Malinani xush ko‘rmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Mevalaridan tayyorlangan ichimliklar va malina choyi o‘zining xushxo‘rligi hamda shifobaxshligi bilan ajralib turadi. Uning tarkibida organik kislotalar, efir moyi, V, R, S vitaminlari, karotin, qand, kaliy tuzlari, pektin, shilliq, bo‘yoqlar, to‘yintiruvchi moddalar mavjud.
Ibn Sino shamollagan, gripp bilan kasallangan bemorlarga isitma tushiruvchi vosita sifatida malinaning mevasi, barglari va gullaridan damlama tayyorlab ichishni tavsiya etgan.
Xalq tabobatida malina ishtaha ochuvchi, ovqat hazm qiluvchi, terlatuvchi, ichki va tashqi qonni to‘xtatuvchi, o‘pka shamollaganda balg‘am ko‘chiruvchi, isitma tushiruvchi omil sifatida qo‘llaniladi. Yangi uzilgan malina mevasini muzlatilgan holda ham saqlasa bo‘ladi. Undan qiyom, murabbo, jele, marmelad, sharbat tayyorlab, istalgan vaqtda iste’mol qilish mumkin. Barglarini choy o‘rnida damlab ichish tanga rohat bag‘ishlaydi.
Husnbuzar, qizamiq, ekzema va turli toshmalarda, teri kasalliklarida malinadan tashqi va ichki muolaja qilish lozim. 1 stakan qaynagan suvga 10 gramm maydalangan malina barglaridan solib, 0,5 soatga tindirib qo‘yiladi. Ushbu damlamani ichish yoki paxtani shimdirib, kasallangan joyga qo‘yish mumkin.
Malina barglaridan tayyorlangan choy vitaminga boydir. Bo‘g‘in va buyrak kasalliklarida, shuningdek, allergiyasi borlarga malina mevasidan iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Manba: «Do’stlik bayrogi» gazetasi