Fiji Respublikasi
Maydoni: 18 274 kv.km.
Aholisi: 850 000 dan ortiq.
Poytaxti: Suva shahri.
Boshqaruv shakli: respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 4 ta okrug va bir boʻysunuvchi hududga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Suva, Nandi, Lautoka.
Pul birligi: fiji dollari.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Tinch ummonining janubiy qismida, Fiji toʻporollarida joylashgan. Respublika tarkibiga 332 ta orol kiradi, ularning uchdan biridagina odam yashaydi, xolos. Eng katta orollari Viti Levu va Vanua Levu. Viti Levu oroli mamlakat aholisining yetmish foizini oʻz bagʻriga olgan.
Iqlimi – tropik. Togʻli orollar yogʻin miqdori koʻpligi bilan ajralib turadi. Poytaxt Suva joylashgan Viti Levu oroliga yiliga 3000 mm dan 5000 mm gacha yogʻin tushadi.
Kunlik oʻrtacha harorat mavsumga qarab oʻzgaradi. Qurgʻoqchilik mavsumida u 23-25 daraja atrofida, yogʻingarchilik mavsumida esa 26-27 daraja atrofida boʻladi. Eng sovuq va eng issiq harorat orasidagi farq 3-4 daraja, xolos. Sohilboʻyi hududlarida kechqurun harorat 18 darajagacha tushadi, kunduzlari esa 32 darajagacha koʻtariladi.
Mamlakat hududida 2600 ga yaqin turdagi oʻsimlik bor. Ularning 1600 ga yaqini mahalliy, qolgan 1000 ga yaqin xildagi oʻsimlik koʻpaytirilgan.
Hayvonot olami nisbatan qashshoq. Jonivorlarning koʻpi boshqa yerlardan olib kelingan. Hasharotlarning turi koʻp. Turli hisob-kitoblarga koʻra, toʻporol hududida 3500 ga yaqin turdagi hasharot bor.
Tarixiy sanalari. Fiji orollarida dastlabki manzilgohlar miloddan oldingi II mingyillik oʻrtalarida paydo boʻlgan. Orollarga yevropaliklardan birinchi boʻlib gollandiyalik Abel Tasman 1643 yili va ingliz Jeyms Kuk 1774 yili borgan. 1874 yili Buyuk Britaniya Fijini mustamlakaga aylantirdi. 1879 yildan mustamlakachilar shakarqamish dalalarida ishlatish uchun Hindistondan ishchilar olib kela boshladi. 1959 yili Fijida milliy ozodlik harakati boshlandi. 1970 yil 10 oktyabrda Buyuk Britaniya mamlakatga mustaqillik berishga majbur boʻldi, ammo u tayinlaydigan general-gubernator hokimiyati saqlanib qoldi. 1987 yil 25 sentyabrda Sitiveni Rabuka boshchiligida harbiy toʻntarish sodir boʻldi, 6 oktyabrda general-gubernator lavozimi tugatildi va Fiji respublika deb eʼlon qilindi. Mamlakat 1990 – 1998 yillarda Fiji Suveren Demokratik Respublikasi, 1998 – 2010 yillarda Fiji Orollari Respublikasi deb ataldi.
Fiji 1970 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Milliy bayrami – 10 oktyabr – Mustaqillik kuni.
Iqtisodi. Fiji Tinch ummonidagi orol-mamlakatlar ichida eng taraqqiy etganidir. U oʻrmonlar, minerallar va baliq resurslariga boy. Biroq shunday boʻlishiga qaramay, 2000 – 2009 yillarda iqtisodiy oʻsish oʻrtacha 0,9 foizni tashkil etdi, xolos. 2010 yili bu koʻrsatkich 0,1 foizga tushib ketdi. Bunga mamlakatdagi beqaror siyosiy vaziyat sabab. Tashqi sarmoyadorlarda mamlakatga qiziqish kamayishi va malakali mutaxassislarning chetga chiqib ketishi Fiji iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi.
2010 yilgi maʼlumotlarga koʻra, yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi 16,1 foiz, ishlab chiqarish 24,4 foiz, xizmatlar sohasi 59,5 foiz ulushga ega. Xorijiy valyuta asosan sayyohlik sohasi va shakar sotishdan keladi.
Aholisi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, mamlakat aholisining 57,2 foizi mahalliy fijiliklar, 37,5 foizi hind-fijilardan iborat. Shuningdek, orollarda rotuma vaa xitoy millatiga mansublar, Tinch ummonidagi boshqa orollardan koʻchib kelganlar, duragaylar ham yashaydi.
Rasmiy tillari – ingliz va fiji tillari. Hindlar orasida hind tilining hindustani lahjasi yoyilgan.
Dini. Aholining 64,5 foizi nasroniylar. Hinduiylar 27,9 foizni tashkil etadi. Islom eʼtiqod qiluvchilari soni boʻyicha uchinchi oʻrinda – 7 foiz aholi (62 500 dan ortiq kishi) musulmonlardan iborat. Ularning koʻpchiligi – sunniylar.
Mamlakatga Islom dini XIX asrdan yoyila boshlagan. Ilk musulmonlar bu yerga 1879 yili kelgan. Ular hindistonlik mehnat muhojirlari edi. 1879 – 1916 yillar orasida Mehnatkash-ishchilar dasturi boʻyicha Fijiga Hindistondan 60 500 dan ortiq ishchi keltirilgan. Ularning aksariyati musulmonlar edi.
1900 yili “Fiji shakar kompaniyasi” homiyligida mamlakatdagi ilk masjid qurildi. 1915 yili Fiji musulmonlarining birinchi qurultoylari oʻtkazildi. 1919 yili poytaxt Suva shahrida musulmonlar uyushmasi tuzildi. 1926 yilning 31 oktyabrida esa Fiji musulmonlari idorasi tashkil etildi.
oriftolib.uz
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 12-sonida chop etilgan.