Bosh miyada nega qon aylanishi buziladi?

yoki insultning sabab va oqibatlari


Bu bosh miyaning yurak qon-tomir kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lgan funksional yoki organik shikastlanishi bo‘lib, kardiotserebral o‘zgarishlar deyiladi. Bosh miya tana vaznining 2 foizini tashkil qilib, organizmga kerak bo‘lgan kislorodning 20 foizini sarf qiladi. Bosh miya po‘stlog‘ining hujayralariga besh daqiqadan ko‘proq qon yetib kelmasa, ular halok bo‘ladi.


Serebrovaskulyar o‘zgarishlar, ya’ni bosh miya xastaliklari ko‘pincha yurak qon-tomir xastaliklari asosida kelib chiqadi. Bunday kasalliklarni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar orasida eng muhimi bu arterial gipertoniya (xafaqon) kasalligidir. Qon bosimi oshishining serebrovaskulyar xastaliklarni kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi ta’siri – bu sistolik va diastolik arterial qon bosimining ko‘tarilishi qanchalik yuqori bo‘lsa, bosh miya insulti kelib chiqish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi. Qon zardobida renin moddasining ko‘payishi, yurak chap qorinchasining miokardi ya’ni, mushaklarining qalinlashishi, bosh miya qon aylanishi yetishmovchiligining boshlang‘ich klinik belgilaridir. Ko‘p yillik tadqiqotlarga asosan arterial gipertoniyada kuzatiladigan xurujlar, qon bosimining tez-tez o‘zgarib turishi, tunda qon bosimi yuqori bo‘lishi yoki uning keskin tushib ketishi ham serebrovaskulyar xastaliklarning tez rivojlanishiga olib keladi.

Serebrovaskulyar o‘zgarishlar ikki xil bo‘ladi. O‘tkir va surunkali serebrovaskulyar o‘zgarishlar. Xastalikning o‘tkir turlariga: bosh miya qon aylanishining o‘tkinchi buzilishi kiradi. Bunda to‘satdan bosh miya qon aylanishi buziladi. Uning belgilari 24 soat davomida qaytadi. Bosh miya insulti – bu holatda bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi o‘ziga xos o‘choqli klinik belgilar bilan tavsiflanadi. Uning belgilari 24 soatdan uzoq vaqt davomida kuzatiladi.

Surunkali serebrovaskulyar xastaliklarga bosh miya qon aylanishi yetishmovchiligining boshlang‘ich belgilari va dissirkulyator ensefalopatiya kiradi.

Bu kasalliklarda bemorlar bosh og‘rishi va aylanishi, shuningdek, unda shovqin kuzatilishi, xotiraning susayishi, ish qobiliyatining pasayishiga shikoyat qiladilar.


Keyinchalik kasallik rivojlanib borishi bilan sub’yektiv shikoyatlar ko‘payib, ob’yektiv nevrologik belgilar ya’ni, oyoq-qo‘llarning uvishishi, quvvatsizlanish, qaltirash, muvozanatning buzilishi, yurganda chayqalib ketish, harakatlarning qiyinlashishi qo‘shiladi. Serebrovaskulyar o‘zgarishlarning kelib chiqishi ko‘p holatlarda yurak xastaliklariga bog‘liq bo‘ladi. Yurak ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, miokard infarktidan keyin va aterosklerozda bosh miya qon-tomir kasalliklari ham tez rivojlanadi. Ayniqsa, yurak qon-tomir xastaliklariga chalingan bemorlarda psixovegetativ o‘zgarishlar ko‘p kuzatiladi. Bu o‘zgarishlar tushkunlik, xavotir, vahima, anozogonoziya, ya’ni o‘z kasalligini e’tiborga olmaslik, qo‘rquv kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bemorlardagi bunday o‘zgarishlarni vaqtida aniqlash maqsadida maxsus tibbiy testlar o‘tkaziladi. Keyin uning natijalarini hisobga olgan holda shifokor muolajalarni boshlaydi.

Yana o‘qing:  Tuz bo‘roni keltirgan talofatlarni ko‘chma laboratoriya nazoratga oladi
Serebrovaskulyar o‘zgarishlarning asosiy sababi arterial gipertoniya, dedik. Lekin faqatgina gipotenziv dori-darmonlar bilan bunday o‘zgarishlarning oldini olib bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda kompleks davolash uslublari qo‘llanilayapti. Masalan, gipotenziv dori vositalari bilan birga refleksoterapiya, psixoterapiya, bosh miya qon aylanishini yaxshilovchi, miya hujayralarini oziqlantiruvchi, qondagi lipidlarning miqdorini kamaytiruvchi preparatlar qo‘llanilmoqda. Yurak qon-tomir xastaliklari sababli kelib chiqqan serebrovaskulyar o‘zgarishlar albatta, asosiy kasallik davolangandan so‘ng bemor oyoqqa turadi.


Nargiza MAHKAMOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi

soglom.uz/salomatlik/bosh-miyada-nega-qon-aylanishi-buziladi/