O’zbekistonda kimlar majburiy emlanishi shart bo’ladi?
Respublika maxsus komissiyasining yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlashda ko‘rilayotgan choralarni muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimizdagi epidemiologik holat hududlar kesimida tahlil qilindi. Kasallikning keng tarqalishini oldini olish maqsadida fuqarolarni karantin qoidalariga rioya qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda aytilganidek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to‘lqinlarini oldini olish ommaviy vaksinasiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu munosabat bilan so‘nggi vaqtda dunyo miqyosida koronavirusga qarshi majburiy vaksinasiya amaliyoti keng joriy etilmoqda.
Yurtimiz qonunchiligida ham “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi atrofdagilar uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi xavfi bo‘lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar chiqarish vakolatiga egaligi ko‘zda tutilgan.
Ushbu qonunning 30-moddasida sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar majmuiga profilaktik emlashlar o‘tkazish ham kiritilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyevning “O‘zbekiston Respublikasi aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2015 yil 15 martda tasdiqlangan 0239-07-sonli “Yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi” sanitariya qoidalari va normalaridagi epidemiologik ko‘rsatma asosida emlash jadvaliga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tartibi yuzasidan qo‘shimcha kiritildi.
❗️Unga asosan:
📌 2021 yil 1 sentyabrgacha 18 yoshdan katta bo‘lgan quyidagi toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infeksiyasiga qarshi 1-doza vaksinalari;
📌1 oktyabrgacha 2-doza vaksinalari;
📌1 noyabrgacha 3-doza vaksinalari bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilandi.
Majburiy emlanish shart bo’lgan aholi qatlamlari
▶️ aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining (davlat xizmatlari markazlari, pochta bo‘linmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug‘urta kompaniyalari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalarning) xodimlari;
▶️ barcha turdagi savdo ob’ektlarining (oziq-ovqat, xo‘jalik mollari, kiyim-kechak do‘konlarining, dorixonalarning va boshqalarning) xodimlari;
▶️ sport maktablarining hamda sport inshootlarining xodimlari;
▶️ madaniy hamda ko‘ngilochar ob’ektlarning va dam olish maskanlarining xodimlari;
▶️ mehmonxonalarning, uy mehmonxonalarining, xostellarning, otellarning, yotoqxonalarning va kempinglarning ishchi-xodimlari;
▶️ yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning xodimlari;
▶️ davlat va nodavlat ta’lim muassasalarining xodimlari;
▶️ harbiy xizmatchilar;
▶️ umumiy ovqatlanish korxonalarining, xususan, jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish shoxobchalarining, choyxonalar, to‘yxonalar, kafelar va restoranlarning xodimlari, shu jumladan, mahsulotlarni yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar;
▶️ barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy ob’ektlarning xodimlari;
▶️ kommunal xizmat sohasi xodimlari;
▶️ aloqa va telekommunikasiya ob’ektlarining xodimlari;
▶️ davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari;
▶️ huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari.