Tahajjud namozi qachon oʼqiladi?

Savol: Tahajjud namozi qachon va qanday oʼqiladi? Аgar toʼrt rakaat oʼqilsa tashahhutda faqat tahiyyot oʼqiladimi yoki solli-borik duolar ham oʼqiladimi?


Javob: Xufton namozidan keyin bir muddat uxlab turib oʼqilgan har qanday tungi namozga “tahajjud namozi” deyiladi. Chunki Tahajjud – kechasi uyqudan namoz uchun turish degani. Subh sodiq, yaʼni tong shafaqlari birlashishdan avvalgi oʼqilgan namozlar tahajjud namoziga kiradi. Undan keyin bamdod namozini vaqti kiradi.


Isro surasining 79- oyati dalolat qilishicha, tahajjud namozi faqatgina Paygʼambar alayhissalom uchun farz, qolgan moʼminlar uchun esa “sunnati muakkada”, yaʼni Paygʼambar alayhissalom tarafidan qattiq taʼkidlangan sunnat ekani maʼlum boʼladi. Barcha moʼminlarga farz qilingan esa kundalik besh vaqt namozdir va bu narsa oyatlar bilan sobitdir.


Paygʼambarimiz “Farz namozidan keyin eng fazilatli namoz kecha namozidir.” (Muslim Siyam, 202, (1163,) 203) deya mana shu haqiqatga ishorat qilganlar.


Juda ham koʼp fazilatga ega boʼlgan bu namoz, bizdan avvalgi solih qullar ado etib kelgan, Аllohni roziligiga yaqinlashishga vasila boʼlgan, gunohlarni toʼsgan va gunohlarga moneʼ boʼlgan bir ibodatdir. (Qarang: Termiziy, Daavot 115)


Tahajjud namozi ham boshqa nofila/sunnat namozlar bilan bir xil oʼqiladi. Faqat qiroat masalasida ixtiyoriy boʼlib, xohlasa ovozini chiqarib, xohlasa ichida oʼqiydi.


Аgar tahajjud namozini ikki rakaatdan koʼproq oʼqimoqchi boʼlsa, har ikki rakaatda salom berib yangidan namoz boshlashi tavsiya qilinadi. Аgar birdaniga toʼrt rakaat oʼqimoqchi boʼlsa, birinchi tashahhutda faqatgina tahiyyot oʼqiydi, Аllohumma solli duolarini oʼqimaydi.


Tahajjud namozning fazilati haqida bilish uchun quyidagi maqolani oʼqishni tavsiya qilamiz: