Yer yaqinidagi asteroid “Sentavr” deb ataluvchi tezlanish bloki ekani ma’lum bo‘ldi

U “Lyusi” stansiyasini uchirishda ishlatilgan. Yer yonidan yaqindagina uchib oʻtgan 2022 UQ1 asteroidining orbital koʻrsatkichlari tahlili uning yerga yaqin asteroidlar toifasidan chiqarilishiga sabab boʻldi. Bu “Lyusi” stansiyasini koinotga olib chiqqan “Sentavr”ning tezlanish blogi boʻlib chiqdi, deb xabar berdi astronom Jonatan Makdauel Twitterʼdagi sahifasida.


2022 UQ1 2022-yil 16-oktabrda sayyoramizdan 2,7 ming kilometr boʻlgan yaqin masofada uchib oʻtib, ikki kundan keyin Atlas yerusti teleskopi tomonidan qayd etildi. Uning orbitasi koʻrsatkichlari aniqlanganidan soʻng asteroid dastlab Atonlar oilasiga kiritildi va uning kattaligi oʻn metr deb baholandi.


Biroq keyinchalik astronomlar Bill Grey va David Farnokkya 2022 UQ1 sayyoramiz atrofida gravitatsion manyovrni amalga oshirgan “Lyusi” sayyoralararo stansiyasi bilan bir vaqtning oʻzida yerga yaqinlashganini payqadi. Bundan tashqari, u stansiya kosmosga uchirilgan kuni Yerga yaqin boʻlgan. 2022 UQ1 orbital parametrlarining batafsil tahlili uning asteroidlar safidan va Kichik sayyoralar markazi katalogidan chiqarilishiga olib keldi.


@tony873004 / Twitter

Tadqiqotchilar 2022 UQ1 aslida “Lyusi”ni koinotga olib chiqqan Atlas V 401 uchiruvchi raketasining ishlatilib boʻlingan “Sentavr” tezlanish bloki degan xulosaga keldi. Stansiyaning oʻzi Yupiterning troyan asteroidlari tomon yoʻl olmoqda.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Околоземный астероид оказался разгонным блоком «Центавр»” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Wikimedia Commons