qilyapmiz, qiynoqlarni qattiq tanqid qilamiz va, hatto, evtanaziyani (ixtiyoriy oʻlim) ham u ogʻriqdan xalos qilgani uchun yoqlaymiz.


Ixtiyoriy o‘lim: evtanaziya nima?


Ogʻriq his qilishi mumkin boʻlganlarda koʻplab tajribalarni oʻtkazish mumkin emas, ammo baribir ularni anestetik yoki boshqa ogʻriqni yengillatuvchi vositalar yodamida oʻtkazishga toʻgʻri keladi. Kalamushlar, sichqonlar, turli katta sutemizuvchilar uchun etik standartlar ishlab chiqilgan boʻlib, unda bu hayvonlar bilan nima qilish mumkinligi va nima mumkin emasligi yozib qoʻyilgan.


Umurtqasizlar uchun bunday qoidalarni faqat alohida laboratoriyalardagina uchratish mumkin. Butun mamlakat darajasida bu masalada aniq taqiqlar yoʻq — Yevropa Ittifoqini hisobga olmaganda, albatta. Ular olimlar jamiyatining konsensusini kutib oʻtirmay sakkizoyoqlarni umurtqalilarga tenglab qo’ya qolishdi. Qizigʻi shundaki, dunyoning boshqa istalgan joyida sakkizoyoqlar ustida istalgancha tajribalar oʻtkazish mumkin. Ammo umurtqasizlar ustidagi tadqiqotlarning ilgarilashi bilan bu roʻyxatni kengaytirishga va xalqaro qonunlarni qabul qilish haqida oʻylashga toʻgʻri keladi.


Bir boʻlmada shoxi kuygan buzoqchalarning shoxiga yalligʻlanishga qarshi meloksikam surishgan, boshqasida esa ketoprofen. Ketoprofen, aftidan ahvolni yomonlashtirgan, chunki buzoqchalar ularga bu modda surilgan boʻlmaga qaytishni istashmagan. Thomas Ede et al. / Biology Letters, 2019-yil

Ikkinchisi esa — amaliy. Odamlar uchun ishlab chiqilgan ogʻriqqa qarshi dorilarni kimdadir sinab koʻrish kerak, ammo faqat odamlar ogʻriq sezsa, yechimsiz masala paydo boʻladi: jonzotga umuman zarar yetkazish mumkin boʻlmasa, uning oʻgʻrigʻini nima pasaytirishini qanday tekshirsa boʻladi? Nima boʻlganda ham “ogʻriq his qiladigan” hayvonlarni izlashga toʻgʻri keladi. Odatda bu oʻrinni laboratoriya kemiruvchilari egallaydi, yaqin orada ularning vazifasi qisqichbaqalar, kalmarlar va sakkizoyoqlarga ham topshirilishi mumkin. Ushbu jonzotlarning nerv tizimi soddaroq boʻlib, ularning holida neyronlar toʻfonidan bizga kerakli qonuniyatlarni ajratib olish osonroq.


Yarim-falsafiy savol: umurtqasizlar ogʻriq his qiladimi? Javob biz bilgan ogʻriqni qanday tavsiflashimizga bogʻliq. Agar ogʻriq biz uchun faqatgina subyektiv tajriba boʻlsa, aniq javob berishning hali uzoq vaqt iloji boʻlmaydi (axir birovning iztirobi va ongini qanday oʻlchash mumkin). Ammo agar shaxsiy ogʻriq “huquqi”dan voz kechishga tayyor boʻlsak, bu huquqni nafaqat “tanish” sichqon va mushuklarga, balki sakkizoyoqlarga ham berishimiz kerak boʻladi.


Agar ogʻriqning faqat funksional vazifasiga hamda ular qaysi neyron mexanizmlar orqali amalga oshishiga eʼtibor qaratsak, Robin Krukning tajribalari sakkizoyoqlar haqidagi barcha savollarga javob beradi, chunki sakkizoyoqning “qoʻli” sirka kislotasi tufayli shikastlanganda uning markaziy nerv tizimidagi neyronlar qoʻzgʻalgan, kislota taʼsiri his qilingan joy va sharoitdan qochish yuzaga kelgan va sakkizoyoq tumshugʻi bilan terisini yulib olishga harakat qilishiga sabab boʻlgan “his” uzoq davom etgani kuzatilgan.


Sezgirligi sakkizoyoqnikiga teng keladigan boshqa umurtqasizlar ham bormi? Katta ehtimol bilan — ha. Ammo ularning ogʻriqni his qila olish qobiliyatini ham uzoq vaqt tekshirishadi, oʻlchashadi va muhokama qilishadi. Ogʻriqning qiyosiy tadqiqotlari — yangi soha, unda hali deyarli hech nima aniq oʻrnatilmagan. Ammo u shunisi bilan ham qiziqroq.


Muallif: Aleksandr Yershov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Боль головоногая. Страдают ли осьминоги от уколов, кислоты и нагрева? И зачем нам знать ответ на этот вопрос?” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus.ru