Aziz bekajonlar, doim bahor gullaridek go’zal va betakror bo’lib yurishni istasangiz, sahifamizda berilgan yuz terisi niqoblaridan muntazam ravishda foydalanishga harakat qiling. Uy sharoitida tayyorlangan bir martalik niqoblar tarkibida konservantlar bo’lmaganligi tufayli har doim eng foydali va albatta, samarali hisoblanib kelgan. Yangi, tabiiy niqoblar terini tozalab, oziqlantiradi, namlantirib, taranglashtiradi va yuz terisi rangini tiniqlashtiradi.
Bodringli niqoblar yuz terisini mayinlashtirib, namlantiradi va ajinlarni tekislaydi. Shuningdek, so’lg’inlikni bartaraf etib, terini taranglashtiradi.
Yuz teringiz quruq bo’lsa, 1 osh qoshiq qirg’ichdan o’tkazilgan bodringni 1 osh qoshiq smetana bilan aralashtiring. Niqobni qalin qilib surib, 20 daqiqadan so’ng iliq suvga namlangan paxta bilan artib oling.
Yuz teringiz rangi chiroyli bo’lishi uchun o’rtacha kattalikdagi bodringni qirg’ichdan o’tkazib, unga 2 osh qoshiq tvorog, 1 osh qoshiq sut, 1 choy qoshiq zaytun yog’i, 1/4 choy qoshiq mayda osh tuzi aralashtirib niqob tayyorlang.
Yog’li yuz terisi uchun: 1 dona yangi uzilgan bodringni qirg’ichdan o’tkazib, 1 osh qoshiq oq gil bilan aralashtiring. Niqob quyuq smetana holatiga kelgunicha mineralli suv qo’shing. Niqobni yuzingizga cho’tka yordamida teri chiziqlari bo’ylab suring va 15-20 daqiqadan keyin sovuq suvda yuvib tashlang. Yoki 1 dona tuxum oqini ko’pirtirib, 2 osh qoshiq qirg’ichdan o’tkazilgan bodring bilan yaxshilab aralashtiring. Niqobni yuzingizga surib, 15-20 daqiqadan so’ng sovuq suvda yuving.
Yuz terisidagi so’lg’inlikni yo’qotish uchun: 1 ta bodringni qirg’ichdan o’tkazib, 1 osh qoshiq suyuq asal bilan aralashtiring. Niqobni surib, 10-15 daqiqadan so’ng sovuq suvda yuving.
Xom yoki qaynatilgan kartoshkali niqoblar horg’inlik alomatlari bilan kurashib, ajinlarni tekislaydi, terini mayin qiladi.
Yuz terisi tiniqlashishi uchun: o’rtacha kattalikdagi kartoshkani po’sti bilan qaynating. Pishgach, issiqligicha tozalab, sanchqi bilan maydalang va pyure holatiga kelgunicha iliq sut aralashtiring. Pyure-niqobni yuzingizga surib, 20-25 daqiqadan so’ng sovuqroq suvda chaying.
Quruq va so’lg’in yuz terisi uchun: 1 dona kartoshkani archib, qirg’ichdan o’tkazing. Massani doka ustiga joylab, shu holicha yuzingizga qo’ying. 15-20 daqiqadan keyin sovuq suvda yuving.
Pomidorli niqoblar yuz terisini taranglashtirib, tetiklantiradi va rangini tiniqlashtiradi.
Yuz teringiz yog’li bo’lsa, 1 ta pomidorni (blenderda) pyure holatiga keltirib, 1 osh qoshiq suli yoki guruch uni va 1 choy qoshiq yangi siqilgan limon sharbati bilan yaxshilab aralashtiring, niqobni cho’tka yordamida surib, 15 daqiqadan so’ng sovuq suvda yuving.
Namlantiruvchi niqob: o’rtacha kattalikdagi pomidorni blenderda maydalab, 1 osh qoshiq sut, 1 osh qoshiq yangi tvorog va bir chimdim mayda osh tuzi bilan aralashtiring. Niqobni yuzingizga surib, 15-20 daqiqadan keyin sovuq suvda chayib oling.
Latofatli opa-singillar, dugonajonlar, kutgan natijangizga chindan-da erishishni istasangiz, niqobli muolajalarni kamida 2 oy davomida haftada bir necha marta muntazam va albatta qo’llanmada yozilganidek amalga oshiring.