Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi





Uyda yakka tartibda ta’lim olish jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj va tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra doimiy yoki vaqtincha umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari va jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar)ga qatnay olmaydigan bolalar uchun tashkil etiladi.




O‘quvchilarning ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida maktabning tegishli sinfida o‘qiyotgan bolalardan 2 yoshga oshgan o‘quvchilarni ham ushbu sinfda uyda yakka tartibda ta’lim olishga jalb qilishga ruxsat etiladi.




Maktab direktorlari maktab joylashgan hududda yashaydigan o‘quvchilarni aniqlaydilar, ro‘yxatga oladilar hamda ularni uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun jalb qilish choralarini ko‘radilar.

O‘quvchining uyda yakka tartibda ta’lim olishini belgilash uning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasiga asosan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.




Tibbiy ko‘rik tibbiy-maslahat komissiyasiga murojaat qilingan kundan boshlab 3 kun ichida o‘tkaziladi.




Tibbiy xulosa 6 oy muddatga yoxud to‘liq o‘quv yiliga beriladi hamda tibbiy-maslahat komissiyasining raisi, a’zolari va uning ishiga jalb qilingan boshqa mutaxassislar tomonidan imzolanib, davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.




Ota-onalar farzandlarining uyda yakka tartibda ta’lim olishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi ariza bilan maktab direktori nomiga murojaat qiladilar.




Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
o‘quvchining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;
o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli (ta’lim olgan bo‘lsa);
tibbiy-maslahat komissiyasining tibbiy xulosasi.




O‘quv rejasidagi haftalik soatlar miqdori 1 — 4-sinflar uchun 8 soat, 5 — 9-sinflar uchun 10 soatni, 10-11-sinflar uchun 12 soatni tashkil qiladi.




Dars mashg‘ulotlarining o‘qituvchilar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli olib borilishi hamda o‘quv dasturlarining to‘liq bajarilishi maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan nazorat qilinadi.



Uyda yakka tartibda ta’lim olish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar RO‘YXATI.