Atirgulim, atringni soch!

Tabiat ne’matlaridan go’zallik vositalari tayyorlanishi sir emas. Jumladan, atirgul ekstrakti yoki moyidan ham turfa krem, gel, tuz va yuvinish vositalari ishlab chiqariladi. Atirgul yaproqlari to’ldirilgan suv tanga mayinlik baxsh etadi. Mashhur yulduzlar Jennifer Lopes va Selena Gomes ham atirgul muolajasiga ko’p murojaat etishadi. Agar bog’ingizda atirgul bo’lsa, siz ham undan unumli foydalanishingiz mumkin.


Tarkibi


Sovg’a sifatida taqdim etiladigan qirmizi atirgullar nafaqat tashqi ko’rinishi, balki foydali jihatlari bilan ham ajralib turadi. Uning tarkibida S, V, K vitaminlari, karotin, kaliy, kaltsiy, asal, yod, temir, magniy va selen mavjud. Shuningdek, unda bakteriyalarga qarshi kurashuvchanlik xususiyati yuqori.


Yuzni tinchlantiruvchi niqob


Atirgul yaproqlarini issiq suvda yarim-bir soatcha tindirib qo’ying. So’ng unga ikki qoshiq kartoshka kraxmali qo’shib aralashtiring. Aralashmani yuzda 15 daqiqa ushlab, yuvib tashlang. Kraxmal yuzni namlantiradi, atirgul esa qon aylanishini yaxshilab, teriga musaffolik bag’ishlaydi. Yuz yuvilgach, buni darhol payqaysiz.


Yuz terisini tiniqlashtiruvchi niqob


Ikki butoq atirgul, yarim stakan spirt, bir osh qoshiq suyuq asal, bitta tuxum oling. Atirgul yaproqlarini spirtga bo’ktirib, qorong’i joyda ikki kun saqlang. Damlamadan 5-7 tomchi olib, asal va tuxum sarig’ini qo’shing. Massani aralashtirib, yuzga 20 daqiqaga surting va issiq suvda chaying. Muolajani haftada ikki-uch marta takrorlang.


Atirgulli choy


Atirgulli choy immunitetni oshiradi, endokrin tizimga ijobiy ta’sir etib, kayfiyatni ko’taradi, horg’inlikda kuch bo’ladi. Atirgul hozirda tibbiyotda yuqori nafas yo’llari, oshqozon-ichak yo’llarini davolashda qo’llaniladi.


Tayyorlanishi: Ikki osh qoshiq atirgul yaproqlariga bir stakan qaynoq suv quyiladi va 10 daqiqa qaynatiladi. Yana bir retsept: 30 g atirgul yaproqlari va 20 g na’matakka bir stakan qaynagan suv quyib, 10 daqiqa tindiring. So’ng bir choy qoshiq vanilin upasi qo’shing.


Aromaterapiya


Butun badanni oziqlantirish uchun atirgulli vannaga murojaat etishingiz mumkin. U asablarni tinchlantiradi, xavotirni kamaytiradi, uyqusizlikda foyda qiladi.


Atirgul yaproqlari qaynatib ichilsa, charchoqni bosadi.


Bronxit, angina, tomoq og’rig’ida: 3 osh qoshiq maydalangan atirgul yaproqlari  400 ml suvda qaynatiladi. 14 soat tindiriladi. Har kun ikki hafta davomida yarim stakandan ovqatdan oldin ichiladi (har safar yangi damlama).