2000-yil 1 yanvardan boshlab, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar — pudratchilar davlat byudjeti mablag‘lari va Hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanayotgan ob’ektlarni qurish uchun pudrat shartnomalarini tuzishda Nizomga muvofiq tavakkalchiliklarni majburiy sug‘urta qiladilar. Qurilish pudrati shartnomalari bo‘yicha mablag‘ bilan ta’minlash faqat shartnomalar sug‘urta polislari mavjud bo‘lgan taqdirda boshlanadi.
Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, mashinalar, ularga ehtiyot qismlar, materiallar va qurilish maydonida bo‘lgan hamda sug‘urta shartnomasida qayd etilgan qurilish va montaj buyumini o‘zida ifodalaydigan boshqa mol-mulk, shuningdek qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda uchinchi shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga zarar etkazilganligi uchun sug‘urtalanuvchining javobgarligi sug‘urta qilish ob’ektlari hisoblanadi.
Sug‘urta qilish tavakkalchiliklarning quyidagi guruhlari qoplanishini ta’minlaydi:
yong‘in, chaqmoq, portlash, uchuvchi apparatlarning qulashi, o‘z-o‘zidan yonish;
o‘g‘irlik va uchinchi shaxslarning qasddan sodir etgan harakatlari;
suv toshqini va suv bosishi, quvurlarning yorilishi;
bo‘ron, dovul;
zilzila, sel, ko‘chki, tuproqning cho‘kishi, o‘pirilish, qulash;
qisqa tutashuv, ortiqcha kuchlanish, elektr yoylari;
mashina va mexanizmlar, qurilish materiallari va konstruktsiyalarning qulab tushishi;
nuqsonli materiallar va konstruktsiyalarni ongsiz ravishda qo‘llashdan ko‘rilgan zarar;
qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda uchinchi shaxslar oldida fuqarolik javobgarligi paydo bo‘lishi.
Polisning yoki tavakkalchiliklarni sug‘urta qilish shartnomasining amal qilish muddati sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra qurilish pudrati shartnomasining muddatiga muvofiq belgilanadi. Ob’ektni foydalanishga topshirish muddati uzaytirilgan taqdirda, polis tomonlarning qo‘shimcha kelishuviga ko‘ra belgilanadigan qo‘shimcha sug‘urta to‘lovi to‘lanishi sharti bilan amal qilishda davom etadi.
Sug‘urtalovchining javobgarligi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta puli bilan cheklanadi. Qurilayotgan ob’ekt to‘liq qiymatining 80 foizidan ortiq bo‘lmagan qismi yoki ilgari bajarilgan ishlar hajmi, shu jumladan materiallar qiymati hisobga olingan holda rejalashtirilayotgan yilda barpo etilayotgan ob’ekt qiymatining bir qismi tomonlarning kelishuviga ko‘ra sug‘urta puli bo‘lishi mumkin.
Nizomga muvofiq tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha quyidagilar natijasida bevosita yoki bilvosita paydo bo‘ladigan zararlar qoplanmaydi.
Sug‘urtalovchi shuningdek ob’ektlar qurilishida foydalaniladigan nuqsonli materiallar, buyumlar yoki ularning qismlari almashtirilishi, tuzatilishi yoki sozlanishi qiymatini, shuningdek ishlarni amalga oshirishdagi xatolar qiymatini ham to‘lamaydi. Ushbu istisno daxl qilingan nuqsonli materiallar va buyumlar bilangina bevosita cheklanib qoladi, ammo materiallar yoki ishlardagi bunday nuqsonlar natijasida to‘g‘ri qurilgan ob’ektlar va buyumlarga etkazilgan zarar qoplanishini istisno qilmaydi.
Quyidagilar sug‘urta bilan qoplanmaydi:
yonilg‘i-moylash materiallari;
kimyoviy moddalar;
sovutish suyuqliklari va boshqa yordamchi materiallar;
sug‘urta qilingan ob’ekt tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (sug‘urtalangan tavakkalchiliklar uchun zarur bo‘lgan qurilish ob’ektlaridan tashqari);
qimmatbaho metallar, toshlar, san’at asarlari;
hujjatlar va qimmatli qog‘ozlarning nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi, shuningdek faqat xatlov paytida aniqlangan zarar;
boy berilgan foyda yoki shartnomaviy jarimalar singari biror-bir bilvosita zarar.
Sug‘urtalanuvchi mazkur mol-mulk bo‘yicha boshqa sug‘urta tashkilotlari bilan tuzilgan barcha sug‘urta shartnomalari to‘g‘risida sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Sug‘urta tovoni to‘langandan keyin sug‘urtalanuvchi yoki sug‘urta shartnomasi uning foydasiga tuzilgan shaxs etkazilgan zarar uchun javobgar shaxslarga nisbatan zararni to‘latishni talab qilish huquqi, to‘langan summa doirasida, sug‘urtalovchiga o‘tadi. Sug‘urtalanuvchi barcha hujjatlarni sug‘urtalovchiga berishga va aybdor shaxsga nisbatan talab qilish huquqini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha xatti-harakatlarni qilishga majbur.