1. Elektr toki nima? Katta sharlar kiydirilgan ikkita elektrometr olamiz. Chap tomondagi sharni elektrlangan tayoqcha yordamida elektrlaymiz (31- a rasm). Elektrometr sharning elektrlanganini ko’rsatadi. O’rtasiga neon lampacha ulangan o’tkazgichning izolyatsiyalangan tutqichidan ushlab, elektrlangan sharni elektrlanmagan shar bilan tutashtiramiz. Lampacha bir zum yonib-o’chadi. Chapdagi shar o’z zaryadining bir qismini yo’qotadi, o’ngdagi shar esa shuncha zaryadga ega bo’ladi (31- b rasm).

Tajribada nima hodisa ro’y berganini o’ylab ko’raylik. Bir shardagi zaryad kamaygani va ikkinchisidagi zaryad ortgani sharlarni tutashtirgan o’tkazgich bo’ylab elektr zaryadlar o’tganini bildiradi. Zaryadlar lampa orqali o’tayotgan paytda u yondi. Elektr zaryadlarning o’tkazgich bo’ylab tartibli harakati elektr toki deb ataladi.
O’tkazilgan tajribada tutashtiruvchi o’tkazgich va neon lampacha orqali o’tgan tok juda qisqa vaqt davom etdi: lampacha charaqlab yondi-yu, o’chdi.
O’tkazgichdan uzoq vaqt o’tadigan tokni qanday olish mumkin? Buning uchun sharlardan (yoki o’tkazgichning uchlaridan) chiqib ketayotgan zaryadlar o’rnini uzluksiz to’ldirib turish zarur. Buning uchun tok manbalari deb ataluvchi maxsus asboblar o’ylab topilgan. Eng sodda tok manbai sizga tanish bo’lgan elektrofor mashinasi bo’lishi mumkin. Uning disklari aylantirilganda zaryadlarning uzluksiz ajralishi ro’y beradi.
O’tkazgich va neon lampachani elektrofor mashinasining sharchalari bilan tutashtirib, mashina disklarini aylantiramiz (32-rasm). Bunda mashinaning disklari aylanishdan to’xtamaguncha lampacha uzluksiz yonib turadi.


2. Nima uchun zaryadlar o’tkazgich bo’ylab harakatlanadi? Zaryadlarni o’tkazgich bo’ylab harakatlanishga nima majbur qiladi? Javob faqat bitta bo’lishi mumkin: elektr maydon. Haqiqatan ham, tok manbai ishlayotganda uning sharlari (ularni qutblar deyiladi) orasida elektr maydon vujudga keladi (33- rasm). O’tkazgichni manbaga ulaganda maydon o’tkazgichga kirib, elektr zaryadlarni o’tkazgich bo’ylab bir qutbdan boshqasiga harakatlanishga majbur qiladi.
