Osteoxondroz nima, sabablari, turlari, asoratlari.

Osteoxondroz — bu umurtqalar, ularning tog‘aysimon disklari va boylamlarini degenerativ-distrofik o‘zgarishlari bo‘lib, osteo – suyak, hondrosis – tog‘ay so‘zidan olingan. Uning birinchi belgilari 20-30 yoshda paydo bo‘lishiga qaramasdan, bemorlarning aksariyati mutaxassislarga 40 yoshdan o‘tganda murojaat qilishadi.

Osteoxondroz qanday rivojlanadi (qiziqqanlar uchun ma’lumot).

Inson umurtqasi pog‘onasi 33-35 ta umurtqalar va ular orasidagi elastik disklardan tarkib topgan. Shu disklar xisobiga umurtqalarning xarakatchanligi ta’minlanadi. Xar bir disk fibroz xalqa bilan o‘ralgan dirildoq yadrodan tarkib topib, ustidan gialin tog‘ay bilan qoplangan. Osteoxondrozda umurtqalarda qon aylanishi va moddalar almashinuvi buzilib, disklarning elastikligi, mustaxkamligi kamayib, suvsizlanadi. Umurtqalararo disklarning balandligi kamayib, fibroz xalqaning umurtqaga bo‘lgan zo‘riqishga chidamligi kamayadi. Uning yorilishi yoki bo‘rtib chiqishi natijasida umurtqalararo churra xosil bo‘ladi.

Osteoxondroz sabablari

Odam umurtqa pog‘onasi faol xayot tarziga xisoblangan. Uning meyoridan kam xarakatchanligi xam, ortiqcha zo‘riqishi xam umurtqa pog‘onasidagi muammolarga olib keladi. Quyida osteoxondrozni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablarni sanab o‘tamiz:

• Umurtqaning shikastlanishlari va tug‘ma defektlari;

• Genetik moyillik;

• Moddalar almashinuvini buzilishi, semizlik;

• Infeksion kasalliklar;

• Organizmni keksayishi;

• Sport yoki og‘ir jismoniy mexnat ta’sirida umurtqaning zo‘riqishi;

• Ximik moddalar ta’siri;

• Mexanik ta’sir – vibratsiya (uzoqqa qatnovchi shoferlar va selxoztexnika xaydovchilari);

• Yassioyoqlik;

Osteoxondrozni keltirib chiqaruvchi omillar:

• Noto‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn;

• Kamxarakatchanlik;

• Kompyuter oldida ko‘p o‘tirish yoki mashina xaydash;

• Chekish;

• Sovuq qotish;

• Noqulay, baland poshnali oyoq kiyim kishish;

• Doimiy stresslar.

Osteoxondroz turlari:

1. Bel umurtqasi osteoxondrozi – eng ko‘p tarqalgan kasallik bo‘lib, bel qismiga to‘g‘ri keluvchi og‘ir zo‘riqishlar ta’sirida rivojlanadi. Bel osteoxondrozi skolioz va umurtqalararo churraga olib keladi.

2. Bo‘yin umurtqasi osteoxondrozi – tarqalganligi jixatidan ikkinchi o‘rinda turib, mashina xaydovchilarda va kompyuter oldida o‘tiruvchilarda ko‘p uchraydi. Bo‘yin muskullari ka rivojlanganligi uchun yengil zo‘riqish xam umurtqalarning silishiga olib keladi.

3. Ko‘krak umurtqalari osteoxondrozi – kam uchrab, asosan skolioz xisobiga rivojlanadi. Qiyin tashxislanib, boshqa kasalliklar bilan chalkashtirib yuboriladi.

Osteoxondroz bosqichlari:

1. Birinchi bosqichda disklar mo‘rtlashuvi, balandligini kamayishi, biroz bo‘rtib chiqishi kuzatiladi. Odamlar ertalab bel qismida karaxtlik xis qiladi.

2. Ikkinchi bosqichda – umurtqa diskining fibroz xalqasida defektlar paydo bo‘lib, umurtqalar nostabil bo‘lib qoladi. Og‘riqlar xurujsimon bo‘lib, odam xarakatlana olmay qoladi.

3. Uchinchi bosqichda – fibroz xalqaning yorilishi natijasida dirildoq yadroning orqa miya kanaliga surilishi kuzatiladi va churra xosil bo‘ladi.


Osteoxondroz asoratlari.

Osteoxonroz kasalligini kech tasdiqlash yoki noto‘g‘ri davolash bir qator kasalliklaga olib keladi:

1. Radikulit – quymich nervini shamollashi (ishias);

2. Umurtqalararo diskni protruziyasi (bo‘rtib chiqishi);

3. Umurtqalararo churra va keyincha shol (paralich);

4. Gipertoniya, gipotoniya, vegetativ qon tomir distoniyasi;

5. Qovurg‘alararo nevralgiya;

6. Bepushtlik (ayollarda), impotensiya (erkaklarda);

7. Umurtqa pog‘onasi qon tomirlarini qisilishi natijasida bosh miyani oziqlanishi buzilib, yurak, nafas tizimlari faoliyatini, eshitish, ko‘ruv va koordinatsiyani izdan chiqishi kuzatiladi.

Osteoxondrozning klinik belgilari.

Kasallikning belgilari umurtqa pog‘onasining qaysi qismini va qay darajada zararlanishiga qarab turlicha bo‘ladi. Shu sababli keyingi maqolalarda bular xaqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.


© https://t.me/gepamed_ultra