Hozirgi kunda migrenni toʼla-toʼkis davolashning iloji yoʼq. Lekin baʼzi bir qoidalarga amal qilib, xurujlarning oldini olish mumkin. Yaʼni:
Stresslarga bardoshli boʼling. Odam emotsional zoʼriqqanida organizmda ogʼriq qoldiruvchi mediatorlar (noradrenalin, serotonin, endogen va opioid peptidlar) miqdori oshadi. Stress oʼtib ketgach esa ularning miqdori keskin kamayadi va migren xurujiga sabab boʼladi. Shu sababli, odam oʼzini stresslarga bardoshli qilib tarbiyalashi lozim. Bu borada psixoterapevt maslahatlari, massaj, ignali refleksoterapiya yordam beradi.
Uyqu-tetiklik rejimini tartibga soling. Migreni bor odamlarga tun yarmidan oshguncha oʼtirib, soʼng quyosh tikkaga kelguncha uxlash mumkin emas. Migren kasalligida odam har kuni 8 soat uxlashi kerak. Soat kechki 11 dan oshmasdan oʼringa yotish lozim. Odatiy kun tartiblarini buzish migren xurujiga yoʼl ochadi. Baʼzi odamlar dam olish kuni oʼrinlaridan ancha kech turadilar va oqibatda bosh ogʼrigʼiga duchor boʼladilar.
Zararli odatlardan voz keching. Qon tomirlarining birdaniga kengayishi natijasida migren xuruji roʼy berishi mumkin.
Unutmaslik kerakki, tamaki chekkanda yoki spirtli ichimliklar ichganda ham ilk daqiqada tomirlar torayadi, keyin esa tezda kengayadi.
Gormonal oʼzgarishlarni farqlab oling. Аgar ayollar migren xurujlari bilan hayz oʼrtasidagi bogʼliqlikni sezgan boʼlsalar, ginekolog shifokorga murojaat etishlari zarur.
Baʼzida organizmdagi gormonal tebranishlarni bir maromga tushiradigan kontratseptiv vositalarni toʼgʼri tanlash xurujlardan xalos qiladi.
Charchoqning oldini oling. Ruhiy yoki jismoniy zoʼriqishlar ham migren xurujini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, bunday odamlarga bir meʼyordagi ish tartibi mos keladi. Navbatli grafik va cheklanmagan ish kuni migren bilan “chiqisha” olmaydi.
Аlohida tavsiyalar. Koʼzni yorqin quyosh nuridan va yonib-oʼchib turgan yogʼdudan himoya qilish lozim. Qishda atrofni qor qoplagan quyosh chiqqan kunlarda ham qoraytirilgan koʼzoynak taqish zarur.
Ziyofatlarda birdaniga koʼp ovqat yeb qoʼyishdan, alkogolli ichimliklarni koʼp isteʼmol qilishdan tiyilish kerak.
Toʼy tantanalardagi, ommaviy tomoshalardagi shovqinli tovushlar, yorugʼlikning tez-tez oʼzgarishi ham asab tizimini taʼsirlantiruvchi omillar hisoblanadi va migreni bor odam ulardan saqlanishi zarur.
Boshqa sharoitga oʼtganda yaxshilab uxlab olish va yangi joyga organizmni koʼniktirish lozim.
Suli, grechixa, yasmiq, uy parrandasi goʼshti, yashil sabzavotlar va koʼk choy migren xurujini kamaytiruvchi gistamin moddasining miqdorini kamaytiradigan vositalardan hisoblanadi.
Migren xuruji paytida faqat qon tomirlarini toraytiradigan dori vositalarni ishlatish kerak. Bosh ogʼrigʼining boshqa turlarida yordam beradigan spazmolitiklardan foydalanish qatʼiyan mumkin emas. Chunki bu ahvolni battar yomonlashtirib bosh ogʼrigʼini kuchaytiradi.